
Saidyoqub Qahramonov uchun faoliyatidagi eng qiyin raqib. Said Nurmagomedov qay darajada kuchli?
Kun yangiligi, anonsi deb bemalol hamyurtimiz Saidyoqub Qahramonovning rossiyalik Said Nurmagomedovga qarshi kechajak jangi e’lon qilinganini aytsak bo‘ladi. Xo‘sh, Said Nurmagomedov qanday raqib? Uning Nurmagomedovlar sulolasi bilan qanday bog‘liqligi bor? Barcha detallarni sports.uz jamoasi qo‘ldan kelgancha tahlil qilishga intilib ko‘rdi.
Said Nurmagomedov (16-2) anchagina chidamli va yorqin dog‘istonlik jangchi. Uning mashhur Nurmagomedovlarga familiyasidan boshqa daxldor joyi yo‘q. Dunyoning elit ligasida 7 marta jang qilgan Said o‘zini har tomonlama ko‘rsata olgan va 6 jangida g‘alaba qozongan (3 jangida muddatdan oldin). Texnik jihatdan, Said kurashga zarur hollarda murojaat qilmaydigan va jangining asosiy qismini tik oyoqda qo‘l va oyoq zarbalarini yo‘llash orqali olib boradi. Nurmagomedov ijrosidagi aylana oyoq va bekfist zarbalari ayniqsa jang mobaynida tez-tez amalga oshirilib turadigan elementlar hisoblanadi.
Ammo, kardio va kurashga asosiy urg‘u beriladigan raqiblarga qarshi janglarda esa Nurmagomedovning qiynalgan jihatlari yo‘q emas va bunaqa holatlar uning Raoni Barselos, Daglas Silva de Andrade, Magomed Bibulatovlarga qarshi kechgan janglarida yaqqol sezilgan. Hamyurtimiz, Saidyoqub Qahramonda esa hammasi ko‘ngildagidek. Har holda, shunga umid qilamiz. Sababi, avgust oylarida faoliyatini yakunlash kabi fikrlar og‘ushiga tushib qolgan jangchimiz, va nihoyat, o‘tkinchi eyforiyalardan voz kechgani va top raqib bilan jangga kirishayotganining o‘ziyoq voqealar rivoji biz orzu qiladigan stsenariy asosida kechajagidan dalolat bermoqda. Qahramonovning Ronni Lourensga qarshi kechgan jangi nafaqat o‘zbeklar, balki, horij OAV vakillarining og‘izlarini lang ochishiga zamin hozirladi. Kurashi, ta’bir joiz bo‘lsa, fenomenal bo‘lgan va shu paytgacha o‘z tomonga qaratilgan 26 ta teyk-daun urunishidan muvaffaqiyatli himoyalana olgan Ronnining o‘sha kuni himoyasi ishdan chiqdi.
Bunaqa nosozlikka esa Saidyoqubning xatti-harakatlari zamin hozirladi. Albatta, hamyurtimizning stoyka masalasida oshib o‘tishi kerak bo‘lgan dovonlar mavjud. Biroq, sobiq Cage Fury FC chempionining shahdam qadamlari bilan prmoushen uzra eng qiyin chellendj raqiblarga qarshi o‘zini yo‘qotib qo‘ymayotgani judayam quvonarli holat. Ishonamizki, Saidyoqubda 17 dekabr sanasida bu safargi Nurmagomedov familiyali jangchiga qarshi olishuvda o‘ziga xos hal qiluvchi manyovrlar mavjud bo‘ladi va bu borada unga omad tilaymiz!
Mahmudjon Jabborov tayyorladi
Fikrlar