Ruslan Abdullaevning Parij Olimpiadasidagi asosiy raqobatchilari kimlar?

  • 26 iyun, 2024, 13:25
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Parij Olimpiadasi ham "eshik qoqmoqda"... Bu galgi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga bo‘lgan qiziqish juda katta. Ayniqsa, bokschilarimizga bo‘lgan ishonch har doimgadanda yuqori. Murabbiylarimiz ushbu tarkibni o‘zbek boks tarixidagi eng kuchlisi deya e’tirof etmoqda. Xullas, eng ko‘p medallar bokschilarimizdan kutilayotgani sir emas. Albatta, Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolovlarning Olimpiadadagi asosiy raqiblari haqida so‘z yuritildi. Biz qolgan bokschilarimizning asosiy raqobatchilariga e’tibor qaratamiz. Dastlab, -63,5 kgda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Ruslan Abdullaevga muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan bokschilarga to‘xtalamiz. 

Tecno

Erislandi Alvares - Kuba

- Kubaliklar avvaldan texnikasi, oyoq harakatlari va  o‘ziga kam zarba qabul qilishi bilan nom qozonishgan. Erislandi Alvares Kubada avlodlar almashinuvi kechayotgan vaqtda bo‘y cho‘zayotgan bokschilar sarasiga kiradi. Uning Toshkentdagi jahon chempionatida -60 kg vazn toifasida ishtirokini yaqindan kuzatganmiz. U finalda frantsiyalik Sofyan Umiaga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Asosiy zarbani o‘ng qo‘lida yo‘llaydi. Kutilmaganda otilib beradigan zarbalari bor. U ham Kuba boksiga xos ravishda asosan oyoq harakatlariga e’tibor qaratgan holda, 2-raqamda ishlashni maqul ko‘radi. Uning Ruslanga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan jihati  "cho‘qib" qochishi ya’ni bittalik zarbalarni amalga oshirishi va qarshi hujumdagi harakati, desam yanglishmagan bo‘laman. Eng asosiysi esa shunday boksni yoqtiradigan hakamlarga uchramasligimiz... Mabodo u Parijda  Ruslanga to‘g‘ri kelib qolsa, katta ehtimol bilan yurtdoshimizning bosimiga va zarba kuchiga dosh berishi qiyin. Uni qanday engishni tojikistonlik Bahodir Usmonov Olimpiadaga litsenziya beruvchi turnirda ko‘rsatib berdi. Darvoqe, Alvares professional boksda ham 3 ta jang o‘tkazib ulgurdi va barchasida g‘alaba qozongan. 


 

Sofyan Umia -Frantsiya

- Mana buni tom ma’noda katta raqobatchi deyishimiz mumkin. 3 karra jahon chempioni, Olimpiada kumush medali egasi, Evropa o‘yinlari g‘olibi va professional boksda 5 ta jang va barchasida g‘alaba! Boz ustiga Olimpiada uning vatanida bo‘lmoqda. Biroq, bitta jihat borki, bu uning minus tomoni sanaladi. U yuqorida sanab o‘tilgan barcha natijalarni -60 kg vaznda qo‘lga kiritgan.  Parijda esa u -63,5 kgda ringga ko‘tariladi. Albatta, ma’lum bir vaznga moslashish ham uzoq vaqtni talab qiladi. Birgina bunga Hasanboy Do‘smatovning -51 kgga moslashish uchun ketgan vaqti misol bo‘la oladi. Uning kuchli jihati, tanasiga nisbatan qo‘llarining uzunligi va gavda qismi bilan himoyasi ya’ni "uklon"lari ajoyib yo‘lga qo‘yilganida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, bunga old qo‘l "jeb" zarbalarini mukammal yo‘llay olishini ham qo‘shsak bo‘ladi. Ha, uning IQ si ham ajoyib... Mukammal bokschilar sarasiga kiradi. Biroq, Ruslanga Umianing kuchli jihatlaridan ko‘ra, eng katta havf mezbonlik faktori bo‘lishi mumkin. Ammo, Abdullaevda unga nisbatan plyus jihatlar ko‘p. Ya’ni, -63,5 kg vazn Ruslanni divizioni va uning zarba kuchiga Ovanis Bachkovdek chidamli bokschi dosh bera olmagan ekan. Yangi vaznda o‘zini sinayotgan Umia ham qulashi aniq. 


 

Albatta, bu bokschilar hamyurtimizning Olimpiadadagi ehtimoliy raqiblari orasidagi eng ko‘zga ko‘ringanlari deb aytishimiz mumkin. Aslida, Olimpiadaga oddiy bokschilar yo‘l olmaydi. Istalgan raqibdan katta xavf kutish mumkin. Biroq, biz Ruslanga ishonamiz va undan albatta chempionlikni kutib qolamiz. Bu borada unga omad tilaymiz! 

Ahmadbek EShMATOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!