
Sanjar Asqaraliev: Nafaqat Namangan futboli, balki o‘zbek futboli uchun iqtidorli yoshlarni etishtirishni oldimizga maqsad qilganmiz
Oxirgi paytlarda Namangan futbolida e’tiborga molik o‘zgarishlar yuz berayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ayniqsa, ilgari futbolchi sifatida o‘zidan iliq taassurot qoldirgan sobiq o‘yinchilarning endilikda viloyat futboli tizimida ish boshlayotganliklari e’tiborga molikdir. Bungacha yaqinda taniqli futbolchi bo‘lgan Shuhrat Mirholdirshaev Namangan viloyati futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti sifatida ish boshlagandi. Yaqinda esa yana bir sobiq futbolchi - Sanjar Asqaraliev Namanganda 17-sonli bolalar-o‘smirlar futbol maktabiga direktor etib tayinlandi. Bunga qadar esa u Janubiy Koreyada bolalar murabbiyi sifatida ishlab kelayotgandi va bu borada ilgari xabar berib o‘tgandik. Shunday qilib, Sanjar Usmonovich endilikda o‘zini rahbarlik lavozimida sinab ko‘radigan bo‘ldi. Aytish joizki, yurtimizda futbolchilik faoliyatini tugatganidan keyingi ilk yangi ishi bilan shug‘ullanishga kirishdi. Biz esa fursatdan foydalangan holda Asqaralievni yangi lavozim bilan tabrikladik va o‘z navbatida sobiq futbolchi qanday qilib, bunday o‘zgarishlar yuz bergani haqida gapirdi.
- Iyul oyining oxirida vizamning muddati tugayotgani bois uni almashtirib ketgani yurtimizga qaytib kelgandim, - deya gap boshladi, Sanjar Usmonovich. - Keyin esa Namangan futbolida o‘zgarishlar bo‘ldi. Yaqin do‘stim Shuhrat Mirholdirshaev Namangan futbol assotsiatsiyasiga vitse-prezident etib tayinlandi. Albatta, uni yangi lavozim bilan tabrikladim va mening keyingi rejalarim bilan qiziqdi. So‘ng birga ishlashni taklif qilib, assotsiatsiyasiga ishga olishini ma’lum qildi. Ammo Koreyada ham ishim chakki emasdi. Bir qancha vaqt Namanganda yurdim, taklif ustida o‘ylandim. Keyin esa Namangan viloyati hokimi buyruq chiqarib meni 17-sonli bolalar-o‘smirlar futbol maktabiga direktor etib tayinlabdi. Lekin mening bundan xabarim yo‘q edi. Bir kuni Shuhrat menga qo‘ng‘iroq qilib, ertaga soat 11 da futbol maktabiga kelasan, faqat oq ko‘ylak, kostyum-shim kiyib kelgin dedi. Men esa uning gapiga tushunmay qoldim. Vaholanki, shu paytgacha asosan sportga xos bo‘lgan kiyimlar kiyib yurardik. Xullas, Shuhrat men aytgandek kiyinib kel, qolganini keyin bilasan dedi. Ertasi kuni aytgan joyga bordim va bir mahal qarasam meni futbol maktabining yangi direktori Sanjar Asqaraliev deb tanishtirdi. Men esa haligacha bundan bexabar yurgandim. Namangan futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti Shuhrat Mirholdirshaev va «Navbahor» klubi vitse-prezidenti Oybek Samatov meni barchaga direktor sifatida tanishtirishdi. Sizni yangi va mas’uliyatli lavozimga tayinlab turishganida, qanday qilib taklifni rad qilib ketasiz? Shu tariqa, ishni boshlab yubordim. Futbolimizda yaxshigina o‘zgarishlar bo‘lyapti, viloyat futbol assotsiatsiyalarida asosan sobiq futbolchilarning ish boshlayotgani meni xursand qilyapti. Namanganda Mirholdirshaev, Toshkent viloyatida Asqar Jadigerov, Samarqandda Ilhom Yunusov, Farg‘onada Nosir Otaqo‘ziev…
Tan olishimiz kerak, 15-16 yildan beri 17-sonli BO‘FMdan biror-bir futbolchi etishib chiqmagan. Endi astoydil ishlamasak bo‘lmaydi. O‘zim ham bolalarning mashg‘ulotlarini kuzatyapman. Bizda iqtidorli bolalar bor, yo‘q emas. Faqat ular bilan astoydil ishlash kerak va e’tibor qaratish lozim. Bolalar futbolidagi ishni yanada rivojlantirish uchun tajribali mutaxassis Zoyir Hasanovni taklif qilganmiz. U Namangan viloyati bolalar futboli bo‘yicha kurator sifatida ishlamoqda. Uning bizga katta yordami tegyapti. Bilmagan narsalarimizni undan o‘rganyapmiz. Ikkalamiz har bir guruhdagi bolalarni ko‘rib, tekshirib yuribmiz.
