Ravshan Haydarov final oldidan: "Iroq safida alohida bir futbolchini ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim"

  • 17 mart, 2023, 11:26
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Iroq uchrashuvidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida hamyurtlarimiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

"Guruh bosqichidagi o‘yin ertangi finaldan farq qiladi. To‘g‘ri, u bahs ham muhim edi. Ammo final o‘z nomi bilan final. U biz uchun ham, raqib jamoa uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Futbolda gol urish o‘ta muhim. Tan olaman, bizda hujumni yakunlash borasida ayrim muammolar bor. Shunga qaramay, buni to‘g‘rilashga harakat qilmoqdamiz. Oxirgi ikki o‘yinda zarbalarimiz juda ko‘p edi. Gol bo‘lmaganining sababi sovuqqonlik etishmagani, tajribaga ega emasligimizdan bo‘lishi mumkin. 

Tayyorgarlik jarayonlari ancha oldin ishlab chiqilgan. Yarim final tugashi bilan shu bo‘yicha shug‘ullandik. Jismoniy tayyorgarlik katta ahamiyatga ega. Sababi, ikki uchrashuvda 120 daqiqa harakat qildik. Hozir e’tiborimizni charchoqni chiqarish va finalga har tomonlama shay bo‘lishga qaratganmiz. 

Bizda jarohatlar bor, to‘g‘ri. Ammo tibbiy jamoamiz ham ish olib borayapti. Po‘latxo‘ja bugun mashg‘ulotlarda o‘zini qanday tutishiga qaraymiz. Umid qilamanki, bahs oldidan bizda jiddiy yo‘qotishlar bo‘lmaydi. 

Iroq termasida iqtidorli futbolchilar etarlicha. Alohida bir futbolchini ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Ularning har biriga qarshi umumiy reja ishlab chiqamiz. Raqib umumiy tomonlama ham bizga muammolar tug‘dira oladi", - dedi mutaxassis.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!