
Shomurodov jamoasini mashhur murabbiy boshqarishga rozi bo‘ldi
A Seriyada yana bir tur o‘yinlari qoldi. “Roma”ni yuqor o‘ringa ko‘targan va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun da’vogarga aylantirgan Klaudio Raneri mavsum qanday yakunlanishidan qat’i nazar murabbiylik faoliyatini rasman yakunlaydi.
Aslida 73 yoshli mutaxassis o‘tgan yili Eldor Shomurodov bilan birga “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolganidan keyin boshqa murabbiylik qilmasligini va faqatgina qadrdon klubi “Roma”ga yordam kerak bo‘lib qolsa, ishiga qaytishini aytgandi.
Amalda shunday bo‘lib chiqdi. Mavsum boshida Daniele de Rossi va Ivan Yurich boshqaruvidagi “Roma” inqirozga uchradi. Klub rahbariyati jamoani qutqarishni so‘rab, Klaudio Raneriga murojaat qildi.
Tajribali mutaxassis qisqa fursatda nimalarga qodirligini ko‘rsatdi. Yanshi ijrochilarsiz, katta transferlarsiz, tarkibda bor o‘yinchilarga tayangan holda natija ko‘rsatish mumkinligini, gap jamoada emas, murabbiylik mahoratida ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.
Endi Raneri “Roma” klubiga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasiga sport yo‘lanishida maslahatchi bo‘ladi. Raneri anchadan beri o‘z o‘rniga yangi bosh murabbiy topish ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Nufuzli manbalardan bir nechtasi, xususan, La Stampa nashri “Roma”ning navbatdagi ustozi germaniyalik mutaxassis Yurgen Klopp bo‘lishini yozdi. Manbaga ko‘ra, Klopp rimliklarning taklifini 18 may kuni qabul qilgan.
Yurgen Klopp jahon futbolida “BorussiyaDortmund” va ayniqsa, “Liverpul”ni boshqargani orqali tanilgan. Nemis murabbiyi 2015-2024 yillar davomida “qizillar”ga ustozlik qilgan. Uning qo‘l ostida liverpulliklar Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Superkubogi, Futbol ligasi kubogi, UEFA Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida zafar quchgan.
Shuningdek, Yurgen Klopp “Borussiya Dortmund” jamoasida ham muvaffaqiyatli ishlab, beshta sovrin sohibi bo‘ldi. Uning boshqaruvida dortmundliklar ikki marotabadan Bundesliga va mamlakat Superkubogida g‘olib chiqdi. Bir bor Germaniya kubogi sohibi bo‘ldi.
Murabbiylikni 1988 yili boshlagan Yurgen Klopp faoliyatining dastlabki yillarida “Ayntraxt”ning yoshlar tarkibi va “Maynts”ning asosiy jamoasiga ham ustozlik qilgan.
“Liverpul”dagi to‘qqiz yillik faoliyatidan keyin o‘tgan yili yozda Yurgen Klopp futboldan dam olish va yangi g‘oyalar topish maqsadida murabbiylikdan tanaffus olgan edi. Bir muddat hordiq chiqargan mutaxassis 2025 yilning yanvaridan bir necha sport klublarga egalik qiluvchi Red Bull kontsernida global direktor vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Agar Yurgen Kloppning “Roma” bosh murabbiyligini qabul qilgani rasman tasdiqlansa, Eldor Shomurodov jahon futbolida o‘z nomiga ega yana bir mashhur murabbiydan saboq olish imkoniga ega bo‘ladi. 29 yoshli legionerimiz Italiyadagi faoliyati davomida bir necha ustozlar bilan ishladi. Ular orasida eng mashhurlari Joze Mourino va Klaudio Raneri hisoblanadi. Endi bu ro‘yxatga Yurgen Klopp ham qo‘shilishi mumkin.
Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabridan beri A Seriya o‘yinchisi hisoblanadi. U Italiyadagi faoliyati davomida “Jenoa”, “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma”da o‘ynab kelmoqda. Hamyurtimizning Rim klubi bilan shartnomasi yana bir yilga uzaytirilib, Shomurodov 2027 yilning yozigacha poytaxt “bo‘rilari” safida qolishi belgilangan.
Shomurodovga ekspertlar nechchi ball qo‘ydi?
Fikrlar