
Sanjar Tursunovdan AGMKning kuchi nimadaligi, maydon markazidan qanday gol urgani, Mirjalol Qosimovning o‘ziga xos jihati va boshqalar haqida munosabat
AGMK chempionatda mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirayotgan yagona klub. Bunga tarkibda tajribali futbolchilarning ko‘pligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Albatta, jamoaviy o‘yin yaxshi shakllangan. O‘z navbatida, futbolchilarning individual mahorati ham qo‘l kelmoqda. Sanjar Tursunov esa ana shunday o‘yinchilar toifasidan.
Ma’lumki, 9-turda AGMK “Paxtakor”ga qarshi markaziy o‘yinda 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Aslida esa o‘sha bahsda olmaliqliklarning g‘alaba qozonish ehtimoli yuqori edi. Biroq 0:2 hisobini ular saqlab qola olmadilar. Nima bo‘lganda ham AGMK yutqazgani yo‘q. Balki o‘sha uchrashuvda Sanjar Tursunovning yo‘qligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgandir. Futbolchi esa nima uchun maydonga tushmaganini shunday izohladi:
- “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda men o‘yin qaydnomasida emasdim. Chunki undan oldin biz “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvda o‘ynagandik. O‘sha bahs davomida esa murabbiylardan meni almashtirishlarini so‘ragandim. Biroz jarohatim bor edi. Natijada “Paxtakor” bilan bellashuvda ishtirok eta olmadim.
Mavsum boshidan beri hech kimga yutqazmay kelayotgan jamoaga qoyil qolsa arziydi. Ko‘rdingiz, hatto amaldagi chempion – “Paxtakor” ham mag‘lub eta olmadi, qaytangi o‘zlari zo‘rg‘a mag‘lubiyatdan qutulib qoldilar. Bu esa AGMKning salohiyati yuqoriligini ko‘rsatib turibdi. Baribir Mirjalol Qosimov jamoasining 2-o‘rinni egallab turgan holda mag‘lubiyatsiz odimlayotgani ko‘pchilikni yoqimli ma’noda ajablantirayotgani ham rost.
- Bilasizmi, biz karantindan oldin va keyin o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik, - deya ushbu mavzuga qo‘shimcha qildi Tursunov. - Bunday natija ko‘rsatayotganimiz butun jamoa bo‘lib birlasha olganimiz bilan bog‘liq. Nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar shtabi, shifokorlar, umuman klubdagi barcha bir oila sifatida shakllana olgan. Shu bilan birga murabbiylar tomonidan ko‘rsatilayotgan topshiriqlarni mashg‘ulotlarda va o‘yinlar jarayonida to‘g‘ri yondashuv asosida bajarayotganimiz uchun ham bugungi kunda mana shunday natijaga erishyapmiz.
Darvoqe, Sanjar Tursunov 8-turda qanday gol urgani yodingizda bo‘lsa kerak. U shunday gol urdiki, bu nafaqat turning, balki yilning eng chiroyli goli bo‘lishiga endi shubha qilmasak ham bo‘lar. Taxminan 60-70 metr uzoqlikdan, maydon markaziga etmasdan gol urishning o‘zi bo‘ladimi? O‘sha “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvda Tursunovning urgan goliga hamma havas qildi. Qiziq, o‘sha vaziyatda u to‘pni tavakkal bilan tepganmidi yoki hammasini aniq hisob-kitob qilganmidi? Bunga Sanjar shunday dedi:
- “Qo‘qon-1912” darvozasiga kiritgan golimga kelsak, o‘sha vaziyatda men darvozabonning oldinga chiqib ketganini ko‘rdim. To‘pni egallab olib zarba berayotganimda 100 foiz aniq gol uraman, deb o‘ylamagandim. Lekin Xudoga shukrki, o‘sha holatda olisdan yo‘llagan zarbam darvoza to‘ridan joy oldi. Albatta, bunday gol urganimdan so‘ng juda xursand bo‘ldim. Ammo gol urgan paytimda tavakkal zarba yo‘llagandim, deb aytmagan bo‘lardim. Agarda to‘pni egallab olib darvozaga qaramasdan tepib yuborganimda bu tavakkalchilik bo‘lardi. Men esa hammasini ko‘rib turib, keyin zarba berdim.
