“Real” qimmatbaho yulduz uchun arzon narx beradi
“Real” bosh murabbiyi Xabi Alonso tarkibda o‘zgarish qilishni davom ettiradigan bo‘ldi. Ispaniyalik mutaxassis himoya chizig‘ini kuchaytirish, yoshi o‘tgan o‘yinchilar o‘rniga yangi ijrochilarni olib kelishni maqsad qilgan.
Madridliklar qishki transferlar davrida “Kristal Pelas” markaziy himoyachisi Mark Gexini olishga urinib ko‘radi.
Real Madrid Confidencial nashrining ma’lum qilishicha, “Qirollik klubi” Gexining erkin agentga aylanishini kutmaydi. “Kristal Pelas” bilan shartnomasi 20 iyun kuni tugaydigan o‘yinchini yanvardayoq qo‘lga kiritish uchun madridliklar 30 million evro xarajat qilishni mo‘ljallayapti.
25 yoshli futbolchi “Chelsi” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. “Aristokratlar”ning asosiy tarkibiga kiritilmagan Gexi ma’lum muddat “Suonsi”da ijarada o‘ynadi.
“Kristal Pelas” 2021 yili uni 23,3 million evroga transfer qilgandi. Bugungi kunda Gexining narxi 50 million evroni tashkil qilmoqda.



Fikrlar