"Raqibdan kuchliligimizni isbotlash uchun bor kuchimizni ko‘rsatishimiz kerak". Ro‘ziqul Berdiev va Javohir Sidiqov yana nimalarni aytdilar?
Ertaga “Nasaf” klubi OChL 2 doirasida Quvaytning “Quvayt SK” jamoasini qabul qiladi. Uchrashuv oldidan bugun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev bilan birga futbolchi Javohir Sidiqov qatnashdi.
Ro‘ziqul Berdiev: - Ertangi raqibimizni bilamiz. Ular bilan bir o‘yin o‘tkazdik. Mahoratli, tajribali o‘yinchilarga ega jamoa. Ular haqidagi ma’lumotlarni yangiladik va yigitlarga etkazdik. Bu uchrashuv biz uchun juda muhim. Shu bois bellashuvga jiddiy yondashamiz.
Javohir Sidiqov: - Murabbiyimiz ta’kidlab o‘tganidek, bizni yaxshi jamoaga qarshi o‘yin kutmoqda. Xudo xohlasa, jamoadoshlarimiz bilan 100 foiz bahsga tayyormiz. Bizda yil yakunlanib boryapti. O‘z maydonimizda muxlislarimiz qarshisida maksimal o‘yinimizni ko‘rsatib, g‘alabani taqdim etib muxlislarni xursand qilish maqsadidamiz.
- “Quvayt SK” bosh murabbiyi ikkala jamoani kuchini teng baholadi. Raqibni kuchli tomonlarini nimada deb bilasiz?
- Murabbiy to‘g‘ri ta’kidlagan. Guruhimizda haqiqatda teng kuchli jamoalar yig‘ilishgan. Bular o‘z mamlakatining etakchi jamoalari hisoblanadilar. Balki shuni hisobga olgandir. Ularga qarshi birinchi o‘tkazgan uchrashuvimizda jamoalar bir-biriga munosib ekanligi ko‘ringandi. Shu bois shu fikrni bildirgan. Qanchalik muhim va jiddiy bo‘lmasin o‘ylaymanki o‘yinga tayyorgarligimizni yaxshi olib bordik. Yigitlar ham uchrashuvning nechog‘li ahamiyatli ekanligini tushunib turishibdi. Ertangi bellashuvda albatta natija uchun harakat qilamiz. Raqibdan kuchliligimizni maydonda isbotlash uchun bor kuchimiz va mehnatimizni ko‘rsatishimiz kerak bo‘ladi.
- Quvaytdagi o‘yinda durang natija qayd etilgan. O‘sha o‘yindagi imkoniyatlardan nima uchun foydalanilmadi? Tahlil qilib chiqdingizmi?
- Biz undan keyin yana 3 ta o‘yin o‘tkazdik. Eslasanglar, Quvaytdagi birinchi uchrashuvda durangga erishgandik. O‘shanda to‘liq tarkib bilan bormagandik, buni yaxshi bilasizlar. Ularni o‘rganishga kelsak, har bir jamoada 10 ta emas, 20 dan ziyod o‘yinchilar bo‘ladi. Jamoa safida tajribali terma jamoa o‘yinchilari va legionerlari bor. Har uchrashuvda har xil tarkibda maydonga tushish mumkin. Ba’zida taktik sxemalarni o‘zgartirib turish mumkin. Raqibni bilgan holatda biz ko‘proq o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratishimiz kerak.
- Ikkita o‘yinda g‘alaba qozonsa “Nasaf” keyingi bosqichga chiqadi. Futbolchilarni kayfiyati qanday?
Javohir Sidiqov: - Albatta, bu xalqaro maydon. Biz ichki chempionatda oldimizga qo‘yilgan maqsadimizga erishdik. Oxirgi o‘yinlarni omadsiz o‘tkazganimizgami, tanqidlar bo‘ldi. Ishontirib ayta olamanki, ertangi bo‘ladigan uchrashuvda bor kuchimizni ishga solamiz. Biz O‘zbekiston nomidan ishtirok etamiz va munosib himoya qilishga harakat qilamiz. Biz o‘z maydonimizda muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz. Kayfiyat a’lo darajada. Bundan oldingi o‘yinlardagi natijalar ta’sir qilmaydi, degan umiddaman. Bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Fikrlar