"Real"da Valverdening xatti-harakatidan norozilik kuchaymoqda
Federiko Valverdening "Real" mashgʻulotida Orelien Tchuameni bilan mushtlashib ketgani klub ichida jiddiy muhokamalarga sabab boʻldi.
Avvalroq ikki futbolchi payshanba kungi mashgʻulot vaqtida kiyinish xonasida janjallashib ketgani xabar qilingan edi. Mojaro vaqtida Valverde yiqilib, stolga qattiq urilgan va shundan keyin shifoxonaga olib ketilgan. Unga chok tushgani aytilmoqda. Futbolchilar oʻrtasidagi keskinlik esa bir kun avval boshlangani maʼlum qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, urugvaylik yarim himoyachi bosh miya jarohati tufayli 14 kungacha maydondan chetda qolishi mumkin.
Hodisadan keyin "Real" zudlik bilan yigʻilish oʻtkazgan va intizomiy tekshiruv boshlagan. Klub ichki tartib-qoidalariga koʻra, futbolchilar jarima, chetlatish, shartnomani bekor qilish yoki transferga qoʻyish kabi jazolarga duch kelishi mumkin.
"The Athletic" nashrining yozishicha, jamoadagi ikki tajribali futbolchiga yaqin manbalar bu voqeadan keyin ikki oʻyinchining bir vaqtning oʻzida klubda qolishi "deyarli imkonsiz" ekanini aytgan.
Shuningdek, Madrid klubidagi vaziyatdan yaxshi xabardor boʻlgan bir nechta manba janjal uchun asosiy ayb Valverdedа ekanini taʼkidlagan. Uning Tchuameniga nisbatan provokatsion harakat qilgani, bu esa avval ham kuzatilgani aytilmoqda.
Manbalardan biri Valverde "butun yil davomida shunday yoʻl tutganini" aytib, uning xatti-harakati "sardorga munosib emas" deya baholagan. Bu fikr klub atrofida uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan boshqa insonlar tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan.

Fikrlar