Endilikda o‘zini bolalar futboliga bag‘ishlagan Asqaraliev 17-sonli futbol maktabida ishni birinchi navbatda nimadan boshlaganligi haqida ham to‘xtaldi.
- Biz birinchi navbatda futbol maktabimizda ota-onalardan pul olishni yig‘ishtirdik. Oldinlari esa musobaqalar bo‘lsa, ota-onalardan pul yig‘ishgan. «Navbahor» klubi vitse-prezidenti ham avvalo mana shu salbiy holatni yig‘ishtirib bering deb aytgandi. Qolaversa, Zoyir Hasanov ham avvalo ota-ona bolasini futbolga berdimi, bundan o‘zlari zavqlanishi kerakligini aytdi. «Navbahor» klubi bizga barcha sharoitlarni yaratib beryapti. Bu erda shunday bo‘lganki, bitta guruhda 2005, 2006, 2007 yillarda tug‘ilgan bolalar ham shug‘ullanavergan. Natijada hammasiga bir xil mashg‘ulot dasturlari qo‘llanilgan. Endi esa biz har bir yoshda tug‘ilgan bolalarni alohida guruh sifatida bo‘lib chiqdik. Shuningdek, mashg‘ulot paytida har bir guruhda 20-22 tadan to‘p bo‘lishini ham ta’minlayapmiz. Xullas, sport anjomlari bilan ham ta’minlayapmiz. Bolaga to‘p, forma va maydon bo‘lsa, u maza qilib o‘ynaydi. Biz esa ularga sharoitlarni yaratib beryapmiz. Butun boshli guruh maydonga chiqqanida bitta to‘pga qarab qolmasligi lozim. Boya aytganimdek, bu erdan 15-16 yildan beri biror-bir bolani etishib chiqib, katta futbolda o‘ynab ketganini bilmaymiz. Biz nafaqat Namangan futboli uchun, balki terma jamoalarimiz uchun ham iqtidorli bolalarni etkazib berishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz. To‘g‘ri, musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni olishyapti. Lekin qani iqtidorli bolalar? Nega «Navbahor» va uning o‘rinbosarlar jamoasida 17-BO‘SMdan yoshlar yo‘q? 2006 yilda tug‘ilgan bolalardan iborat jamoaning tarkibida kerak bo‘lsa 2004, 2003 yillardan tug‘ilgan o‘yinchilar ham yuribdi. Bizga natija kerak emas. Birinchi navbatda iste’dodli bolalarni chiqarishimiz kerak. Mayli, biz yutqazaylik, ammo 3-4 yildan keyin qilayotgan ishimizning mevasini ko‘raylik. Xo‘p, hozir musobaqalarda qatnashib natija qilyapti, ammo tarkibida yoshi katta bolalar o‘ynayotgan bo‘lsa, ular qanday qilib o‘sishadi? Bu bilan kimni aldayapmiz? Faqat o‘zimizni aldayapmiz-ku. Ammo endi bunday bo‘lmaydi. Masalan, 2006 yildagi jamoaga kerak bo‘lsa undan-da, yoshlarini olinglar, muhimi, vaqti kelib bu ishlarimiz o‘z natijasini beradi deb ta’kidlayapman. Yaqinda Navoiydagi musobaqaga borib keldik. Yarim finalda Toshkentga 1:3 hisobida yutqazdik. Lekin iqtidorli bolalar ko‘pligini ko‘rdim.
Shuningdek, Sanjar yangi ishga kirishganidan keyin bir qator kamchilik, muammolar borligini yashirib o‘tirmadi va endi ularni bartaraf etish hamda ishni to‘g‘ri, tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish borasida jiddiy ishlar ketayotgani, ayniqsa, murabbiylarning oylik maoshlari xususida ham aytib o‘tdi.
- To‘g‘risini aytsam, bolalar futbolidagi tizim to‘g‘ri yo‘nalishda tashkil etilmagan ekan. Agar gapirsam gap ko‘p. Musobaqalarda murabbiylar natija uchun hakamlarga pul berishgan. Hech bo‘lmasa kuchli to‘rttalikka kirib, o‘zining darajasini ko‘tarish haqida o‘ylashadi. Bolalarni esa o‘ylashmayapti. Agar murabbiylarning oylik maoshlarini oshirsak, keyin bunday ishlar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Masalan, Koreyada hech kim sizdan natijani so‘ramaydi. Muhimi, murabbiy bolani futbolchi sifatida etishtirib bersa bo‘ldi. Bu erda esa har qanday holatda ham natija qilish asosiy vazifaga aylangan va bu orqali murabbiylar ko‘proq pul topishni o‘ylashadi. Lekin bir tomondan murabbiylarni ham tushunsa bo‘ladi, chunki ularning ham oilasi, bola-chaqasi bor, yaxshi oylik maosh olishni xohlashadi. Bizda murabbiylarning ish haqqi ikki million so‘mdan boshlanadi. Qaysidir murabbiy jamoasi bilan musobaqada sovrin yutsa yoki sovrindorlar qatoridan joy olsa, ish haqqi 3-3,5 milliongacha ko‘tariladi. O‘z jamoasi bilan hech nimaga erishmagan murabbiy esa ikki million oladi. Shuning uchun murabbiylar ko‘proq sovrin yutishga qiziqishyapti va bu yoqda bolaning o‘sishi to‘xtab qolmoqda.
Futbol maktabimizda 20-22 nafar murabbiy bor. 450 taga yaqin bola tahsil oladi. Bizda malakali murabbiylar ishlashyapti. Lekin natija yo‘q. Katta futbolga munosib yoshlar chiqmay qo‘ygan. Musobaqalarda yaxshi qatnashishadi-yu, lekin keyin-chi? Bu haqida murabbiylar bilan o‘tkazadigan yig‘ilishda ham aytyapman. Hamma murabbiy ishlayapman deydi-yu, lekin qani bolalar?!
Ilgari futbolchi bo‘lgan Sanjar Asqaralievning bugungi kunda futbol maktabida direktor sifatida faoliyat olib borayotganini hisobga olsak, tabiiyki, o‘rtada katta farq bor. Chunki oldin faqat futbol o‘ynab yurgan sobiq o‘yinchining birdaniga mas’uliyatli lavozimda ishga kirishib ketishi ham oson jarayon emas.
- Oldin futbolchi bo‘lganimizda asosan maydonda o‘ynardik. Endi esa rahbar sifatida siz butun boshli futbol maktabi haqida qayg‘urishingiz kerak. Murabbiyni yoki boshqasining muammoasi bo‘ladi. Siz esa hammasini bartaraf etishingiz kerak bo‘ladi. Bolalar bilan gaplashib, ularning kayfiyatlarini ko‘tarib, sharoitlarni yaratib berishga harakat qilish lozim. Shuning uchun bolalar bilan ko‘p gaplashib turaman. Baribir mas’uliyat hissi boshqacha bo‘lar ekan. Asta-sekin ishimizda o‘zgarishlar bo‘lyapti. Umid qilamanki, tez orada ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi, - deydi Asqaraliev.
Fikrlar