
Shodiyor Meliqo‘zievdan ishonchli g‘alaba
Toshkentdagi "Humo arena"da boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun 18:00da (-48 kg) Shodiyor Meliqo‘ziev nepallik Rabin Tapa bilan kuch sinashadi.
Shodiyor Meliqo‘ziev va Rabin Tapa ringga chiqib kelmoqda. Hamyurtimiz ko‘k libosda, uning raqibi qizil formada harakat qiladi.
Birinchi raund boshlandi.
Shodiyor ilk soniyalardan bosim qilmoqda. Yakkalik zarbalari berishga muvaffaq bo‘ldi hamyurtimiz. Rabin Tapa ham qorin qismiga yakkalik zarbalari bermoqda. Shodiyor Meliqo‘ziev Tapani muvozanatdan chiqarishga harakat qilyapti. Vakilimiz ring markazini egalladi. Tapa himoyalanishga majbur. Chunki Meliqo‘ziev uni tinmay ta’qib qilyapti. Shodiyor asosan yakkalik zarbalari bilan hujumga o‘tib, ikkilik va uchlik zarbalari yo‘llashga erishmoqda.
Birinchi raund yakunlandi. Hakamlar Shodiyorning ustunligini qayd etishdi 5:0.
Ikkinchi raund boshlandi.
Shodiyor chap qo‘li bilan kuchli zarbalar bermoqda. Raqib chuqur himoyaga o‘tyapti. Tapa bir nechta jeb va yuz qismiga zarbalarni qabul qilib oldi. Nepallik bokschi bir necha bor zarbalar kuchidan muvozanatni yo‘qotmoqda. Hamyurtimiz ikkilik zarbasini ham o‘tkaza oldi. Ikki bokschining ayrim zarbalari havoga uchishni boshladi.
Ikkinchi raund tugadi. Hakamlar Shodiyorning ustunligini qayd etishdi 5:0.
Uchinchi raund boshlandi.
Meliqo‘ziev ringda raqibini quvlab yurib urmoqda. Ikki raunddagi ustunlik vakilimizni yanada oldinga undamoqda. Qarshi hujumda hamyurtimiz ham yuz qismiga zarbalarni o‘tkazib yubormoqda. Yaxshiyamki raqibi zarbalar seriyasini ulab keta olmayapti.
Tapa ko‘plab zarbalar o‘tkazib yuborgan bo‘lsa ham o‘zida kuch topa olmoqda. Shodiyor esa jangni nokaut bilan yakunlash maqsadida tinmay harakat qilyapti. Hamyurtimiz tomonidan zarbalar seriyasi.
Uchinchi raund yakunlandi. Bu gal ham hakamlar 5:0 hisobini qayd etishdi. Umumiy hisob 5:0 Shodiyorning ishonchli g‘alabasi.
Fikrlar