
Ravshan Ermatov Andijon futboli bilan yaqindan tanishdi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga Ravshan Ermatov birinchi vitse-prezident etib tayinlangach, o‘ziga xos tarzda futbolimizni yanada rivojlatirish bo‘yicha dastur ishlab chiqdi. Ayni paytda esa mazkur dastur asosida ishlar olib borilmoqda. Shu tarzda Respublikamizda futbolning hozirgidan-da ommaviyligini, unga bo‘lgan qiziqish va e’tiborni oshirish, shuningdek, shart-sharoitlarni yaxshilash maqsadida Ravshan Ermatov joylarga borib, u erdagi futbolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, shaxsan tanishib, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun viloyatlarga tashrifini boshladi. Shu maqsadda Ermatov boshchiligidagi O‘FA delegatsiyasi Andijonga safar qildi.
Bungacha asosan hakam sifatida viloyatlarga borgan Ravshan Sayfiddinovichning endi rahbar sifatida tashrif buyurishi ham o‘ziga yarasha e’tiborga molik voqea bo‘ldi. Ermatov viloyatlarga shunchaki nomigagina kelib-ketishni istamagan holda borgan joylarida hammasini ipidan-ignasigacha o‘zi tekshirib, futbolga bo‘lgan e’tiborni obdon o‘rganib chiqayotgani ham fikrimizga isbot bo‘la oladi. Andijon futboli bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu viloyatga tashrifi 22 oktyabr tonggidan boshlandi. Dastlabki manzil shahardagi «Bo‘ston» dahasida joylashgan «Andijon» klubi qoshidagi «Bolalar va o‘smirlar futbol maktabi»dan boshlandi. Aytish kerakki, ushbu futbol maktabiga Farruh Mirzaev direktorlik qilib kelmoqda. Ravshan Ermatov boshchiligidagi delegatsiya esa u erda bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Binoni obdon ko‘zdan kechirishdi va mashg‘ulot maydonlarini ham kuzatishdi. Aytish kerakki, futbol maktabining joylashuvi va tabiiy maydonlar mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Shu bilan birga Farruh Mirzaevga tegishli ko‘rsatmalarni berdi. Qolaversa, u erda tahsil olayotgan bolajonlar bilan ham suhbatlashdi. Ularning fikrlari bilan qiziqdi.
Shundan so‘ng O‘FA rahbariyati «Sho‘rbuloq» dahasida joylashgan Andijon futbol akademiyasiga tashrif buyurdi. Aytish joizki, ushbu akademiya doimo rahbarlarning e’tiborida bo‘lib keladi. Chunki u viloyatdagi eng ko‘zga ko‘ringan futbol bo‘yicha bilim dargohi hisoblanadi. Shuning uchun Ravshan Ermatov u erga borganida shoshilmasdan hammasini sinchiklab ko‘rib chiqdi. Dastlab qo‘shimcha maydonni ko‘zdan kechirdi va u erda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlarni berdi.
Ayniqsa, akademiya hududini obdon kuzatdi. Natijada o‘zining ko‘rsatma hamda tavsiyalarini berdi. Shundan keyin Ravshan Sayfiddinovich binoning har bir xonasini ko‘rib chiqdi. Avvalo bolalarning ovqatlanish xonasini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, tibbiyot xonasi bilan ham tanishib, u erdagi dori-darmonlarni ko‘zdan kechirib chiqdi. Natijada bolalarga qo‘llanilayotgan dori-darmonlar yuzasidan u erdagi shifokorlar bilan savol-javob o‘tkazdi. Bolalarning sog‘ligi doim nazoratda bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi. Bundan tashqari, har bir yotoqxonani va undagi sharoitlarni ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Binoning ikkinchi va uchinchi qavatlarida futbolimizga oid o‘ziga xos muzey yaratilishi zarurligi va bu bolalarga juda muhim ekanini aytgan holda topshiriq berdi.
