Ronaldu va Messi ketgach, "el-klasiko"dan fayz ketdimi?

  • 24 oktabr, 2021, 12:58
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz jurnalistlari bir masala yuzasidan bahslashib qoldi. Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev "Barsa" va "Real" o‘rtasidagi to‘qnashuv Messi va Ronaldusiz ham o‘z darajasini yo‘qotmaganini da’vo qilgan bo‘lsa, Karim Xudoyqulov "el-klasiko" "o‘zga sayyoraliklar"dan keyin zerikarli o‘yinga aylanib qolganini isbotlamoqchi bo‘ldi. Ular o‘rtasidagi qizg‘in bahsning eng qiziq argumentlarini sizlarga ilindik.

1-raund

o34kgo43kgo3ko3kg34

Ya.U: Nega "Barsa" va "Real" bir-birini yomon ko‘radi?

Aslida, biror bir narsaning mohiyatini tushunib etmoqchi bo‘lsangiz, barchasini boshidan o‘rganish shart. Chiqishim biroz cho‘zilib ketishi mumkin, ammo bu shunga arziydi. Bugun Ronaldu va Messi ketgach, "al-mumtoz"ning zavqi qolmadi, deganlar uchun tarixdan bir parcha keltiraman. Har holda, bu o‘yindagi ziddiyatga aslida nima zamin yaratganini ular bilib qo‘yishsin.

1939 yilda Ispaniya boshqaruvini qo‘lga olgan Diktator Franko futbol olamidagi abadiy qarama-qarshilikning sababchisiga aylandi. Davlat rahbari o‘sha yilning o‘zidayoq Kataloniya xalqini o‘z bayrog‘i va tilidan mahrum qildi. Qarshilik ko‘rsatishga uringanlar ochiqchasiga ta’qib qilina boshlandi. Franko haqida tarixchilardan biri shunday yozadi: "Franko Kataloniya xalqini burchakka siqib qo‘ydi. Ularning huquqlarini to‘liqligicha o‘z qo‘liga oldi va davlat sifatida tan olmasligini bir necha bor e’lon qildi. Oqibatda, qiynoq va qatldan cho‘chigan kataloniyaliklar uning shartlariga ko‘nishga majbur bo‘ldi".

1212121231244243

Darhaqiqat, Kataloniya ispanlarga qarshilik ko‘rsatishga ojiz edi. Diktator Franko esa, ularning erlarini to‘liq Ispaniyaga tegishli ekanligini bildiruvchi hujjatni imzolaydi. Diktator zulmidan ezilgan xalq o‘sha davrdagi zolim hukumatga qarshi faqat futbol orqaligina javob bera olardi, xolos. Shu tariqa, bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar siyosat darajasiga ko‘tarildi.

"Barselona"ning "Real" Madridga qarshi uydagi uchrashuvlarida muxlislar doim Kataloniya madhiyasini baqirib, ko‘zlarida jiqqa yosh bilan kuylashar, ozodlik uchun kurashgan jangchilardek butun vujudi bilan muxlislik qila boshladi. O‘sha kundan boshlab, "Barselona" o‘z erkini boy bergan xalqning hukumatga qarshi yagona quroliga aylandi. "El-klasiko" vaqtida nafaqat stadion, balki, Kataloniya ko‘chalari ham muxlislarning hayqirig‘i bilan jumbushga kelar, barcha ichida yig‘ilib yotgan alam va sitamlarini aynan shunday o‘yinlar orqali to‘kib sochardi. Futbolchilar ham kimga qarshi maydonga tushganini bilishar, (avvallari, asosan, mahalliy futbolchilardan tuzilgan jamoa edi) g‘alaba uchun maydonda o‘limga ham tayyor turishar edi.

"Real" fanatlari esa, ispanlar sha’niga o‘yin davomida bildirilgan keskin fikrlarga jim qarab turmagani tabiiy. Bu mojaroni bartaraf etish maqsadida turli g‘oyalar ilgari surilgan. Hatto, 1960 yilda ikki tomon jurnalistlari jamoa muxlislar armiyasini yarashtirib qo‘ymoqchi ham bo‘lgan. "Qaymoqranglilar" bunga tayyor ekanligini bildirgan bo‘lsa-da, "Barsalona" tomondagilar murosaga borishni istamagan. Qaysar, jahli tez katalonlar ispanlarni elkasidan itargach, narigi tomonda ham "Barselona"ga nisbatan negativ fikr bildiradiganlar soni ortib ketdi.
Oradan yillar o‘tdi, biroq "el-klasiko" hali-hamon siyosiy maydon vazifasini o‘tab berishda davom etmoqda. O‘yin Ispaniya chempionati doirasida tashkil etilgani bilan, o‘rtaga tikilgan narsalarning qiymati o‘zgarmagan. Jamoalar printsipial bahsda g‘alaba qozonish maqsadida jon olib, jon berib to‘p tepayotgan paytda, Ronaldu va Messi nomli futbolchilar hali dunyo yuzini ko‘rmagan edi. Bu o‘yin ularga qadar qanday mavqega ega bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham o‘z darajasini to‘liq saqlab qolgan.

