
Ronalduning uyi "snos"ga tushdi!
Krishtianu Ronaldu nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham tez-tez noqulay vaziyatlarga tushib turadi. SPORTS.uz futbol olamidagi eng taniqli futbolchilardan biri duch kelgan eng noodatiy muammolar haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tadi.
Portugaliyadagi uyi buziladi!
Bu qahramonimizning Portugaliyadagi ko‘chmas mulki bilan bog‘liq. Gap shundaki, uning uyi davlat ruxsatisiz qurilgani bois, shahar meri - Manuel Tibo MYu hujumchisi bilan gaplashib oldi. Krish quriladigan uyi haqida shahar vakillari bilan kelishgan, ammo qurilish rejadagidan ancha kattalashib ketdi. "Marca" nashri bergan ma’lumotlarga qaraganda, Krishtianu qurilish loyihasiga kiritilmagan 300 kvadrat metr joyni egallagan tennis korti va boshqa qo‘shimcha 115 kvadrat metrni egallab turgan binolarni 2022 yilning mart oyiga qadar buzib tashlashi shart. Krishning "koshonasi" shu turishda 2,7 million evroga baholanayotgan edi. O‘zgarishlardan so‘ng, uning narxi keskin tushib ketishi aniq. Hozirda, futbolchining agenti muammoni osonroq hal etish borasida muzokara o‘tkazishni boshlagan.
Angliyadagi uyini almashtirishga majbur bo‘ldi
Sentyabr oyida xorij nashrlari Ronaldu Manchester shahridagi uyini almashtirishga majbur bo‘lgani haqidagi ma’lumotni taqdim etdi. "Mirror" nashri jurnalistlarining aytishicha, Ronaldu va uning oilasiga uylar atrofida o‘tlab yurgan qo‘ylar uyqu bermagan. Angliyaning bu shahrida qo‘ylar podasi bir necha mingdan ortiq. Shu bois, "Manchester Yunayted" futbolchisi oilasi bilan boshqa uyga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. U avvalgisidan ikki barobar arzonroq bo‘lsa ham, qo‘ylar bo‘lmagan Cheshir shaharchasidagi kichikroq uyni tanladi.
Ronaldu chinakam professional. U kunning katta qismini mashg‘ulotlarga sarflaydi. Erta tongdan baland ovozda "signal" beruvchi hayvonlar futbolchining uyqusini buzishi mumkin. Bu esa, butun boshli rejimning buzilishi olib keladi. Aynan shu vaj sababli Ronaldu oilasi ko‘chib ketdi.
"Urib" ketilgan uy
2020 yilning 7 oktyabr sanasida Ronalduning Madeyra orolidagi uyiga o‘g‘rilar hujum qiladi. Eng qizig‘i shundaki, jinoyatchilar bu uy Portugaliya futboli tarixidagi eng buyuk futbolchiniki ekanligini bilib turib, tunda tashrif buyurgan. Xonadondan Ronalduning imzosi tushirilgan "Yuventus" klubi libosi o‘g‘irlab ketilgan. Bundan tashqari, yana ayrim jihozlar ham o‘g‘rilarning e’tiborini tortgan, ammo ular qo‘lga tushgach, aynan Krishtianuning dastxati tushirilgan libosni qo‘lga kiritish maqsadida bu ishni amalga oshirganini tan oladi. Ularning yuzi niqob bilan to‘silmagani bois, uydagi barcha kameralar o‘g‘rilarning yuzini tasvirga olgan. Politsiya xodimlari esa, bir sutka ichida ularni qo‘lga olishni uddalagani tahsinga sazovor.
Karantin qoidasini buzgani uchun jarima
Bir yil avval, Ronaldu COVID-19 yuqtirib olganidan xabar topdi va karantindan so‘ng Turinga yo‘l oldi. Portugaliya qoidalariga ko‘ra, virus yuqtirgan odam 10 kun o‘z-o‘zini yakkalashi shart. Italiyada esa, koronavirusga chalingan shaxs kamida 14 kun odamlardan uzoqda bo‘lishi kerak. Natijada, sport vaziri futbolchini keskin tanqid qildi.
