Shatskix haq gapni aytdi! "Nasaf"dan chempionlik uchun jiddiy yurish yoxud endi nima bo‘ladi?

  • 2 oktabr, 2022, 22:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Hamma kutgan “Paxtakor” – “Nasaf” uchrashuvi keskin ruhda o‘tdi va shunday o‘tmasa ham bo‘lmasdi-da. Chempionlik yo‘lidagi bunday uchrashuv har bir futbol muxlisini o‘ziga qarata oldi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Paxtakor” stadionida muxlislar ancha gavjum bo‘ldi. Qarshidan kelgan muxlislar 3 ta sektorni to‘ldirib o‘tirishdi. Anchadan buyon “Paxtakor” ko‘p ming sonli ishqibozlar autidoriyasini o‘zida qabul qilmayotgandi. Teleekran qarshisida ham yana millionlab muxlislar kuzatganiga ishonamiz.

Tecno

O‘yindan oldin yozgan maqolamizda hakamlar jamoasi yana katta sahnaga chiqib qolmasinda, deya biroz xavotirlarimiz yo‘q emasdi. Negaki, boshqa uchrashuvlarda referilarimiz bilan bog‘liq bahsli vaziyatlar soni ortib qolgani sababli “Paxtakor” – “Nasaf” bahsida ham yana shunga o‘xshash holat yuz berish ehtimoli hatto ko‘proqdek edi. Ammo Temur To‘xtasinov va uning jamoasi bunga yo‘l qo‘ymadi! Eng yaxshi hakam – bu uning maydonda borligi bilinmaydigan hakamdir. To‘xtasinov o‘yinni buzib qo‘ymadi va barchasini adolatli tarzda boshqardi. VARga ham ish qoldirmadi. Shu bois markaziy o‘yinni muvaffaqiyatli boshqarishgani uchun avvalo hakamlar jamoasini tabriklab qo‘ysak yomon bo‘lmasdi.

nasaf7

“Nasaf” “Paxtakor”ga qarshi o‘ta jiddiy va puxta tayyorgarlik ko‘rgan ekan-a? Tan olish kerak, Ro‘ziqul Berdiev jamoasi haqli tarzda g‘alabani qo‘lga kiritdi. Dilshod Saitovning yagona goli ham o‘yin bezagiga aylandi. “Nasaf” har jabhada “Paxtakor”ni “yopdi”. Mezbonlar yaqqol golga tortadigan vaziyatni yaratishda jiddiy muammoga yo‘liqishdi. Berdiev hamkasbi Shatskixni taktik jihatdan ham mag‘lub etdi. Braziliyalik Limaning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirilishi biroz kutilmagan hol bo‘ldi. Qizig‘i, Ro‘ziqul Sa’dullaevich unga deyarli to‘liq o‘ynash imkonini berdi. Jismoniy baquvvatligi evaziga to‘pni o‘zida saqlash, raqib himoyachilarini o‘ziga jalb qilish va bu orqali jamoadoshlariga bo‘sh hududlarni yaratishda u yomon taassurot qoldirmadi. Futbolda shunday gap bor: g‘oliblar muhokama qilinmaydi. Shunday ekan, bu “Nasaf” jamoasiga ham tegishli. Berdiev to‘g‘ri tarkib va to‘g‘ri taktika tanlagani evaziga Toshkentda juda uzoq kutilgan g‘alabani qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, ular yoqimsiz an’anaga chek qo‘ydi.

Maksim Shatskix matbuot anjumanida “Nasaf”da g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va xohish ko‘proq bo‘lganini aytdi va u bu gapni gapirganida haq edi. “Nasaf” futbolchilarining ko‘zi “yondi”. Bu chempionlik yo‘lidagi olti ochkolik bahs ekanini qarshiliklar juda yaxshi his qilishdi. Natijada qo‘lga kiritilgan g‘alaba tufayli “Nasaf” nafaqat yakka peshqadamga aylandi, balki chempionlik kurashida katta qadam tashladi. Endi hammasi Berdiev jamoasining qo‘lida. Ularga hech kim xalaqit qilmayapti. Agar oxirigacha bugungidek o‘yin namoyish etsa, “Nasaf”ni chempionlik bilan tabriklayvering!!!

nasaf1_2

“Paxtakor”ga va Shatskixga bu mag‘lubiyat og‘ir, albatta. “Sherlar” maqsadiga erishadimi-yo‘qmi, bu endi qiyin masala. Albatta, imkoniyat hali bor. Biroq endi hammasi “Paxtakor”ning o‘z qo‘lida emas. Lekin “Paxtakor” ustozi qo‘rqmasdan klub tarbiyalanuvchilariga ishonch bildiryapti. Bir qancha yangi yoshlar etishib chiqayotgani ko‘rinyapti. “Nasaf” bilan bellashuvda ularning ayrimlarini maydonga tushirdi. Shu tomonlama Shatskixni olqishlasa bo‘ladi. Ha, natija nuqtai nazaridan qaraganda, ishlar joyida emas. “Paxtakor” mavsumni sovrinsiz yakunlashi ham mumkin. O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketganidan so‘ng butun e’tiborini Superligada chempionlik uchun qaratgandi. Ammo “Nasaf”ga mag‘lubiyatga uchrashi natijasida endi chempionlik karvonidan biroz uzoqlashib qolgandek. Biroq bu bilan hali mavsum tugamaganini ham unutmaslik kerak. “Paxtakor” endi qarshiliklardan 3 ochkoga ortda qolyapti.

berdiev va shatskix  

Yodingizda bo‘lsa, “Nasaf” o‘z maydonida “Navbahor”ni qabul qilgan va o‘shanda namanganliklarga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ygandi. O‘sha o‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, bu safar shuni stsenariysi “Paxtakor” – “Nasaf” uchrashuvida kuzatildi. Qarshidagi bellashuvda “Navbahor” “Nasaf”ga hech qanday imkoniyat qoldirmagan, mezbonlarni har jihatdan mag‘lub etgandi. Bu gal “Nasaf” xuddi shunday holatda “Paxtakor”ni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ydi.

Ushbu chempionatda nihoyat Berdiev jamoasi azaliy orzusiga yaqin kelyapti. Qolgan 6 ta o‘yin endi “Nasaf” uchun haqiqiy finallarga aylanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
02/10/2022 23:10
qanday yutqazgan jamoaga ham. 1 achko beriladimi. Nasaf 3 achko oldinga chiqdiki. keyin. Nasaf oldi hali ham yahshi ishlamadi agar Oybek tugri uynaganiga katta shot bilan solardi. Nasaf. qolgan uyinlarga bugunkidan ham yahshi uynashi talap qilinadi. chunki endi utkunchi uyin yuq