
Samvel Babayan: "Kerakli natijani qo‘lga kiritib, guruhdan chiqishimiz kerak"
Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi so‘nggi 6-turida “Navbahor” Hindistonda “Mumbay Siti” bilan o‘ynaydi. Uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Samvel Babayan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Biz guruhdagi so‘nggi o‘yinimizni o‘tkazamiz. Osiyo Chempionlar ligasi doirasidagi uchrashuv biz uchun ahamiyatli hisoblanadi. Bu turnirdagi har bir jamoa yaxshi harakat qila oladi. Uchrashuvda har kim ko‘zlagan maqsadiga erishishga harakat qiladi. “Mumbay Siti”ni rivojlanayotgan jiddiy jamoalardan biri deb hisoblayman. U erda murabbiylar shtabi hamda tajribali futbolchilar bor. Terma jamoa a’zolari ham bu jamoa safida borligini bilamiz. Bor kuchimiz bilan kurashib, kerakli natijani qo‘lga kiritishga intilamiz.
Shuni aytishim kerakki, ikki nafar o‘yinchimiz diskvalifikatsiya qilingan. O‘zimizda “Mumbay Siti”ga qarshi o‘ynaganmiz va o‘shanda bu yaxshi jamoa ekanligiga guvoh bo‘lganmiz. Bizga qarshi jiddiy qarshilik ko‘rsatgandi. Futbolda o‘ziga xos falsafasi va boshqalardan ajralib turadigan o‘yin sifati bor. Bizga qarshi uchrashuvda sifatli futbol ko‘rsatishgan. Saudiyada ham issiq va nam havoda o‘ynadik. Bu erdagi ob-havoga ham moslashib, adaptatsiya jarayonini yaxshi o‘tkazishimiz kerak deb o‘ylayman. Nima desam bo‘ladi? Ertangi uchrashuv oldidan raqibimizni bir qator ustunliklari ham bor. Kuchli o‘yinchilari OChLning o‘tgan turida maydonga tushishmadi. Ular ertangi uchrashuvga yaxshigina tayyorgarlik ko‘rishdi. Lekin biz ko‘proq hujum uyushtiramiz va kerakli natijaga erishishimiz lozim. Chunki biz guruhdan chiqishimiz kerak. Shu sababdan uchrashuv jamoamiz uchun nihoyatda muhim. Qiziqarli bellashuv bo‘ladi. Aytganimdek, Namanganda ularni o‘yinini ko‘rganmiz. Biz ajoyib o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Fikrlar