Shomurodov “taxti”da qoldi!
Turkiya Superligasining to‘purarlari o‘rtasida “Oltin butsa” uchun kurash ham qizg‘in kechmoqda. Chempionatning eng samarali o‘yinchilari poygasida asosan Evropaning nufuzli klublaridan turk ligasiga taklif etilgan nomdor futbolchilar ishtirok etmoqda.
Quvonarli tomoni, o‘z hisobiga eng ko‘p to‘p yozdirib qo‘yganlar orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ham bor. Agar milliy jamoamiz kelasi yozda AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga borishini inobatga olsak, O‘zbekistonning eng zo‘r to‘purari joriy mavsum davomida yuqori sport formasida bo‘lishi va o‘ziga ishonchini oshirib borishi juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eldor Shomurodov Turkiya chempionatining 11-turiga kelib, to‘purarlar bahsida ettita gol urgan holda “Trabzonspor” vakili Pol Onuachu bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Ayni paytda Superligada to‘qqizta uchrashuvdan oltitasi yakunlandi. To‘purarlar poygasining yuqori qismida borayotgan hujumkor o‘yinchilarning barchasi tur o‘yinini o‘tkazib bo‘ldi va qolgan uchta uchrashuvda biror futbolchi favqulodda ko‘proq gol urib yubormasa, vaziyat o‘zgarmaydi.
Turk klublari chempionatda to‘p tepish uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan jami 518 nafar charm to‘p ustasining 50,8 foizi, ya’ni 263 tasi legionerlardir.
Superliga to‘purarlari poygasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, aynan Eldor Shomurodov etakchi sifatida qayd etilgan. Chunki hamyurtimiz oltita golni o‘yindan, bittasini penaltidan kiritgan. Pol Onuachu esa, ikki marta 11 metrlik nuqtadan to‘p kiritgan. Italiya va Angliya chempionatlaridan kelgan bu ikki hujumchining qolgan barcha ko‘rsatkichlari teng yoki bir-biriga yaqin.
Eng yaqin ta’qibchilar – hisobida oltitadan to‘p bo‘lgan argentinalik hujumchi Mauro Ikardi va marokashlik Yussuf En-Nesiri bu turda raqiblar darvozasini ishg‘ol qila olmadi. “Galatasaroy” yulduzi Ikardi oltita golidan beshtasini avgust va sentyabr oylarida urgan. Oktyabr oyida faqat bir marta o‘zini ko‘rsatdi.
“Fenerbahche” safida har bir uchrashuvda maydonga tushayotgan Yussuf En-Nesiri oltita golidan to‘rttasida ikkita o‘yinda – “Genchlerbiligi” va “Gaziantep” darvozasiga dubl bilan joylagan.
To‘purarlar poygasida peshqadamlik qilayotgan bu futbolchilarning bari “top-5” ligalari – Angliya, Italiya, Ispaniya, Frantsiya chempionatlari havosini olgan yulduzlardir.
O‘n birinchi tur yakunlariga ko‘ra, to‘purarlar bahsiga “Konyaspor” hujumchisi Umut Nayir ham qo‘shildi. Faoliyatining katta qismini Turkiya klublarda o‘tkazayotgan 32 yoshli hujumchi orada bir yil Xorvatiya chempionatiga borib, “Xayduk” klubi sharafini himoya qilib kelganini inobatga olmasa, asosan turk ligasiga to‘liq moslashganligi uchun boshqa to‘purarlardan ajratib turibdi.
Ayni paytda chempionat to‘purarlari bahsining uchinchi guruhida beshtadan to‘p kiritgan to‘rt futbolchi joy olgan. Xususan, “Samsunspor”dan Karlo Xolse, “Trabzonspor”dan Felipe Augusto, “Beshiktosh”dan Rafa Silva hamda “Fenerbahche”dan Taliskani ham “Oltin butsa” uchun asosiy da’vogarlar ro‘yxatiga qo‘shish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mavsum boshida “Roma”dan “Istanbul Bashakshehir”ga ijara shartnomasi asosida ko‘chib o‘tgan Eldor Shomurodov Superliga doirasida “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy”, “Kojaelispor” darvozalariga bittadan gol urgan bo‘lsa, “Antalyaspor” maydonida o‘tkazilgan bahsdan dubl bilan qaytgan.
Fikrlar