Binoning ichini kuzatar ekan, o‘quv xonasiga ham kirdi. U erda murabbiylar bolalar uchun ilmiy-tahliliy mashqlarni o‘rgatayotgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, bolalar yaqinda Respublika bosqichi musobaqasida sovrindorlar qatoridan joy olib qaytishgan ekan. Ermatov esa bolalar bilan salomlashgach, murabbiyga darsni bo‘lmang, biz ham ko‘rib o‘tiramiz deya biroz jarayonni kuzatib bordi. Unda murabbiy «proekt»da futbol o‘yinini ko‘rsatgan holda yoshlarga tahliliy darsni o‘rgatayotgandi. Shundan so‘ng Ravshan Sayfiddinovich bolajonlarga qarata o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Avvalo, sizlarni Respublika musobaqasida sovrindor bo‘lganinglar bilan tabriklayman. Sizlar futbolimizning kelajagisizlar. Shu bois ustozinglarning ko‘rsatmalariga to‘liq rioya qilinglar. Milliy terma jamoamiz qanday o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa, futbolimizdagi pastki bo‘g‘inlar ham xuddi shunday holatda o‘ynashga harakat qilishlari lozim. Ya’ni, hammani milliy terma jamoa taktikasiga xamohang ravishda bir xil uslubda o‘ynashini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu esa avvalo mana shu erdan boshlanadi. Bekorga mana shunday «proekt»lar bilan zamonaviy ishlashni o‘rganinglar deb aytayotganimiz yo‘q. Yoshlarimizga milliy terma jamoamizning o‘yinlarini qo‘yib ko‘rsatinglar. Ko‘ringlar, jamoamiz qanday hujum qilyapti, qanday taktikada o‘ynayapti, qanday himoyalanyapti? Oldin qanday bo‘lardi, to‘pni oldirsa hamma himoyaga yotib olardi. Lekin unday emas. To‘pni yo‘qotdimi, darhol pressing qilib, to‘pni o‘ziga qaytarib olishga harakat qilishi lozim. Mana shu o‘zbek futboliga yarashadigan uslubdir. Sizlar hozirdanoq mana shunday o‘yin uslubiga o‘rganishinglar kerak. Ana shunda muxlislarga, xalqimizga yoqadigan futbol ko‘rsata olamiz, tushunyapsizlarmi? Ana shunda terma jamoa murabbiylari ham sizlarga yanada ko‘proq e’tibor qila boshlaydi. Murabbiylar ham milliy terma jamoa taktikasini albatta hozirdanoq bolalarga o‘rgatib borishlari juda muhim. Ana shunda tayyor, terma jamoamiz taktikasiga mos o‘yinchilar etishib chiqadi va keyinchalik ularni o‘zgartirib o‘tirmaymiz. Bu faqat chempion jamoalarda emas, balki har bir yoshdagi guruhlarda qo‘llanilishi lozim. Yana qaytaraman, har doim yoshlarga milliy terma jamoamizning o‘yinlarini ko‘rsatinglar, ko‘rishsin, kuzatishsin. Bunga jiddiy qaranglar. Hujumchi qanday o‘ynayapti, yarim himoyachi qaerga to‘p oshiryapti yoki himoyachi qanday himoyalanyapti, kim qaerga ochilyapti, sizlar hammasini ko‘rib o‘rganinglar. Shunda o‘zinglar ham tahlil qilishni o‘rganasizlar. Albatta, murabbiylar sizlarga hammasini o‘rgatadi. Ammo o‘zinglar ham mustaqil fikr qilishni o‘rganinglar. Sizlar (murabbilar va mutasaddilarga qarab) albatta bularni nazorat qilib turinglar, savol bering, qanday fikrlayotganini bilinglar. Futbolni faqatgina oyoq bilan o‘ynamaymiz-ku! Futbolni aslida aql bilan o‘ynaymiz. Har doim aqlli futbolchi oldinga qarab ketaveradi. Ana shunda u terma jamoalarda o‘ynashga muvaffaq bo‘ladi. Aqlli futbol bilan har qanaqa jamoani yutish mumkin. Qilayotgan ishinglar nihoyatda muhim. Sizlarga murabbiy o‘rgatayotgan mahalda hayollaringlar chalg‘imasin, butun e’tiboringlarni futbolga qaratinglar. Bu erda aytilayotgan tahlil va ko‘rsatmalarni keyin albatta maydonda ko‘rsata olishinglar lozim. Bunday gaplar chap qulog‘ingizga kirib, o‘ng qulog‘ingizdan chiqib ketmasin. Dunyo futboli hozir shunday ishlayapti. Biz ular bilan hamnafas bo‘lishimiz va kerak bo‘lsa ulardan oldinda bo‘lishimiz darkor. Doim e’tibor bilan qaranglar. O‘z navbatida siz murabbiylar ham bolalarga e’tiborni kuchaytiradigan topshiriq va ko‘rsatmalar beringlar. Hammaga omad, - dedi Ermatov.
