
Shensni: "Barsa"da barchasi boshqacha"
Voytsex Shensni "Barselona"da hali o‘zining eng yaxshi o‘yin amaliyotini namoyish etmayotganini ta’kidladi.
- Jamoada menga bo‘lgan munosabat uchun minnatdor bo‘lishim lozim. "Barselona"da o‘ynash juda ilhomlantiradi, sababi bu erda nihoyatda go‘zal futbol o‘ynaladi. Bu men shu paytgacha boshdan kechirgan narsalardan butunlay farq qiladi.
Men taqqoslashni xush ko‘rmayman, biroq shuni aytishim mumkinki, "Yuventus"da hamma narsa natijaga bog‘liq edi. "Barsa"da futbol o‘ynashdan katta zavq olinadi va bu yoqimli. Millionlab odamlar maydondan ko‘z uzmay kuzatib turishlari hayratlanarli.
Hozir eng muhimi - barcha jismoniy va aqliy kuch-quvvatni kelgusi o‘yinlarga yo‘naltirish. Biz iloji boricha yaxshiroq o‘ynashimiz kerak. O‘ylashimcha, hali 100 foiz tayyor emasman. Eng yaxshi formam hali oldinda, - dedi "Barselona" posboni.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili yozda futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan Shensni "Barsa" sardori va darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen jarohatidan so‘ng kuzda "ko‘k-anorranglilar"dan taklif oldi va faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi.
Fikrlar