Ronaldudan zo‘r futbolchi chiqdi
Saudiya Arabistoni Professional ligasi Krishtianu Ronalduni e'tiborsiz qoldirib, eng yaxshi futbolchi sovrinini Joau Feliksga berdi.
Krishtianu Ronaldu “An-Nasr”ni olti yillik tanaffusdan keyin Saudiya Arabistoni chempionligiga olib keldi, ammo mavsumning eng yaxshi futbolchisi sovrini uning jamoadoshi Joau Feliksga topshirildi.
41 yoshli portugalik yulduz yana bir bor ushbu individual mukofotni qo‘lga kirita olmadi.
Saudiya Arabistoni chempionatidagi 18 klub sardorlari va bosh murabbiylari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ovozlarining katta qismi “Chelsi”ning sobiq futbolchisiga berildi. Ovoz berishda OAV vakillari hamda muxlislar ham ishtirok etgan.
So‘nggi turda Ronaldu “Damak” darvozasiga ikkita to‘p kiritib, chempionatdagi umumiy gollari hisobini 28 taga yetkazdi. Feliks ushbu uchrashuvda Sadio Manega golli uzatma berdi. Bu uning mavsumdagi 13-assisti bo‘ldi va ligada hech bir futbolchi bundan ko‘proq golli pas bermagan.
“Chelsi”dan ko‘chib o‘tganidan keyingi debut mavsumida portugalik hujumchi 20 ta gol urdi.
“Oltin butsa”ni so‘nggi turda xet-trik qayd etgan Xulian Kinyones qo‘lga kiritdi, uning gollari soni 33 tani tashkil qildi. Ivan Toni hisobidagi gollar soni bitta kam bo‘lib qoldi, “Al-Ahli”ning hal qiluvchi o‘yinida gol urolmagani uchun to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘ringa tushib qoldi.
Gol va assistlar jamlanmasi bo‘yicha Feliks Ronaldudan ustun keldi –33 taga qarshi 30 ta. 41 yoshli Ronaldu mavsum davomida atigi ikki marta golli uzatma berdi.
Statistikadan tashqari, Joau Feliks ikki marta – sentabr va may oylarida “Oy futbolchisi” mukofotini olgan yagona futbolchiga aylandi.
Ronaldu esa bu mavsumda biror marta ham oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘la olmadi. Uning oxirgi bunday sovrini 2024 yil may oyida, ligadagi birinchi to‘liq mavsumida qo‘lga kiritilgan beshinchi mukofoti bo‘lgan. Biroq o‘sha mavsum yakunlariga ko‘ra liga “Mavsum futbolchisi” umumiy mukofotini topshirmagan, o‘tgan yili esa ushbu sovrin Karim Benzemaga berilgan.
Shu tariqa, Ronaldu haligacha biror marta ham Saudiya Pro-ligasining mavsum eng yaxshi futbolchisi, deb topilmagan. Ayni paytda Joau Feliks ushbu mavsumda to‘qqiz marta o‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etildi.

Fikrlar