
“Real”, “Manchester Siti”, “Inter” ishtirokidagi o‘yinlar uchun prevyu
Bugungi markaziy uchrashuvlar qatorida yana shunday bellashuvlar bo‘lib o‘tadi-ki, ularni e’tiborsiz qoldirishning imkoni yo‘q. “Real”, “Manchester Siti”, “Inter” kabi jamoalarning personal muxlislari ushbu o‘yinlarni intizorlik bilan kutadi va albatta, biz ular uchun ishlashda davom etamiz. Avvalo, “Real” – “Shaxtyor” haqida.
Bir qarashda bahs taqdirini o‘yindan avval ortiqcha tahlillarsiz ham aniq aytish mumkindek. Ammo intriga keltirib chiqaruvchi detallar ham yo‘q emas: madridliklarning omadsiz o‘yinlari, hujumdagi tushunarsizlik, himoyadagi yo‘qotishlar. Azar noyabr oyiga qadar safdan chiqqan, Ramos bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi, Karvaxal va Odriosola ham kamida 2 oy maydonga qaytmaydi, Edegor ham o‘yindan avval jarohat olgan. Bu yo‘qotishlar bir tomon-u, “Real” gol urishda katta qiyinchilikka duch kelayotganligi bir tomon. Madridliklar ortda qolgan 5 uchrashuvda 6 tagina gol ura oldi. 2 o‘yinda to‘p kirita olmadi. Shu ketishda Peresning sabr kosasi to‘lishi va Zidanning ham kursisi qimirlab qolishi hech gap emas. Zero, muxlislar “Qirollik klubi”ni toj-u-taxtsiz ko‘rishni istamaydilar! Bu faktorlar “Qirollik klubi”dan favorit maqomini tortib ololmasligi mumkin, biroq “Shaxtyor”ning imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Nacho, Mendi, Militao, Varan, Kazemiro, Kroos, Modrich, Vinisius, Asensio, Benzema.
Zinedin Zidan: “Futbol o‘zgardi, uning intensevligi kuchaygan. Biz mavsumni yaxshiroq boshlashimiz ham mumkin edi, biroq o‘yinimizni kuchaytirishga harakat qilamiz. Mavsumning kirish qismida hamma qiyin uchrashuvlarda harakat qilishga majbur, ammo biz buni uddalaymiz. Asosiysi, kim ekanligimiz va nima istayotganligimizni bilamiz. Kurashlarga tayyor bo‘lish juda muhim. G‘alaba qozonish uchun barchasi qiyinchilikni engib o‘tish shart. Chempionlar Ligasidan katta umidlarimiz bor”.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, “konchilar” ham havas qilgulik holatda emas. O‘tgan mavsum Evropa Ligasi yarim finaliga etib borgan futbolchilarning ba’zilari jarohat olgan va bugungi bellashuvni o‘tkazib yuboradi. Jamoa etakchilaridan Krivtsov, Matvienko, Stepanenko, Tayson, Alan Patrik, Junior Moraes kabi futbolchilar bugun “konchilar”ga yordam bera olmasligi aytilmoqda. Sezib turganingizdek, “Shaxtyor” muammolari raqibnikidan aslo kam emas. Bu ham etmagandek, ukrainlar hali “qaymoqranglilar” ustidan g‘alabaga erishib ulgurmagan. O‘tkazilgan ikki uchrashuv “Real” foydasiga hal bo‘lgan. Balki donetskliklar bugun noxush an’anaga barham berar...
Taxminiy tarkib: Pyatov, Kornienko, Xocholava, Bondar, Dodo, Markos Antonio, Maykon, Tete, Marios, Solomon, Dentino.
Luish Kashtru: “Biz doim to‘pni nazorat qilib, hujumlar uyushtirish hamda vaziyatlar yaratish orqali ustunlikni qo‘lga olishga harakat qilamiz. Shuningdek, himoyani ham mustahkam ushlashga urinamiz. Ammo siz “Real” kabi jamoalarga qarshi maydonga tushganingizda, o‘z uslubingizdan biroz chekinishga majbursiz. Biz bu uchrashuvga boshqacharoq yondashishimiz lozim”.
“Manchester Siti” – “Portu”
Bu omadmi yoki boshqa faktorlar aralashuvidanmi, “Siti”ga guruh bosqichida doim oson raqiblar mos kelaveradi. Bunga o‘rganib ham qoldik. Biroq “shaharliklar” ham qiyin bo‘lmagan uchrashuvlar natijasida katta o‘yinlar oldidan biroz o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadi. Ustiga ustak, tarkibda ham ayrim muammolar bo‘y ko‘rsatmoqda. Millionlar ostida qolgan Gvardiola jamoasi haqida bunday gap aytish biroz g‘alati. Shunday bo‘lsa-da, manchesterliklarning potentsiali bugungi o‘yinda ijobiy natija ko‘rsatishga etishi mumkin. Chunki raqib o‘rtamiyona “Portu”.
Taxminiy tarkib: Ederson, Uoker, Ake, Diash, Kanselu, Gyundogan, Bernardu, Foden, Sterling, Torres, Aguero.
