“Real” yulduzini nomi sir tutilayotgan jamoaga taklif qilishdi
“Real”ning braziliyalik hujumchisi Endrik faoliyatida jiddiy burilishni amalga oshirmoqchi. 2024 yilning yozida “Palmeyras”dan olib kelingan iste’dodli o‘yinchi yanvarda boshqa klubga ko‘chib o‘tadi.
Xabi Alonso “Real”ni qabul qilib olganidan keyin Endrikning ishlari yurishmay qoldi. Avvalgi murabbiy Karlo Anchelotti kam bo‘lsa-da, 19 yoshli futbolchiga o‘ynash imkonini berardi.
Boshqaruv Alonsoga o‘tganidan beri Endrik biror marotaba maydonga tushgani yo‘q. Bu holat futbolchini hech bo‘lmaganda ijaraga ketishga sabab bo‘lyapti. Chunki Endrik 2026 yilgi jahon chempionatiga bormoqchi. “Real”dek klub zaxirasida o‘tirgan futbolchi ham Braziliyadek terma jamoaga jalb qilinmasligi aniq.
Shu bois, Endrik yanvarda ijaraga o‘tishga rozi bo‘lgan. Klub ham uning ketishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Taniqli insayder Nikolo Skiraning ma’lum qilishicha, futbolchining agentlari uning xizmatlarini A Seriyaning ikki klubiga taklif etdi. Hozircha, bu jamoalar nomi sir tutilmoqda va muzokaralar davom etyapti.
“Qirollik klubi” bilan 2030 yilning yozigacha amal qiladigan shartnomaga ega Endrikning transfer narxi 35 million evroni tashkil qiladi.



Fikrlar