Umuman olganda, mazkur akademiyani ko‘zdan kechirish jarayonida O‘FA birinchi vitse-prezidenti ayrim kamchiliklarni aniqlagan holda ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi. Shu bilan birga futbol akademiyasida yana bir e’tiborga molik holat yuz berdi. Shoxruh Ishanov boshchiligida 2005 yilda tug‘ilgan futbolchilardan iborat jamoa Ozarbayjonda tashkil etilgan xalqaro musobaqada qatnashib chempion bo‘lib qaytishdi. Buni qarangki, ularni tantanali kutib olish marosimi aynan Ravshan Ermatovning tashrifiga to‘g‘ri keldi. O‘FA delegatsiyasining akademiyaga qilgan tashrifi yakunida aynan chempion jamoani kutib olish marosimi ham tashkillashtirildi. Unda shuningdek, bolalarning ota-onalari ham ishtirok etishdi. Tabiiyki, Ermatov boshchiligidagi delegatsiyaning ham kutib olish marosimida ishtirok etgani yanada jozibali bo‘ldi va bu holat chempion bolalarni yanada quvontirib yubordi. O‘z navbatida qahramonlarga Ermatov esdalik sovg‘alarini topshirdi va ularni tabriklagan holda shunday dedi:
- Biz Muhtaram Prezidentimizning topshirig‘i bilan futbol maktablari, akademiyalarni, hamma-hammasini ich-ichidan o‘rganib chiqish maqsadida Andijonga keldik. Ko‘rib turibmizki, mana shunday akademiyalarning tashkil etilishi o‘zbek futboliga katta foyda keltirishini, kelajakda futbolimizga yutuqlar olib kelishini yana bir bor ko‘rib, bunga ishonch hosil qilib turibmiz. Albatta, bizning jamoamizni xalqaro musobaqadan chempion bo‘lib qaytgani quvonarlidir. Albatta, biz bundan faxrlanishimiz kerak. Axir chempionlik o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Buning ortida katta mehnat, mashaqqat, sabr bor. Mashg‘ulotlarda o‘zinglarni qiynab ishlashinglar kerak. O‘sha qiyinchilik bo‘lgan paytda ham biz o‘z ishimizni davom ettirishimiz lozim. Ana shunda natijalar birin-ketin kelaveradi. Sizlarga va ota-onalaringga rahmat. Sizlarni vatanparvar inson qilib tarbiyalayotgani uchun tashakkur. Kelajakda albatta milliy terma jamoamiz sharafini munosib himoya qilamiz degan orzu bilan yashanglar. Shunda hamma sizlar bilan faxrlanadi va albatta o‘ylagan niyatinglarga erishasizlar, - deya fikr bildirdi, Ravshan Sayfiddinovich.
Shundan keyin navbatdagi manzil Andijon olimpiya zaxiralari sport kolleji va «Sog‘lom avlod» stadioni bo‘ldi. U erda mutasaddilar bilan futbolni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Shu bilan birga bino atrofida bolalar uchun qo‘shimcha maydonlarni barpo etish yuzasidan bo‘sh erlarni ko‘zdan kechirishdi. Ermatovning tavsiyasiga binoan olimpiya zaxiralari kolleji hududida uchta kichik hajmdagi futbol maydonlarini qurish bo‘yicha aniq joylar belgilab olindi.
Tashrif davomida «Sog‘lom avlod» stadionini ham ko‘zdan kechirdi. Ayniqsa, maydonning holatini diqqat bilan kuzatdi. Ma’lumki, stadion yaqinda rekonstruktsiya qilindi va maydon butkul yangilangandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmasdan maydonning bir qator joylarida ajriqlar yuzaga chiqib qolgandi. Lekin hozirgi kunga kelib maydon holati yana avvalgi holatiga qaytarilgan. Ermatov esa maydon masalasiga jiddiyroq e’tibor qaratish kerakligini tushuntirdi.
Keyin esa Ermatov viloyatdagi boshqa tumanlarga ham safar uyushtirdi. Jumladan, Izboskan, Asaka, Shahrixon hamda Qo‘rg‘ontepadagi futbol maktablari bilan ham yaqindan tanishdi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur tumanlarda futbolga ixtisoslashtirilgan yangi futbol maktablarini qurish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Bu orqali mahalliy yoshlarga futbol bilan shug‘ullanish uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish, qiziqishlarini oshirish, kelajakda terma jamoalarimiz uchun munosib o‘yinchilarni tarbiyalash hamda muntazam ravishda futbol bilan hamnafas bo‘lishlari ko‘zda tutilgan. Tashrif so‘ngida esa Ravshan Ermatov Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan uchrashdi.
Fikrlar