Jamoada bosh murabbiyning imzosi ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Nihoyat, bu yil Mirjalol Qosimov o‘zi istagan jamoani shakllantira olayotgani sezilmoqda. Asosiysi, u tarkibga o‘zi ko‘rishni xohlagan futbolchilarni yig‘a oldi. Tabiiyki, Sanjar Tursunov ham shular jumlasidandir. Qosimovni boshqa murabbiylardan ajralib turadigan jihati nimada? Tursunov esa Mirjalol Qo‘shoqovich borasida shunday dedi:
- Hamma yaxshi biladi, Mirjalol Qo‘shoqovich bilan milliy terma jamoada ham birga ishlaganmiz. Shuning uchun AGMKga qo‘shilganim ham bejiz emas. Albatta, har bir murabbiyning o‘ziga yarasha plyus va minus tomonlari bo‘ladi. Bunday holat birgina murabbiyda emas, hammada uchraydi va nafaqat mutaxassislarda, balki futbolchilarda ham shunaqa. Qosimov futbolchilarni o‘yinga juda yaxshi tayyorlashni biladi. Axir o‘z vaqtida ajoyib futbolchi bo‘lgan va shu bois ko‘p narsani biladi. Ayni paytda biz bosib o‘tayotgan yo‘lni Mirjalol Qosimov allaqachon bosib o‘tgan. Bir so‘z bilan aytganda, murabbiyimizning boy tajribasi bizga ham juda qo‘l kelyapti.
Yuqorida Sanjar AGMKning mag‘lubiyatsiz seriyasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Baribir hali oldinda o‘yinlar ko‘p. O‘zi aytganidek, hammasini mavsum oxirida turnir jadvaliga qarab bilib olamiz. Shunday ekan, olmaliqliklar hozirgi barqarorligini qanchalik saqlab qola olisharkin? Ko‘rinib turibdiki, klubning maqsadi jiddiy va sovrindorlar qatoridan joy olish.
- Chempionatimiz endi o‘rtasiga kelyapti, oldinda esa hali ko‘p o‘yinlar bor. Mavsum davomida esa barcha klublarda ko‘tarilish va pasayish holatlari uchrab turadi. Biz esa hozirda yaxshi holatdamiz. Misol uchun bir necha yil oldin Angliyada “Lester” chempion bo‘lgandi. O‘sha mavsumda bu klub butun chempionat davomida barqaror o‘yin ko‘rsata olgandi. To‘g‘ri, “Lester”da ham o‘sha mavsumda qandaydir pasayishlar bo‘lgan, ammo u qadar chuqurlikka tushib ketmagan. Bizning oldimizdagi vazifa esa shunday: har doim har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish asosiy maqsadimiz hisoblanadi. Shu bilan birga maydonga tushganda yaxshi o‘yin ko‘rsatishni murabbiylarimiz talab qilishadi. Biz butun mavsumni iloji boricha mana shunday ruhda o‘tkazmoqchimiz. Keyin esa mavsum tugaganidan so‘ng turnir jadvaliga qaraymiz. Murabbiyimiz ham hamisha oldimizga yuksak maqsadlarni qo‘yadi. Xudo xohlasa, bu yil yaxshi natijalar ko‘rsatish niyatimiz bor, - dedi Tursunov.
Futbolda g‘alaba bilan mag‘lubiyatning ta’siri yaqqol bilinadi. Ayniqsa, g‘alabalar bardavom bo‘lsa, o‘z navbatida bu jamoaga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar mag‘lubiyatlar davom etaversa, buning ham ta’siri seziladi. Ayniqsa, jamoaning ichki muhitiga turlicha aks ta’sir qilishi hech gap emas. Lekin ayni paytda AGMKdagi vaziyat havas qilsa arzigulik darajada. Buni Tursunov ham tasdiqladi.
- Ko‘z tegmasin, jamoamizda muhit juda ajoyib holatda. Yoshlar kattalarni hurmat qilishadi. Biz ham yosh o‘yinchilarga hurmat bilan qaraymiz. Shuning uchun jamoamizda qandaydir salbiy holatlar uchramaydi. Jamoamizdagi barcha o‘yinchilar faqat pozitiv ruhida harakat qilamiz. Jamoamizda kerak bo‘lsa, hamma quvnoq bo‘ladi, kerak bo‘lsa barchasi jiddiy bo‘la oladi. Bu ham bizning bir oila ekanligimizni ko‘rsatib turadi.
Fikrlar