
“Shaxtyor” bosh murabbiyi xet-trikka erishgan Yaxshiboev o‘yinidan nega qoniqmayapti?
Belarus chempionatining navbatdagi uchrashuvida “Shaxtyor”ning o‘zbekistonlik legioneri Jasur Yaxshiboev “Belgina” darvozasiga uchta gol urib, jamoasining 5:1 hisobidagi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.
“Shaxtyor” bosh murabbiyi Roman Grigorchuk ushbu uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Hozir biz uchun eng asosiy narsa bu g‘alaba. Hozirgi sharoitimizdan kelib chiqib, ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Yirik hisobdagi g‘alabaga qaramay, kuchaytirishimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor. Gol o‘tkazganimiz yoqmadi. Shogirdlarim g‘alaba qozonayotgan paytda bo‘shashishini yoqtirmayman. Jamoa oxirigacha ayovsiz o‘ynashi kerak.
Qolaversa, birinchi bo‘limda o‘yinimiz o‘xshamadi. Hujumchilarimiz raqib darvozasi oldida etarli darajada bosim uyushtira olmadi. Yaxshiboev o‘yinning ikkinchi yarmida uchta gol urdi. Bu hujumchi uchun yaxshi ko‘rsatkich. Lekin Jasur hali ko‘p mehnat qilishi kerak. Chunki u hali ham o‘z salohiyatini ishga solgani yo‘q, - dedi Roman Grigorchuk.
“Shaxtyor” keyingi turda o‘z maydonida musobaqa peshqadami BATEni qabul qiladi. Uchrashuv 7 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadi.
Fikrlar