Yanvar oyida Ronaldu va Jorjino karantin qoidalarini buzgancha, Kurmayore tog‘ida ikki kun dam olishga yo‘l oldi. Krish sevgilisining 27-bahorni o‘zgacha qarshi olishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. "Corriere dello Sport" nashri bergan ma’lumotlarga qaraganda, ta’til chog‘ida futbolchi o‘sha davrda Italiya hukumati tomonidan "qizil zona" etib belgilangan Pemont va Valle-d’Aosta shaharchalarini "ziyorat" qiladi. Boz ustiga, rasman yopiq sanalgan otellardan birida tunaydi. Natijada, ularni mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi naqd 400 evro miqdoridagi jarimaga tortadi.
Haydovchilik guvohnomasidan ayriladi!
2013 yilning may oyida Madrid politsiyasi Krishtianuni haydovchilik guvohnomasini olib qo‘ydi. Mashg‘ulotdan uyga qaytayotgan hujumchi yo‘l harakati qoidasini buzadi. Uni to‘xtatgan qonun himoyachilari Ronalduni tanigan bo‘lsa ham uni jazodan qutulib qolmasligini ma’lum qildi. "Cedana Sport" bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, o‘sha davrdagi "Real" hujumchisi ularni haqorat qiladi. Natijada, katta yo‘lning o‘rtasida janjal chiqadi. Madrid yo‘l harakati noziri o‘ylab o‘tirmay, Krishtianuning haydovchilik guvohnomasini tortib oladi.
Manchesterdagi avtohalokat
2009 yilda Ronaldu hayotidagi eng katta baxtsiz voqealardan birini boshdan o‘tkazadi. Manchester shahri aeroporti yaqindagi tunnelda futbolchi mashina boshqaruvini qo‘ldan chiqaradi. "Ferrari"ning oldi qismi deyarli yo‘q bo‘lib ketganiga qaramay, futbolchi hech qanday tan jarohati olmaydi. Voqea joyiga etib kelgan politsiyachilar avtohalokatdan omon chiqqan futbolchini klub mashg‘ulotlariga shaxsan o‘zlari tashlab qo‘yadi.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni Ronaldu "Ferrari"ga ilk bor o‘tirgan. U mashinaning tezligini sinab ko‘rish maqsadida biroz shahar aylanishga qaror qiladi. Boshqaruv uslubining o‘zgacharoq ekanligini hisobga olmagan futbolchi tunnelda boshqaruvni yo‘qotib qo‘yadi. "The Sun" nashrining ma’lum qilishicha, o‘sha voqeadan so‘ng futbolchi uzoq paytga qadar "Ferrari" brendi ostidagi mashinalarni sotib olishni istamagan ekan.
Soliqlarni to‘lashdan qochgani uchun qamoq!
O‘z vaqtida soliqlarni to‘lamaslik bilan muammo ko‘plab mashhur futbolchilarda uchraydi. Krishni ham bu chetlab o‘tmagan. 2017 yilning yozida portugaliyalikni sud soliq to‘lashdan qochish maqsadida daromadini yashirishda aybladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, futbolchi 15 million evroni davlat g‘aznasiga borib tushishiga yo‘l qo‘ymagan. CR7 brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosidan kelib tushayotgan pullar aylanmasi soliqchilarda shubha uyg‘otgan. Pullar Irlandiya orqali Virgin orollaridagi hisob raqamiga borib tushadi. Bir yil davom etgan sud jarayonidan so‘ng, futbolchi 18,8 million evro jarima to‘lashga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, unga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham belgilandi. Qahramonimiz dunyoning eng kuchli advokatlarini ishga solib, sudya chiqargan qarorni yumshatishga muvaffaq bo‘ladi. Natijada, 24 oylik qamoq jazosi 16,8 million evro jarimaga almashtirildi.
Ya . U
Fikrlar