Ronaldu va Messi o‘rtasidagi asosiy jang avj pallasiga chiqmoqda! Ulardan qay biri futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylanadi? (TOP-10)

  • 26 mart, 2023, 13:13
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Leo Messi karerasidagi 800-golini Panama termasi darvozasiga kiritdi. Bu borada argentinalik daho boshqa bir megayulduz Ronalduni ta’qib qilishda davom etmoqda. Xo‘sh, ayni damda bu statistika borasida sayyoramizning eng kuchli 10 futbolchi kim? Kuchli beshlikda esa chinakam titanlar o‘rin egalladi. Ushbu o‘nlikni IFFHS nashri mutaxassislari tuzib chiqqan bo‘lib, asosan ishonchli faktlarga suyanadi. Shu bois, ayrim futbolchilarning o‘rni o‘zgargan bo‘lishi sizni hayron qoldirmasin!

Tecno

10-o‘rin. Jo Bembrik - 616 gol

bembrik

Shimoliy Irlandiya vakilini TOP-10 da bo‘lishini kutganmidingiz? Tez orada Robert Levandovski uni TOP-10 dan surib chiqarishi kutilayapti. Yigit 1926-1943 yillar orasida "tumanli albion"da javlon urgan. U Irlandiya ligasida bir mavsum davomida kiritilgan gollar soni bo‘yicha "abadiy" rekord (94 gol) egasi sanaladi.

9-o‘rin. Eysebio - 619 gol

eisebyo

1957-1978 yillar oralig‘ida "qora pantera" 600 dan ortiq gollarni raqib darvozasiga "mixlash"ga ulgurdi. Barchasi "Benfika" klubi sharafini himoya qilgan yillariga to‘g‘ri keladi. Terma jamoa safida esa 64 o‘yinda 41 gol. Qahramonimiz karerasi so‘nggida AQShning bir nechta klubida omadini sinab ko‘rdi, ammo statistikasini yaxshilay olgani yo‘q.

8-o‘rin. Gerd Myuller - 634 gol

Myuleer

GFR uchun 68 gol kiritgan yigit "Bavariya" sharafini 15 yil davomida munosib himoya qildi. 13 sovrin va 500 gol! 3 ta Evropa chempionlar kubogi! Terma jamoa safida Evropa va Jahon chempionligi! Desertga 1970 yilda "Oltin to‘p" sovrini. Bu statistik ma’lumotlar katta bir maqolaning o‘rnini bemalol bosa oladi.

7-o‘rin. Jimmi Jonston - 647 gol

Jonston

Bu yigit haqida eshitmaganingiz aniq. Faoliyatini Shotlandiya birinchiligida o‘tkazgan forvard "Seltik" klubining barcha zamonlaridagi eng yaxshi futbolchisi sanaladi. Qahramonimiz "keltlar" bilan 32 sovrinni boshi uzra ko‘targan. 1967 yilgi "Oltin to‘p" uchun kurashda Jimmi kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘lgan.

6-o‘rin. Yozaf Bitsan - 720 gol

bitsap

Praganing "Slaviya" klubi safida 554 gol urib, to‘purarlik poygasiga qo‘shilgan yigit keyinchalik Chexiyaning boshqa jamoalarida ham muvaffaqiyatli mavsumlar o‘tkazdi. Chexoslovakiya chempionatida u o‘rnatgan rekord (1947 yil, 43 gol) hali-hamon yangilanmagan. IFFHS nashri tomonidan u XX asrning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatida 34-pog‘onada qayd etilgan.

5-o‘rin. Ferents Pushkash - 729 gol

pushkash

O‘z faoliyatining barchasini "Gonvede" va "Real" Madrid safida o‘tkazgan hujumchi Vengriyada besh bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Madridda 10 ta sovringa ega chiqqan. U 4 bor vatanida va yana shuncha Ispaniyada eng yaxshi to‘purar uchun berilgan sovrinni o‘ziniki qilib olgan. Qahramonimiz Vengriya terma jamoasi (84 gol) va "Gonvede" (378) tarixidagi eng yaxshi to‘purar ham sanaladi.

4-o‘rin. Romario - 755 gol

Romario

Braziliyalik afsona o‘zi o‘ynagan barcha chempionatlarda tengsiz ekanligini isbotlashga muvaffaq bo‘lgan. Karioko ligasida 7 marta, Niderlandiya va Braziliya birinchiligida to‘purarlar poygasida hech kimga "non" qoldirmagan yigit La Ligada bu ishni bir marotaba uddalagan. 1994 yilda Braziliya bilan mundialda zafar quchgach, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, FIFA tomonidan "yilning eng yaxshi futbolchisi", deb e’tirof etilgan.

3-o‘rin. Pele - 762 gol / 1, 283 gol

pele

Pele Braziliya terma jamoasi safida 77 bor raqib darvozalarini ishg‘ol qilishni uddalagan. Bu statistikada Neymar uni ko‘p o‘tmay quvib o‘tishi ehtimoli yuqori. Uch karra mundial g‘olibi turli-tuman rekordlar egasi sanalsa-da, ularning faktlarga asoslanmagan ekanligi ko‘plab nashrlar tomonidan bot-bot e’lon qilinmoqda. Masalan, futbol qirolining kiritgan gollari soni borasida ham aniq bir dalil yo‘q. Kimdir 1363 gol deb hisoblasa, boshqalar 1289 ta ekanligini yozib qoldirgan. Braziliyaning ayrim eski nashrlarida esa 19 yoshli Pele bir mavsumda 126 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgani haqidagi haqiqatdan yiroq ma’lumotlarga ko‘zimiz tushishi mumkin. Shunga qaramay, IFFHS Pele urgan gollar sonini 726 ta deb hisoblaydi. Demak, shu mezon asosida biz ham uni 3-pog‘onaga joylashtiramiz.

2-o‘rin. Leo Messi - 800 gol

messi

Qahramonimiz "Barselona" safida 672 bor raqib darvozalarini ishg‘ol etgan. PSJ uchun 29 gol. Terma safida esa 99 bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Ronaldu bilan farq o‘rtada ulkan emas, ammo futbolchining azaliy raqibi oxirigacha kurash olib borishi aniq. Boz ustiga, Saudiya Arabistoni chempionatida o‘zini yaxshi his qilayotgan portugaliyalik yulduz 40 yoshga qadar to‘p tepmoqchi ekanligini yashirib o‘tirmayapti. "Titanlar to‘qnashuvi"da so‘nggi so‘zni kim aytishi juda va juda qiziq.

1-o‘rin. Krishtianu Ronaldu - 830 gol

ronaldu

Leo endigina 800lik dovonni oshib o‘tdi. Ronaldu bu vazifani 2021 yilning dekabr oyida "Arsenal" darvozasiga ikki gol kiritib uddalagan edi. Shuningdek, Ronaldu terma jamoa safida kiritilgan gollar bobida ham sayyoramizning eng kuchli (122 gol) ijrochisi sanaladi.

Shuningdek, EChLda urilgan gollar soni (140) bobida ham hech kim uning oldiga tusha olmaydi. Qahramonimizning maksimalist ekanligini hisobga olsak, bu raqamlar yillar davomida katta tezlik bilan o‘sib borishiga shubha yo‘q. Raqibi o‘zidan 2 yosh kichik ekani va unda vaqt biroz ko‘proq bo‘lishini hisobga olgan forvard o‘rtadagi farqni kattalashtirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. 

P.s Sizningcha, "o‘zga sayyoralik" yigitlarning so‘nggi kurashida kimning qo‘li baland keladi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!