"Qo‘qon-1912" futbolchisi: "Andijon"ga qarshi to‘p surish xayolimga ham kelmagandi"
“Qo‘qon-1912” jamoasi bu turda safarda “Andijon” maydonida muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Ushbu bellashuvda andijonliklarning sobiq futbolchisi Farhod Bekmurodov o‘zining faol harakatlari bilan ajralib turdi. Shu sababli u g‘alaba nimaning evaziga qo‘lga kiritilgan to‘g‘risida sports.uzga shunday dedi:
- Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Uchrashuvda birinchi bo‘lib gol urganimiz bizga ko‘proq yordam berdi, deb o‘ylayman. Bilasiz, Andijonda futbolchi bo‘lib etishdim. Futbolchilik paytimda “Andijon”ga karshi o‘ynash xayolimga ham kelmagan. Chunki bu klubda qolaman, hech qaerga ketmayman, deb o‘ylardim. Lekin taqdir ekan, rizqimizni boshqa joydan terib yuribmiz.
Kubok bahslaridagi omadsizlikdan keyin bizga g‘alaba kerak edi, murabbiylarimiz ham, biz ham tushunib turgan edik, shuning uchun hammamiz harakat qilib, bor kuchimiz bilan o‘ynadik. G‘alabamizga birinchi bo‘limdagi tezkor golimiz va oxirgi daqiqadagi golimiz ham yordam berdi.
“Andijon”ning o‘yini yaxshi. Lekin nimagadir omad etishmayapti. Bungacha ham bo‘lgan o‘yinlarini ko‘rdim. Bu jamoaga befarq emasman. Nasib qilsa, keyingi uchrashuvlarda omadi kelib g‘alaba qozonishadi, degan umiddaman.



Fikrlar