X.K: Inkor etib bo‘lmas haqiqat

Bugun bizni "Barselona" - "Real Madrid" uchrashuvi kutib turibdi. Bir necha yil oldin Ronaldusini yo‘qotgan "el-klasiko", endi Messisidan ham ayrilib qoldi. Tebas chempionat mavqeyi futbolchilarga bog‘liq emasligini ta’kidlamoqda. Haqiqatan ham shundaymi? Menimcha, yo‘q. Dunyo bo‘yicha millionlab insonlar Messi va Ronalduning personal muxlisi hisoblanadi. Shunday ekan, ular qatnashmagan "el-klasiko" millionlar ishqibozdan e’tiboridan chetda qolishi mumkin.

2-raund

dz34dpz34dpz34dp

Ya.U: Tarixiy va qadrdon qarama-qarshilik

"Barselona" - "Real" juda katta auditoriyaga ega bahs. Yaqin o‘tmishda bu klublar o‘rtasidagi uchrashuvni 185 davlatdagi 650 million muxlis tomosha qilgani, ijtimoiy tarmoqlardagi 2 milliardga yaqin qoldirilgan post yodingizdan ko‘tarilmadimi? Jamoalarning bugungi to‘qnashuvi avvalgisidan kuchsizroq, deb o‘ylamang. Shunchaki, endi katta sahnaga ko‘tariladigan qahramonlar o‘zgargan, xolos. Afisha o‘sha-o‘shaligicha qolmoqda. Keling, bugun bo‘lib o‘tadigan bahsdagi intrigalarga nazar tashlaymiz.

"Real" muxlislari jamoasidan "Barselona"ga qarshi o‘yinda kamida "Benfika" ("burgutlar" EChL bahsida 3:0 hisobida g‘alaba qozongan edi) singari o‘ynashni talab qilishi tabiiy. Tan olish lozim, "Barselona" avvalgi darajasidan ancha yiroqda, biroq "qaymoqrangililar" ham "Sherif"ga boy berilgan uchrashuvdan so‘ng ishonchli jamoalar qatoridan o‘chirilgan. Florentino Peres raqibiga nisbatan moliyaviy barqaror bo‘lishiga qaramay, "Real" buni hali "Kamp Nou"da isbotlashi shart. Karlo Anchelotti katta tanaffusdan so‘ng yana markaziy o‘yinlarda ishtirok etishni boshlamoqda. Xo‘sh, u targ‘ib etayotgan futbol g‘oyasi "o‘tmaslashib" qolmadimi? Kompensatsiya to‘lashdan qochib Ronald Kumanni murabbiylik kursisida olib o‘tirgan "ko‘k-anorranglilar" yorqin 90 daqiqa o‘tkazishga qodirmi? Har holda, yilning eng muhim bahsida kataloniyaliklar "Kamp Nou"da bor kuchini o‘rtaga tashlashi aniq. E’tiborlisi shundaki, so‘nggi 4 o‘yindan beri "Barsa" "el klasiko"da madridliklarni mag‘lub etishni uddalay olmayapti. Balki, bu an’anaga bugun chek qo‘yilar.

X.K: Qani Rim imperiyasi! Qani Yunoniston!

