
“Real” muxlislari Xaviga murojaat qildi
Ispaniya chempionatining 32-turida “Real” o‘z maydonida “Barselona”ni qabul qilib, qiyin o‘tgan uchrashuvda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Bu natija madridliklarni chempionlikka, kataloniyaliklarni o‘tgan yili qo‘lgan kiritilgan chempionlik unvonini ashaddiy raqibga taqdim etishga yaqinlashtirdi.
“El klasiko”da Karlo Anchelotti shogirdlari ikki marta kambek amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. G‘alaba to‘pi o‘yin yakunlanishi arafasida Jud Bellingem tomonidan kiritildi.
“Santyago Bernabeu”ga jamlangan 78 ming nafarga yaqin muxlis “Barselona” bosh murabbiyi Xavi Ernandesga murojaat qilib, “Xavi, qol!”, degan chorlovlarni aytdi.
Ma’lumki, Xavi Ernandes joriy mavsum yakunlanishi bilan klubni tark etishini bildirgan. Ispaniyalik mutaxassis qo‘l ostida jamoa qayd etayotgan natijalar kataloniyalik muxlislarni qoniqtirmayapti.
“Barselona” chempionatning birinchi davrasida o‘z maydonida “Real”ga qarshi o‘tgan bahsda ham 1:2 hisobida engilgandi. Ashaddiy raqibning “Real” uchun qulay jamoaga aylanib qolayotgani madridlik muxlislarga juda yoqyapti.
Fikrlar