
Ro‘ziqul Berdiev: Xorijdan yaxshiroq taklif bo‘lsa, nimaga ishlamasligimiz kerak?
“Nasaf”ning bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev sirqirra ijodkor. U qiyinchiliklarga qaramay, mahalliy yoshlar bilan ham qanday jamoa shakllantirganini hamma ko‘rib turibdi. Shu bois ham uni barcha hurmat qiladi va murabbiylik salohiyatiga katta ishonch bilan qaraydilar.
Bu yil ham uning jamoasi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda. Futbolni esa o‘z bilimi darajasida teran tushunadi. Sports.uz muxbiri bilan suhbatda bir qator masalalarda fikr bildirdi. Avvalo gapni terma jamoa haqida boshladi.
- Menimcha, ikkala jamoa ham bu o‘rtoqlik o‘yini bo‘lgani uchun jiddiy yondashishmadi, - deya suhbatni boshladi Berdiev. - Chunki ularning ham, bizning ham tarkibimiz to‘liq emasdi. Eron natija uchun har doim shunday o‘ynagan. Yana tartibli o‘yini bilan g‘alabaga erishdi. Eronda har bir murabbiy davrida tartibli o‘yin orqali natijani qo‘lga kiritish vazifasi bo‘lib kelgan. To‘g‘ri, terma jamoamizni ham yomon o‘ynadi, deb bo‘lmaydi. Murabbiylarimiz yangi o‘yinchilarni ham sinab ko‘rishmoqda. Kim qanchalik tayyorgarlikka egaligi murabbiylarga ayon.
- Hujumchimiz Eldor Shomurodovning Italiya A seriyasiga ketgani muhim voqelik sifatida qaralmoqda. Sizningcha, uni Italiyada nima kutyapti, deb o‘ylaysiz?
- Bir narsani aniq aytishim kerak, bu futbolimiz uchun katta yutuq bo‘ldi. Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridan birida o‘zbekistonlik o‘yinchining to‘p surishi xalqimizni xursand qiladi. Chindan ham bunga katta voqea sifatida qarash lozim. Eldor Rossiyada o‘ynaganida ham futbolchilarimiz va futbolimizning yuzini ko‘rsatib berdi. Uning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Shomurodovda Italiyada ham o‘zini ko‘rsatish uchun barcha xususiyatlari bor. Gol urishni ham, jamoa uchun o‘ynashni ham biladi. Faqat yangi muhitga tezroq moslashishi kerak. Murabbiyning ishonchi va jamoaning qanchalik qabul qilishi juda muhim sanaladi.
- Siz boshqarayotgan “Nasaf”da ham iqtidorli futbolchilar juda ko‘p. Shomurodov singari ulardan qaysilari keyinchalik Evropaga tortadi, deb ayta olasiz?
- Hozirgi yigitlarimiz ham o‘sishga erishyapti. Hozircha bu holat faqat O‘zbekiston darajasida bo‘lib qolyapti. Ammo jamoamizdan oldin ketgan o‘yinchilarni ham ko‘rdinglar, ular har qanday jamoaning o‘yinini kuchaytirishga imkoniyati kattaligini ko‘rsatishdi. Masalan, Odil Hamrobekov “Paxtakor”da yaxshi o‘ynayapti. Aziz G‘anievni qarang! Osiyo Chempionlar ligasidek jiddiy musobaqada ham u jamoasining etakchilaridan biriga aylanib bo‘lgan. Hozirgi yoshlarimizning ichida ham kelajakda ko‘p narsaga erisha oladiganlari bor. Eldorga o‘xshab Evropada to‘p surishlarini juda istaymiz. Lekin bu ko‘proq o‘zlariga ham bog‘liq. Futbolda agentlar ham yaxshi ishlashi kerak bo‘ladi. Rossiyada o‘yinchilarimiz o‘zlarini yaxshi ko‘rsatishyapti. Bu esa futbolimizning darajasini ko‘rsatib beryapti. O‘ylashimcha, o‘zbek futboliga bo‘lgan e’tibor xorijda yanada kuchayadi.
- Lekin aksariyat o‘yinchilarimiz asosan Osiyoga qarab ketishyapti. Evropada esa...Nima uchun o‘zbek futbolchilari arab yoki Osiyoning boshqa chempionatlariga ketishyapti. Buning asosiy sababi pulmi yoki agentlar bilan bog‘liqmi? Vaholanki, Evropada ko‘proq legionerlarimiz o‘ynashini istaymiz. Bu esa futbolimizning o‘sishiga yanada jiddiy turtki berishi shubhasiz...
- Bunga asosiy sabab shu paytgacha Evropadan bizning futbolchilarimizga ehtiyoj bo‘lmagan. Arablardan bo‘ladigan takliflar esa klub va o‘yinchi uchun ma’qul kelayotgani bois ko‘proq o‘sha tomonlarni tanlashyapti. Chetdan taklif bo‘lganida bu klubga ham, futbolchiga ham har taraflama ma’qul kelishi kerak. Eldor Shomurodov, Oston O‘runov, Jasur Jaloliddinov kabi legionerlarimiz orqali o‘zbekistonlik o‘yinchilarga e’tibor yanada kuchayadi.
