Raneri va Shomurodov A Seriyani dahshatga solmoqda

  • 12 may, 09:44
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

A Seriyaning 36-turini musobaqa jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Atalanta” va “Roma” jamoalarining o‘zaro to‘qnashuvi yakunlab beradi.

Tecno

Klaudio Raneri shogirdlari chempionat davomida ilk bor to‘rtinchi o‘rinni egallab, Evropa Chempionlar uchun kurashda asosiy raqobatchilari – “Yuventus” va “Latsio”dan o‘zib ketish imkoniga ega.

Chunki 36-turda bu ikki raqobatchi o‘zaro durang o‘ynab, 64 tadan ochkoga ega bo‘ldi. Rim “bo‘rilari” esa, bir o‘yn kam o‘tkazib, bir ochko kam jamg‘argan holda hozircha oltinchi o‘rinda turibdi.

Agar Klaudio Raneri jamoasi Bergamoda uch ochkoni qo‘lga kiritsa, rostmana to‘rtinchi o‘ringa chiqib oladi va u yog‘i qolgan ikkita bellashuvda bu ustunlikni ushlab qolishga harakat qiladi.

Klaudio Raneri o‘tgan yili noyabrda “Roma”ni qabul qilib olganidan dastlabki ikki uchrashuvda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgandi. O‘shanda faqat “Napoli” (0:1) va “Atalanta” (0:2) rimliklarni taslim qila olgan. 73 yoshli murabbiy qisqa fursatda “Roma”ni jangovar jamoaga aylantirdi va o‘sha ikki mag‘lubiyatdan keyin “bo‘rilar”ni engadigani topilmayapti.

Shu tariqa, “Roma”ning Italiya chempionatidagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 19 ta uchrashuvga etdi. Jamoa oxirgi ikki bahsda “Inter” va “Fiorentina” ustidan bir xil 1:0 hisob g‘alabaga erishdi. Amaldagi chempion “Inter”ning o‘z maydonida rimliklarga yutqazgani milanliklarga qimmatga tushyapti. Chempionlik uchun kurashdagi raqobatchi “Napoli” jamoasi rimliklarning g‘alabasidan foydalanib, musobaqa jadvalida uch ochko o‘zib ketdi.

Rimliklar Raneri qo‘l ostida juda zo‘r o‘yin ko‘rsatmoqda. Himoyada deyarli bexato o‘ynayapti. O‘yin kombinatsiyalarga asoslangan. Keyingi paytda jamoaning natijalari Eldor Shomurodovning o‘yiniga bog‘liq bo‘lib qoldi. O‘zbek legioneri so‘nggi beshta uchrashuvda to‘rtta samarali harakatni amalga oshirib, “Yuventus” va “Verona” darvozasini ishg‘ol qildi, “Inter” bilan bellashuvda Matias Sulega, “Fiorentina”ga qarshi bahsda Artyom Dovbikka golli pas uzatib, g‘alaba to‘plarini kiritilishiga sababchi bo‘ldi.

Roma hujumida o‘ynayotgan Shomurodov oldingi chiziqdagi barcha jamoadoshlari, xususan, Artyom Dovbik bilan bir birini har tomonlama yaxshi tushunib harakat qilmoqda.

Ha, Klaudio Raneri shu mavsumning o‘zida ikki bor ketish uchun narsalarini yig‘ishtirgan Eldorni jamoaning muhim figurasiga aylatira oldi. O‘tgan yili “Kalyari”da boshlangan ustoz-shogird aloqasi bugun Rimda ham samara keltirmoqda va A Seriya klublarini xushyor tortishga majbur qilyapti.

“Atalanta” chempionatning birinchi qismini juda zo‘r o‘tkazdi. Lekin bergamoliklar yangi yildan keyin o‘tkazilgan 18 ta uchrashuvdan atigi ettitasida g‘alaba qozona oldi xolos. Hozir bu jamoa 68 ochko bilan uchinchi o‘rinda mustahkam joylashgan. Garchi chempionlikka da’vogarlik qila olmasa-da, Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun imkoniyat katta.

Bosh murabbiy Jan Pero Gasperini “Atalanta”da hujumkor futbolni shakllantirgan. Biroq jamoa o‘yinida keyingi paytda vaziftlardan samarali foydalanish oqsamoqda.

“Atalanta” qudratli jamoa, lekin futbol ekspertlari mavsumning hozirgi yakuniy pallasida “Roma” nisbatan kuchliroq ekanini ta’kidlashmoqda. Bo‘lajak bahs poytaxtliklar uchun mavsumning eng muhim o‘yinlaridan biri hisoblanadi. Bu to‘qnashuvdagi g‘alabaning qadri o‘ta yuqori. Shu bois, muxlislarni juda qizg‘in bellashuv kutib turibdi.

“Atalanta” va “Roma” jamoalari o‘rtasidagi 36-turning oxirgi uchrashuvi 12 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da boshlanishi belgilangan.

Husanov nega o‘ynamayotgani sabablari oshkor qilindi

Husanovning jamoasi "Real" bilan katta ishga qo‘l urmoqda

Shomurodov “Roma”ning “top-5”dagi tarixiy rekordini ta’minlab berdi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдилхамит
12/05/2025 22:57
Элдор омадингни берсин.астойдил бул.