Serbiyalik futbolchi keyingi mavsum ham O‘zbekiston chempionatida o‘ynashi mumkin
Bu yilgi mavsumda “Qo‘qon-1912” jamoasi safida ikki nafar serbiyalik legioner harakat qildi. Hujumchi Filipp Rayevats avval ham bu jamoa safida to‘p tepgan. Rayevats O‘zbekistonda “Bunyodkor”, “Lokomotiv” jamoalarida ham o‘ynashga ulgurgan. Himoyachi Ivan Yosovich esa bu mavsumda ilk bor o‘zbek klubi sharafini himoya qildi. Bir necha kun avval, Yosovich hamda Rayevats o‘z yurtiga uchib ketdi. “Qo‘qon-1912” jamoasining markaziy himoyachisi bo‘lgan Ivan Yosovich ketishidan oldin O‘zbekistondagi taassurotlari haqida klub matbuot xizmatiga qisqacha intervyu berdi.
- Avvalo, shunday go‘zal yurtda bo‘lish menga nasib qilganidan xursandman. Men Superliganing 24-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Lokomotiv” bahsida boshimdan jarohat oldim. Boshim yorilib, o‘yinni tugata olmay, zaxiraga chiqishga majbur bo‘lgandim. Shifokorlar 10-15 kun maydonga chiqa olmasligimni ta’kidlashdi. Bu yoqda esa mavsum tugab bormoqda. Biz pandemiya tufayli salkam bir yil oilamizdan yiroqda bo‘ldik. 11 oy uydan olisda yashash oson emas. Albatta, tezroq uyga qaytishni istadim. Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovdan o‘ynay olmaydigan bo‘lsam, uyga ruxsat berishini so‘radim. Murabbiyimiz meni to‘g‘ri tushundilar hamda Filipp Rayevats ikkimizni ertaroq jamoani tark etishimizga ruxsat berdi.
Men O‘zbekistonda bo‘lganimdan, “Qo‘qon-1912” jamoasi safida to‘p tepganimdan juda baxtiyorman. Biz yil davomida ahil oilaga aylandik. Ajoyib mavsumni o‘tkazdik. Jamoa rahbariyati, murabbiylar, futbolchilar va barcha klub a’zolariga minnatdorlik bildiraman. Qo‘qonda ajoyib muxlislar bor. Bunday fidoiy ishqibozlar ko‘z o‘ngida to‘p tepish kishiga olam-olam zavq beradi. Endi uyga borib biroz hordiq chiqaraman. Menda o‘ylab ko‘rish uchun vaqt bor. Nasib qilsa, balkim kelgusi yilda yana Qo‘qonda ko‘risharmiz. Yana bir bor barchaga rahmat aytaman, – dedi Ivan Yosovich.



Fikrlar