- Shuningdek, o‘zbekistonlik murabbiylarning xizmatiga ham xorijda talab katta emas. Babayan Xitoyda ishlayotgandi, ammo u ham ketdi. Fikringizcha, nima uchun o‘zbek mutaxassislari xorijga talpinishmayapti? Yoki agentlar bilan ishlash masalasi yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganmi?
- Balki agent tarafi ham bordir. Masalan, Xitoyni oladigan bo‘lsak, u erdagi klublar juda boy. Shunga yarasha salohiyati baland, nomi chiqqan murabbiy yoki futbolchilarni chaqirishni ma’qul ko‘rishadi. Bizning murabbiylarimiz esa hali shu paytga qadar hech qaerda nomi chiqmagan va biror nimaga erishmagan ham. Tan olishimiz kerak, bizning murabbiylarga deyarli e’tibor yo‘q desak ham bo‘ladi. Murabbiyning ishi futbolchinikiga o‘xshash. Agar chetda biror-bir mutaxassisimiz katta natijalarga erishganida boshqalarga ham balki yo‘l ochilardi. Qolaversa, bizning murabbiylik litsenziyalarimiz xorijda ishlashga imkon bermaydi.
- Lekin sizga Eronning “Traktorsozi” jamoasidan taklif bo‘lgandi...
- Osiyo Chempionlar ligasida “Traktorsozi”ni ikki marta yutganimizdan so‘ng qiziqib qolishgandi. O‘shanda klub bosh murabbiyligiga uchta nomzod bo‘lgan va ularning orasida meni ham nomim bo‘lgan. Ushbu haqida Eron matbuoti yozganidan keyin bu gap chiqdi.
- O‘zingizda ham xorijda ishlash xohishingiz bormi? Yoki butun e’tiboringizni faqat “Nasaf”ga qaratganmisiz?
- Hozircha “Nasaf”da. Nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Agar xorijdan yaxshiroq variant bo‘lsa, nimaga ishlamasligimiz kerak? Faqat bizning chempionatimizdan yuqori bo‘lishi kerak. Klubning darajasi ham baland bo‘lmog‘i zarur.
- Menimcha, bu borada imkoniyat yuqoriroq. Chunki murabbiy sifatida erishgan yutuqlaringiz bisyor. Lekin birgina chempionlik etishmayapti...
- Andijondagi uchrashuvdan keyin aytgandim, 2018 yili rahbariyatga katta maqsad qo‘yish kerakligi haqida ma’lum qilgandik. O‘shanda jamoamiz chempionlik darajasiga yaqin kelgandi. Afsuski, ko‘plab etakchilarimiz jamoamizni tark etishdi. Bilsangiz, o‘sha kezlarda ikki yilcha tarkibimizni saqlab kelgandik. Jamoamizning imkoniyatlarini yuqori cho‘qqisiga chiqargandik. Hozir ham jamoamizni o‘tgan vaqt davomida ancha sayqalladik desak ham bo‘ladi. Lekin keyingi yilga nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
- Yaqinda viloyat hokimi bilan uchrashgandinglar. O‘sha uchrashuvdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Viloyatning birinchi odami jamoaga e’tibor qaratar ekan, bu sizni har taraflama quvontiradi. Har qanday masala echilishiga ishonasiz.
- Muhimi, yosh jamoa bilan yana yuqori o‘rinlar uchun kurasha olishingizni ko‘rsatyapsiz. Mavsum yakunigacha nima kutyapsiz?
- Yilning boshidagi tarkibimizni va safimizdan ketgan o‘yinchilarni ko‘rib, bizni bu darajaga chiqishimizga ko‘pchilik ishonmagandi. Hattoki, “Nasaf”ni kuchli oltilikda ham ko‘rishga ishonmayotganlar bor edi. Biz esa jamoa o‘yinini shakllantirishga va yigitlarni ishontirishga harakat qildik. O‘ylaymanki, buning uddasidan chiqyapmiz. Lekin hali hech qanaqa vazifani uddalaganimiz yo‘q. Chunki hali mavsum davom etyapti. Jamoamizning o‘yiniga to‘g‘ri baho beradigan bo‘lsak, chindan ham “Nasaf” sovrinlar uchun kurashishga haqli.
- Bundan tashqari, jamoangiz o‘yinini va shogirdlaringizni skautlar ham kuzatayotgan bo‘lsa kerak, hammasi bir-biriga bog‘liq...
- Har yili qaysidir etakchilarimiz ketishyapti. Yoki transfer qilyapmiz. Jamoamizning hozirgi o‘yinlaridan keyin yana qiziqishlar bo‘lishi tabiiy.
- Futbolchilaringizga rasman takliflar tushyaptimi?
- Bilmadim, balki klubga chiqishgandir. Transferlar bo‘yicha klub bilan gaplashishadi, murabbiylarga aloqaga chiqishmaydi. Eshitishimcha, takliflar bor, o‘yinchilarimizga.
- Xorijdanmi?
- Bu xususida aniq bir narsa deya olmayman.
Fikrlar