Rafinya futbolchilik faoliyatini yakunladi!
"Barselona", "Inter" va PSJ klublarining sobiq futbolchisi Rafinya Alkantara professional futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
— Maydondan tashqarida o‘tgan ma’lum vaqt va uzoq tiklanish jarayonidan so‘ng muhim qarorni ma’lum qilish payti keldi. Men faoliyatimni yakunlashga qaror qildim.
Bir yildan ortiq vaqt avval olgan tizza jarohatim, afsuski, yana eng yuqori darajada o‘ynashimga imkon bermayapti. Buni qabul qilish oson bo‘lmadi. Futbol o‘zimni bilganimdan beri hayotimning bir qismi bo‘lib kelgan. Endi esa unga avvalgidek to‘liq bag‘ishlana olmasligimni tushundim.
So‘nggi 20 yil davomida futbol kundalik hayotim, meni olg‘a etaklovchi kuch bo‘ldi. Bugun esa yangi bosqich boshlanyapti — raqobat hayajonisiz, ammo tabassum qilish uchun sabablarga boy. Har doim yonimda bo‘lgan oilamga rahmat. Barcha muhabbat va qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorman. Meni shu insonga aylantirgani uchun futbolga rahmat. Yana ko‘rishguncha, — dedi Rafinya ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan video murojaatida.
Rafinya Alkantara "Barselona" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Kataloniya klubi safida u uch marta Ispaniya chempioni bo‘lgan va 2014/15 yilgi mavsumda Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgan. Faoliyati davomida u "Selta", PSJ, "Inter" va "Real Sosedad" jamoalarida ham to‘p surgan.
Shuningdek, Alkantara 2016 yilda Braziliya terma jamoasi bilan Olimpiya chempioni bo‘lgan. 32 yoshli futbolchining oxirgi klubi Qatarning "Al-Arabi" jamoasi bo‘ldi.



Fikrlar