
“Real” va “Barselona”ning bir yil ichida qimmatlashgan va arzonlashgan 10 futbolchisi
Bugun Ispaniya La Ligasi 17-turidan o‘rin olgan “Real” hamda “Barselona” jamoalari o‘rtasidagi bahs oldidan, mazkur klublarning ortda qolgan yil davomida arzonlashgan va qimmatlashgan futbolchilari reytingi tuzildi. Bu borada bizga transfermark.com yordam beradi.
Qimmatlashganlar
Toni Kroos (“Real”, 70 mln evro) + 10 mln evroga qimmatlashdi (bir yil ichida)
Mazkur ro‘yxatni Toni Kroos ochib beradi. 27 yoshli futbolchi hozir faoliyatining ayni cho‘qqisida. Germaniyalik futbolchi jamoaviy turnirlarda yutish imkoni bo‘lgan har qanday sovrinni qo‘lga kiritib bo‘ldi. U 2017 yilda salkam 15 % ga qimmatlashdi.
Paulino (“Barselona”, 20 mln evro) + 10 mln evro
Braziliyalik futbolchi “Barselona” tarixidagi eng muvaffaqiyatsiz transfer” deb aytilgan edi. Biroq qisqa fursat ichida u o‘zining harakatlari bilan bu gapni aytganlarga musobib javob bera oldi. Paulino bu mavsum La ligada 6 ta gol kiritishga erishdi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Benzema va Ronaldularning bu mavsum La ligada kiritgan umumiy gollari soni ham aynan 6 taga teng. Uning transferi bir yil ichida 50 % ga qimmatlashdi.
Teo Ernandes (“Real”, 20 mln evro) + 10 mln evro
20 yoshli futbolchining faoliyati yuqori fursatlarda o‘sib bormoqda. Bundan bir yil oldin u “Atletiko”ning yosh futbolchisi bo‘lib, “Alaves”ga ijaraga berilgan oddiy tarbiyalanuvchi edi xolos. Endi esa u jahonning eng yaxshi klubida to‘p surmoqda. Shunday o‘sishda davom etsa, yaqin ikki yil ichida Marseloga ancha “bosh og‘riq” bo‘ladi, bu yigitcha.
Daniel Sebalos (“Real”, 30 mln evro) + 11 mln evro
U ham bir yil oldin “Betis”ning oddiy futbolchisidan biri edi. Biroq 2017 yilda u “Real”ning asosiy jamoasiga kira oldi. EChLda 4 ta o‘yin o‘tkazdi va “Alaves” darvozasiga ikkita to‘p kiritdi. Qolaversa, kubok bahslarida ham o‘zining ishonchli harakatlari bilan qolganlardan ajralib turdi. Ishonavering, bu xali boshlanishi.
Marko Asensio (“Real”, 30 mln evro) + 15 mln evro
Mavsum avvalida bo‘lib o‘tgan Ispaniya superkubogining bosh qahramonlaridan biri. U o‘zining “sehrli chap oyog‘i” bilan istalgan darvozabonga muammolar tug‘dira olishini o‘sha bahslarda barcha ko‘rdi. Darvoqea, u bundan bir muddat ilgari madridliklar bilan shartnomasini uzaytirdi va endi Asensioni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan klub “Real”ga 700 mln evro to‘lashi lozim bo‘ladi.
Arzonlashganlar
Andre Gomesh (“Barselona”, 25 mln evro) – 10 mln evro arzonlashdi (bir yil ichida)
Paulinodan farqli o‘laroq, Gomeshning “Barselona”ga transferi eng muvaffaqiyatsiz transfer bo‘ldi. Kataloniyaliklar uni 35 mln evroga sotib olishgan edi. Biroq ortda qolgan yillar ichida u jamoa uchun foydali biror ishni amalga oshirgan yo‘q. Uning hamon “Barselona”da o‘ynayotganligi esa yanada g‘alati.
Luka Modrich (“Real”, 40 mln evro) – 10 mln evro
Modrich faoliyatini yakunlashiga xali ancha vaqt bor. U shubhasiz “Real”ning etakchi futbolchilaridan biridir. Bunga BAAda o‘tgan klublar o‘rtasidagi JChda ham hamma guvoh bo‘ldi. Biroq uning yoshi borgan sari o‘tib bormoqda…
Andreas Inesta (“Barselona”, 20 mln evro) – 10 mln evro
Inestada ham Modrich kabi holat. Faqat uning yoshi Modrichdan ancha katta. U bemalol kelgusi faoliyatida nima qilishi borasida bosh qotirsa ham bo‘laveradi.
Garet Beyl (“Real”, 80 mln evro) – 10 mln evro
Beylning faoliyatiga achinmasangiz, demak sizning yuragingiz yo‘q. Uelslik ajoyib iqtidor egasini jarohatlar muntazam ta’qib etib kelmoqda va shu bois, asosiy vaqtini zahirada o‘tkazmoqda.
Arda Turan (“Barselona”, 30 mln evro) – 13 mln evro
“Men “Barselona”dan ketishni istayman”, – deb ochiq-oydin gapirgan edi turkiyalik futbolchi. O‘z navbatida, “Barselona” ham u bilan xayrlashishga tayyor ekanligi aytilgan edi. U bundan ikki yil oldin Kataloniyaga La liganing eng umidli futbolchilaridan biri sifatida tashrif buyurgan edi. Hozir esa xatto qaydnomaga ham kiritilmayapti.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Manba: Championat.com
Fikrlar