Qo‘qonda oxirgi o‘yin yoxud Superliga chiptasi kimga nasib etadi?

  • 3 dekabr, 2023, 20:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

O‘zbekiston chempionatining joriy yildagisi 1 dekabr kuni nihoyasiga etdi. Biroq hali bu yilgi mavsum to‘liq tugagani yo‘q. Reja bo‘yicha 5 dekabr sanasida ushbu yildagi oxirgi rasmiy o‘yin o‘tkaziladi. Unda “Qo‘qon-1912” hamda “Qizilqum” jamoalari o‘zaro bahs olib boradilar. Bu qanday uchrashuv ekanini yaxshi bilasiz. Superligaga yo‘llanma beruvchi o‘yin. “Qizilqum” 12-o‘rin sohibi, “Qo‘qon-1912” esa pro ligada 3-o‘rin egasi sifatida pley-offda kuch sinashishadi va yutgani 2024 yili Superligada ishtirok etadi. Qo‘qonliklar ushbu bahsgacha dastlabki pley-offda “Mash’al”ni penaltilar seriyasi orqali mag‘lubiyatga uchratdi. Endi esa hal qiluvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, bu yilgi mavsumdagi haqiqiy finalga xos uchrashuvda maydonga tushishadi.

“Qizilqum” ham mazkur pley-off o‘yinidan qochish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri jon saqlab qolish ilinjida rosa ter to‘kdi-yu, baribir yakunda 12-o‘rin navoiyliklarga nasib qildi. Bu oxirgi turda emas, undan avvalgi turda hal bo‘lib ulgurgandi. Shu sababli “Qo‘qon-1912” ham, “Qizilqum” ham bir-birini kuzatish va o‘rganish uchun etarli vaqt bo‘ldi. Superliganing oxirgi turida “Qizilqum” Navoiyda “Turon”ni qabul qildi. Bu o‘yin ikkala klubga ham hech nima bermasdi. “Turon” ligani tark etib ulgurgandi, “Qizilqum” yutgan taqdirda ham 12-o‘rindan qochib qutula olmasdi. Navoiyliklar ustozi Jamshid Saidov Sports.uz saytiga bergan intervyusida “Turon”ga qarshi bahs u qadar ahamiyatli emasligini, asosiy e’tiborni “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvga qaratganini aytgandi. “Turon” bilan bahsda u asosan ikkinchi tarkibni maydonga tushirgan holda etakchilariga muhim bahs oldidan dam berishga qaror qildi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, Saidov asosiy e’tiborini bo‘lajak raqibga qaratgan.

qizilqum2_1

Aslida “Qo‘qon-1912”da pley-offni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga qaytish imkoniyati mavjud edi. Lekin “Xorazm” va “Dinamo”ga qarshi bellashuvlarda durang o‘ynab qo‘ygani uchun pley-offda qolib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, Muhsin Nizomiddinov boshqaruvidagi klubda imkoniyat hamon saqlanib turibdi. Endi bitta o‘yin hammasini hal qiladi. Bu safar durang bo‘lmaydi, kimdir yutishi shubhasiz va majbur. Bitta uchrashuvda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ikkala klub bo‘lajak o‘yinga juda jiddiy tayyorlanishmoqda.

O‘yinning Qo‘qonda o‘tkazilishi va muxlislari qarshisida bo‘lishi mezbonlarga qo‘shimcha ustunlik berishi mumkin. Biroq “Qizilqum” Superliga vakili va ularga tajribasi qo‘l kelishini ko‘pchilik taxmin qilmoqda. Shunga qaramay, bitta o‘yinda istalgan natija yuz berishi tabiiy.

qo‘qon stadion_1

Bu klublar oxirgi bor o‘tgan yili Superligada kuch sinashishgan. Qo‘qondagi bellashuvda 1:3 hisobida “Qizilqum”ning qo‘li baland kelgan. Navoiyda esa tomonlar 1:1 natijasiga rozi bo‘lishgan. Umumiy hisobda jamoalar chempionatda o‘zaro 24 marotaba to‘qnash kelishgan. “Qo‘qon-1912” hisobida 7 ta, “Qizilqum”da 13 ta g‘alaba bor. 4 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 27\41 navoiyliklar foydasiga. Shu kungacha “Qizilqum” Qo‘qonda maydonida 6 ta g‘alaba va 1 ta durang qayd etgan.

“Qo‘qon-1912”da Superligaga qaytish ishtiyoqi baland. Ular bor e’tiborini 5 dekabr kuni bo‘ladigan o‘yinga qaratgan. Chunki qo‘qonliklar Superligadan faqat bitta o‘yin ajratib turganini yaxshi tushunib turishibdi. O‘rtaga Superliga chiptasi tikilgan uchrashuvda sizningcha kim g‘alaba qozonadi? Darvoqe, Qo‘qonda VARdan foydalaniladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Arslan
05/12/2023 00:24
Купон ютиши шарт
&
Arslan
05/12/2023 00:25
КУКОН ЮТИШИ ШАРТ