
Yaxshiboev hech qachon taslim bo‘lmaydi yoxud Jasurdan super xet-trik!
Belarus chempionati oliy ligasida “Shaxtyor” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Jasur Yaxshiboevning o‘yinida pasayish yuzaga kelgani va gol urish bo‘yicha barqarorlik etishmayotgani haqida yozgan edik.
Shu bilan birga chempionlik uchun kurashda muhim palla boshlangani, etakchi futbolchilar aynan shunaqa paytda jamoadoshlarini o‘z ortidan ergashtirib, g‘alabalarda hal qiluvchi kuchga aylanishi lozimligini inobatga olib, Yaxshiboevning chempionatning oxirgi turlarida o‘ziini ko‘rsatishiga umid bog‘lagandik.
Amalda ham aynan shunday bo‘lib chiqdi. “Shaxtyor” 25-turning qoldirilgan uchrashuvida Bobruysk shahrida chempionat autsayderlaridan biri “Belshina” mehmoni bo‘ldi. Bu uchrashuvdagi g‘alaba soligorskliklarni yana chempionlik uchun kurashga qaytarishi bilan o‘ta ahamiyatli edi. Chunki bu o‘yindagi uch ochko Yaxshiboev jamoasini chempionat peshqadami BATEga maksimal darajada yaqinlashtirardi.
Oliy ligadagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Belshina” ham osonlikcha taslim bo‘lgisi kelmadi. O‘zidan kuchli bo‘lgan “Shaxtyor”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan mezbonlar ikkinchi bo‘limda Jasur Yaxshiboevning mahoratiga tan berishga majbur bo‘ldi. Jasur jarima nuqtasidan super zarba yo‘llab, hisobni ochdi.
Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, “Belshina” himoyachilari va darvozabonini ojiz qoldirgan o‘zbekistonlik futbolchi ikkinchi golini nishonladi. Jasur o‘yin oxirigacha o‘zining legioner sifatidagi birinchi xet-trigini qayd etdi. Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy natija. Yana ikkita gol Yulius Szoke va Yuriy Kendish hisobiga yozildi. Mezbonlarning yagona javob to‘pini Denis Levitskiy kiritdi.
Safardagi muhim bellashuvni 5:1 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan “Shaxtyor” ochkolari sonini 52 taga etkazib, ikkinchi o‘rindagi mavqeini mustahkamladi. Eng yuqori pog‘onadan joy olgan BATE hisobida 53 ochko bor.
Oliy liganing 28-turida “Shaxtyor” o‘z maydonida BATEni qabul qiladi. Bu shubhasiz, chempionatning markaziy uchrashuvi bo‘ladi. Chempionlik masalasi aynan mana shu to‘qnashuvda hal etilishi kutilmoqda. Chunki qolgan ikki turda etakchilar kuchsiz jamoalar bilan kuch sinashadi va bunday keskin vaziyatda ularning ochko yo‘qotishi dargumon. Xususan, “Shaxtyor” o‘rtamiyona klublar – “Rux” va “Minsk” futbolchilariga qarshi maydonga chiqadi. BATE esa autsayder “Belshina” va oltinchi o‘rindagi “Dinamo-Minsk” bilan o‘ynaydi.
Biz uchun quvonarlisi, “Belshina” darvozasini uch marotaba aniq nishonga olgan Jasurbek Yaxshiboev yana to‘purarlar poygasida g‘oliblikka da’vogarga aylandi. Bu o‘yingacha BATE vakili Maksim Skavishdan to‘rtta to‘p farqi bilan ortda qolgan hamyurtmiz asosiy raqobatchisiga etib olishiga bitta gol qoldi. Hozircha Skavishda 17 ta, Jasurda esa 16 ta gol bor.
Demak, Belarus chempionatida BATE va “Shaxtyor” oltin medal uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. Jasur Yaxshiboev va Maksim Skavish esa, to‘purarlar poygasida g‘oliblik uchun o‘zaro raqobatlashadi.
Shuningdek, Jasur Yaxshiboev Belarus chempionatining eng yaxshi futbolchilari reytingida ham dastlabki turlardan beri birinchi pog‘onani hech kimga bermay kelmoqda.
Buyog‘iga BATE va “Shaxtyor” oldida uchtadan o‘yin qoldi. Shuningdek, bu bahslar Jasur Yaxshiboev va Maksim Skavish uchun ham juda muhim. Kurash oxirigacha davom etadi. Chempionat g‘olibi oltin medallardan tashqari, kelasi mavsumda Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanma bilan ham taqdirlanadi.
Fikrlar