Ta’kidlash joiz, jamoalarning darajasi ham ayni damda ancha past. So‘nggi bahsda Kataloniya klubi "Dinamo" Kievni 1:0 hisobida bazo‘r mag‘lub etdi. Shunday bo‘lsa-da, o‘yin sifati, maydondagi faollik borasida jamoa tanqidlar ostida qoldi. Bir paytlari o‘zi haydab yuborgan Suares Kumanga aslida qanday futbolchi ekanligini isbotlab qo‘ydi. Narigi tarafda ham ishlarni u qadar obod, deb bo‘lmaydi. Madridliklar "Sherif" va "Espanol"dan mag‘lubiyat qabul qilib oldi. Oxirgi bahsda ular 5:0 hisobida g‘alaba qozondi, biroq bu maqtashga arzigulik natija emas. Bilasiz, miloddan avvalgi yillarda Yunoniston va Rim imperiyasi kuchli davlat hisoblangan. Ayni damdagi Italiya va Gretsiyani ko‘p jihatlari bilan o‘rtamiyona mamlakatlar sirasiga qo‘shsak bo‘ladi. Shonli davrlar o‘tmishda qolib ketgan. Hozir "Barsa" va "Real"da ham shunday holat. U paytlar o‘tdi-ketdi. Hozir na Anchelotti shogirdlari va na Kuman tuzgan jamoa katta sovrinlar uchun kurashishga qodir emas. Gretsiyaning oldingi va hozirgi holatidagi tafovut qay darajada bo‘lsa, "Barsa"da ham shunday farq bor. Italiya hamon kuchli davlat, biroq Rim imperiyasi umuman boshqa daraja edi.

3-raund

z34dpz34dzp34dp

X.K:Printsipiallik jar yoqasida

"El-klasiko"larda biz doim printsipiallik guvohi bo‘lganmiz. Mourino — Gvardiola, Ramos — Suares bahsi qatorida yana ko‘plab qarama-qarshiliklar ushbu to‘qnashuv sifati va tomoshabopligi oshirib berardi. Anchelotti mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladigan, tajribali mutaxassis. Lekin biz undan yangicha futbol g‘oyalari va o‘zgacha yondashuvni kutmaymiz. Men Kumanni taktik jihatdan o‘rtamiyona murabbiylar sirasiga qo‘shgan bo‘lar edim. U kelganidan buyon "Barsa" o‘yinida tiki-takaning mitti elementlarini ko‘rgan bo‘lsam-da, hujumkorlik achinarli ahvolga tushib qoldi. Bu ayniqsa, Messi ketgach yaqqol bilindi. Evropa Chempionlar ligasining 3-turidan so‘ng "ko‘k-anorranglilar" atigi 1 ta gol urdi va o‘z darvozasidan oltita to‘p o‘tkazib yubordi. Ispaniya chempionatida ham 9 tur yakuniga ko‘ra, 14 bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Mayli, bu kabi faktlarning o‘yinga bevosita ta’siri yo‘qdir. Shunday bo‘lsa-da, printsipiallik bu safargi "klasiko"da deyarli yo‘q. Fati va Vinisius kurashini keltirishimiz mumkin. Menimcha, biz ushbu qarama-qarshilikni o‘ylab topdik. Ular o‘rtasida hali bahs boshlangani ham yo‘q, aslida. Shuningdek, Benzema hamda Aguero kabi super forvardlar to‘qnashuvi ham muxlislarga qiziq bo‘ladi. Ha aytgancha, Kuman Lyuk de Yongni ham asosiy tarkibda tushurib qolishi mumkin. Axir, u ham "Barselona"ga kelib ko‘p narsalarni isbotladi. Eng birinchisi Breytueytning yaxshi hujumchi ekanligini!

Ya.U: Nima bo‘lganda ham, o‘yin tomosha qilishingizga arziydi!

Negadir, aksariyat muxlislar uchrashuv oldidan "Real"ning osonlik bilan g‘alaba qozonishini ta’kidlamoqda. Vaholanki, bu shunchaki taxminlar, xolos. Madridliklar safida Karim Benzema va Vinisiusning super formada ekanligi rost, ammo mehmonlarning g‘alaba qozonishiga sabab bo‘ladigan yana qanday argument keltirish mumkin?! Agar tarkibdagi futbolchilarning klassi yordam bermasa, "Real" nimaga suyanishi mumkin? Bu bahs oldidan "Barselona"da ham o‘ziga xos "kozir" qartalar mavjud. Yo‘q joydan gol urishga qodir Depay, jarohatidan forig‘ bo‘lgan Ansu Fati, barchaning e’tirofiga tushib ulgurgan Gavi, formasini to‘liq tiklab olgan Ter Shtegen va o‘zini omadsiz emasligini isbotlash uchun hamma narsaga tayyor Ronald Kuman.

Aslida, intiriga izlasak, "al-mumtoz" buni bizga istaganimizcha taqdim etishi mumkin. Shunchaki, o‘zga sayyoraliklarni bu bahsda boshqa ishtirok etmasligini tan olish lozim. Futbol ulardan avval ham bo‘lgan. Bundan keyin ham bo‘ladi.

o3434gok43ogk3eoe_1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!