Pep Gvardiola: “Biz guruh bosqichida o‘tkazishimiz kerak bo‘lgan uchrashuvlarning barchasi juda muhim. Uyda yoki mehmonda harakat qilishimizning ahamiyati yo‘q. Baribir o‘yinlarga bir xil yondashamiz. Bugun 3 ochkoni qo‘lga kiritishimiz lozim. Mavsum boshi deyarli bir xil o‘tadi. Bu shunchaki ilk o‘yin”.
Portugaliyaning amaldagi chempioni qanchalik yaxshi o‘yin ko‘rsatmasin, bu o‘yin oldidan favorit maqomini qo‘lga kirita olmaydi. Ularning xalqaro maydondagi holati ham havas qilgulik emas. Ular o‘tgan mavsum Evrokuboklarda ishtirok etmadi, joriy mavsum etakchi himoyachilaridan biri Aleks Telles “shaharliklar”ning qo‘shnilariga sotib yuborildi. Tanganing ikkinchi tomoni esa, “Portu”ning hujumi raqibning hali tartibga kelib ulgurmagan himoyasiga muammolar tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Mussa Marega, Mexdi Taremi kabi futbolchilari bor klubga qarshi himoyachilar qiynalishi tabiiy.
Taxminiy tarkib: Marchesin, Pepe, Manafa, Mbemba, Markano, Oliveyra, Uribe, Otavio, Korona, Dias, Marega.
Serjiu Konseysau: Biz raqibimizni hurmat qilamiz. Biroq noxush an’anani tugatish vaqti etib keldi. Mening ko‘rsatmalarimga to‘liq amal qilgan taqdirda, shogirdlarim ancha shovqin ko‘tara olishiga aminman. “Portu” nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘yishimiz zarur”.
“Inter” – “Borussiya” Myunxengladbax
Milanliklar bu o‘yinga derbidagi alamli mag‘lubiyatdan keyin etib kelgan bo‘lsa, “Borussiya” o‘z uyida “Volfsburg”ni enga olmadi. Demak, bu borada katta tafovut yo‘q. O‘yinning o‘ziga keladigan bo‘lsak, “Inter” so‘zsiz favorit. Mavsumlar oralig‘idagi tanaffusda o‘z tarkibini yanada kuchaytirib olgan “nerradzuri”lar bu yil oldiga kattaroq marralarni qo‘ygani ko‘rinib turibdi. Ikki frontdagi kumush medallar bosh murabbiy Antonio Konte uchun etarli bo‘lmadi va u shogirdlarini katta ishtiyoq bilan oldinga chorlamoqda. Milanliklarda tarkib bo‘yicha muammolar deyarli yo‘q. Eng muhimi, bosh murabbiy shogirdlarini o‘yinga ruhan tayyorlay olsa, o‘z chekiga tushgan yagona vazifani ado etgan bo‘ladi.
Taxminiy tarkib: Xandanovich, Hakimi, De Vrey, Dambrozio, Darmian, Kolarov, Vidal, Sensi, Barella, Martines, Lukaku.
Antonio Konte: “Jamoam o‘tgan yilgidan ko‘ra tajribaliroq. Tarkibimizga Vidal, Kolarov va Hakimini qo‘shib olganligimiz yaxshi bo‘ldi. Evropa Ligasida yaxshi harakat qilganimiz ham katta yordam berdi. O‘tgan yilgidan ko‘p narsa o‘zgardi”.
Qarama-qarshi tomonda ancha hujumkor, kezi kelsa, himoyada ham tartibli o‘yin ko‘rsata oladigan “Borussiya” turibdi. Ammo myunxengladbaxliklarning asosiy muammosi futbolchilar darajasida. Shunga qaramay, Tyuram, Xofmann, Embolo kabi futbolchilar bugun Xandanovich darvozasi oldida muammolar tug‘dirishini kutib qolamiz. Undan tashqari, o‘zaro o‘yinlar statistikasiga nazar solsak, bu jamoalar o‘rtasidagi 3 ta bahsda tenglikka guvoh bo‘lamiz. Har ikki klub 1 martadan g‘alaba qozongan bo‘lsa, 1 bahsda durang qayd etilgan. Demak, jamoalar o‘zaro hisob-kitobda oldinga chiqib olish uchun ham harakat qilishiga to‘g‘ri keladi.
Taxminiy tarkib: Zommer, Layner, Ginter, Elvedi, Bensebayni, Kramer, Noyxaus, Shtindl, Xofmann, Plea, Tyuram.
Marko Roze: “Inter” safida bir nechta yuqori darajadagi futbolchilar bor. Ba’zilari Bundesligada ham harakat qilgan va bizning falsafamizdan oz bo‘lsa-da xabardor. Bizning maqsadimiz oldimizda turgan o‘yinni o‘z darajamizdan yuqoriroq o‘tkazish”.
Guvohi bo‘lganingizdek, bizni qiziqarli bellashuvlar kutmoqda. Anons jihatidan katta o‘yinlar maqomida bo‘lmasa-da, gollar shousi ko‘rish uchun sabablar etarli. Axir, bu Chempionlar Ligasi va ushbu musobaqada hamma narsa bo‘lishi mumkin.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar