Sanjar Tursunov: "Al-Hilol" juda tajribali, ularni hurmat qilamiz. Ammo raqibdan qo‘rqmayapmiz"

  • 14 aprel, 2021, 20:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

AGMK klubi o‘z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etadi. Pley-offda Qatarda “Al-Garafa”ni munosib tarzda engib o‘tgan olmaliqliklar endi Saudiya Arabistonidagi markazlashgan guruh bosqichida o‘z ishtirokini boshlaydi.

Tecno

Vakillarimiz ertaga mezbon – “Al-Hilol”ga qarshi maydonga tushishadi. Debyutant sanalgan AGMK jamoasining bunday muhim musobaqaga jiddiy tayyorlanayotgani ma’lum.

Klub etakchisi va sardori Sanjar Tursunov jamoasining tayyorgarligi, ilk o‘yin va yana boshqa masalalar bo‘yicha sports.uz uchun o‘z munosabatini bildirdi.

"Qatardagi o‘yinda g‘alabaga ishonchimiz katta edi"

- Ramazon oyi bilan O‘zbekiston xalqini tabriklayman. Hamma o‘ziga ishonganidek, bizda ham o‘zimizga ishonch katta edi. Shu sababdan, “Al-Garafa”ga qarshi uchrashuvda g‘alaba qozonishimizni sezgandim. Agar g‘alaba uchun o‘zingizda ishonch bo‘lmasa, maydonga chiqishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. O‘sha Qatardagi o‘yinda bizda golli vaziyatlarimiz bir nechta bo‘ldi. Agar umumiy holatda qarasak, bizda imkoniyatlar ko‘proq yuzaga keldi. Birinchi bo‘limdan keyin ham ishonchimiz katta edi. Chunki tanaffusgacha ham o‘yinni yaxshi o‘tkazgandik. Oxirgi daqiqada urgan golimizga kelsak, uchrashuv mobaynida foydalana  olmagan vaziyatlarimizni yakunda muhim gol bilan yuvdik va bahs taqdirini hal qildik. Mabodo, penaltilar seriyasiga navbat kelganida, unda ham yutishimizga ishonardim.

"Tayyorgarligimiz yaxshi"

- Ayni paytda tayyorgarligimiz yaxshi. Hammasi reja bo‘yicha ketyapti. Jamoamizdagi muhit ham ajoyib holatda. Xudoga shukr, tarkibimizda jarohat olgan o‘yinchilar yo‘q. Biz “Al-Hilol” bilan jiddiy uchrashuvga tayyormiz. O‘yindan oldingi oxirgi mashg‘ulotimizni ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazyapmiz.

agmk sanjar

"Ilk turda qiyin o‘yinni kutyapmiz"

- Raqibni o‘rganib chiqyapmiz. Bu guruh bosqichidagi birinchi uchrashuvdir. Shuning uchun tan olamiz, ilk bellashuvda qiyin o‘yinni kutyapmiz. Raqibni ham hurmat qilish kerak, ammo qo‘rqish kerak emas. To‘g‘ri, “Al-Hilol” juda tajribali. Ularga qarshi juda og‘ir o‘yin bo‘ladi. “Al-Hilol”ni guruhdagi eng kuchli jamoa ekanligini hamma ta’kidlayapti.

"Har bir o‘yinda g‘alaba uchun kurashamiz"

- AGMKning Osiyo Chempionalar ligasidagi vazifasi? Biz har bir turda munosib o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba uchun oxirigacha kurashamiz. Ko‘ramiz, bu – futbol. Ikkita o‘yin o‘tsin, keyin shunga qarab yana fikr bildiramiz.

"O‘yinlarning markazlashgan holda Ar-Riyodda o‘tkazilayotgani yaxshi holat"

- Musobaqaning markazlashganiga kelsak, hozirgi vaziyat shuni taqozo qilyapti. Har bir jamoa o‘z uyida o‘ynashni istaydi. Bunday paytda har bir klub o‘z maydonida yanada kuchliroq o‘ynay olishi mumkin. Lekin biz uchun hozirgi vaziyatdan kelib chiqib o‘yinlarning Ar-Riyodda o‘tkazilayotgani juda yaxshi. Xudo xohlasa, Saudiyada ekanligimizdan foydalanib, “Umra” amalini ham bajarib kelmoqchimiz. Qolaversa, Ramazon oyining dastlabki kunlarini shu erda kutib olish barchamiz uchun juda yaxshi holat.

agmk2_3

"Pley-offdan keyinoq guruh bosqichiga etib kelganimiz bizga noqulaylik tug‘dirmaydi"

- Pley-offda g‘alaba qozonib, guruh bosqichiga etib keldik. Bu albatta yaxshi. Agar hozirgi vaziyat bo‘lmaganida balki yanada qulayroq bo‘lardi. Ya’ni, o‘yinlarga tayyorlanish bo‘yicha ham bemalol vaqtimiz bo‘lishi mumkin edi. Lekin “Al-Garafa” to‘sig‘idan o‘tsak, uch kundan keyin Saudiyaga ketishimizni bilardik. O‘ylashimcha, pley-offdan keyinoq guruh bosqichiga etib kelishimiz bizga noqulaylik tug‘dirmaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Abbos Axmedov
14/04/2021 20:29
Ха яхши буш келманглар
Самад
14/04/2021 22:30
Омад сизларга.
solijon bobokulov
14/04/2021 21:57
Vaziyatga real qarash kerak. durangga harakat qilib, ikkinchi orin bilan chiqsalaring hech kim hafa bolmaydi