
Serbiyalik mutaxassis terma jamoaga murabbiylik qiladi
Serbiyalik tajribali voleybol mutaxassisi O‘zbekiston U19 terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Sport Vazirligi ma’lum qildi.
Mamlakatimizda o‘z faoliyatini boshlagan Xalqaro voleybol federatsiyasi (FIVB) instruktori Moro Branislav O‘zbekiston voleybol federatsiyasi rahbariyatining qarori bilan O‘zbekiston U19 terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Ma’lumki, 2025 yil 24 iyuldan 3 avgust sanasiga qadar poytaxtimiz Toshkentda voleybol bo‘yicha erkaklar terma jamoalari ishtirokida jahon chempionati musobaqalari o‘tkaziladi. Dunyoning eng kuchli 24 ta milliy terma jamoalari ishtirokida o‘tadigan mazkur dunyo birinchiligi oldidan tajribali murabbiyga O‘zbekiston U19 terma jamoasini munosib tayyorlash vazifasi yuklatildi.
Aytish joizki, mezbon mamlakat sifatida jahon chempionatida munosib ishtirok etish asosiy vazifamiz. Shu jihatlarni inobatga olib, Xalqaro voleybol federatsiyasi rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida FIVB instruktori, Belarus, Gretsiya, Quvayt, Liviya, Janubiy Koreya, Filippin, Ruminiya, Saudiya Arabistoni va Tunis davlatlaridagi etakchi voleybol klublarida va milliy jamoalarda bosh murabbiy sifatida ishlagan Moro Branislav yurtimizga taklif etildi.
"Xalqaro maydonda katta tajribaga ega bo‘lgan ushbu mutaxassisning terma jamoamizda ish boshlashi sportchilarimiz qatori, murabbiylarimizning ham ish samaradorligi oshishiga yordam berishishi lozim", - deydi mamlakat voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziev.
Shu kunlarda Moro Branislav Toshkentda O‘zbekiston U19 terma jamoasida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulotlarida qatnashmoqda. Xususan, serbiyalik mutaxassis mashg‘ulotlar jarayonida sportchi va murabbiylarga chigalyozdi mashqlarini qay tartibda olib borish, shuningdek, hujum va himoya zonalarida harakatlanish tamoyillari kabi qator masalalarda zarur ko‘rsatmalarni berib bormoqda.
Fikrlar