
Shomurodovning asosiy kuchi nimada?
Mashhur uefa.com sayti O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov haqida intervyu shaklida katta maqola e’lon qildi. O‘zbekiston muxlislar e’tiboriga ushbu materialni havola etamiz.
Eldor Shomurodov O‘zbekistonda milliy qahramon darajasiga ko‘tarilgan. Mohir hujumchi katta bo‘lmagan Jarqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan, keyinchalik “Rostov”da o‘ynadi va hozir Joze Mourinoning “Roma”si sharafini himoya qilmoqda.
- Siz katta bo‘lmagan Jarqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgansiz. Bolaligingiz haqida gapirib bering.
- Oilamizda ko‘pchilik futbol o‘ynagan. Bobom murabbiy bo‘lgan, otam, amakim futbol o‘ynagan. Shuning uchun bolaligimdan futbolga qiziqish bor edi. Jiddiy qiziqish. Etti yoshimdan bolalar bilan stadionga mashg‘ulotlarga borardik. 12-13 yoshimda boshqa viloyatdagi “Mash’al” akademiyasiga borganman. U erda futbol bilan professional darajada shug‘ullana boshladim. Keyinchalik “Bunyodor”ga chaqirishdi va bu jamoa tarkibida O‘zbekiston chempionatidagi o‘ynay boshladim.
- “Mash’al” akademiyasi birinchi qadam. U qanchalar qiyin bo‘lgan? Oilangiz qanday yordam berdi?
- Oilamdagilarning yordami katta bo‘ldi. Har doim, hatto mag‘lubiyatga uchraganimda ham qo‘llab-quvvatlashdi. Uydan ketganimda juda kichik yoshda edim va bu qiyinchilik tug‘dirardi. Yaqinlarimni sog‘inardim, lekin busiz iloji yo‘qligini bilardim. Uydagilar maqsadimni qo‘llab-quvvatlashardi. Men yashagan Muborak shahri yozda cho‘ldagidek jazirama bo‘ladi, qishda esa juda sovuq. Lekin u erdagi akademiya zo‘r, murabbiylari ham. Futbolchilar uchun sharoitlar qulay, shuning uchun ham hammasiga chidab mehnat qilishga to‘g‘ri kelgan.
- Murabbiylaringiz Eldor Shomurodovning asosiy kuchi mentalitetida, deyishadi. Siz maqsad sari intiluvchan insonsiz. Siz doim Evropa darajasiga chiqishni orzu qilganmisiz?
- “Mash’al”ning asosiy jamoasi o‘ynaganida biz to‘plarni uzatib turardik. O‘shanda menda shu darajada o‘ynash istagi paydo bo‘lgan. Tezroq ulg‘ayib, mana shu maydonda shu jamoa uchun o‘ynashni istardim. Jiddiy o‘yinlarda qatnasha boshlaganimdan keyin boshqa futbol muhitiga intilish uchun yanada ko‘proq o‘sishga erishishi kerakligini tushinib etganman.
Uyga kelganimda doim Evropa futbolini tomosha qilardik. Yaqinlarim ham men Evropaga intilishim va o‘sha erlarda o‘ynashim kerakligini ta’kidalashar edi. Mana shunday qilib, menda Evropada o‘ynash orzusi paydo bo‘lgan. Shunga harakat qildim va buni uddaladim!
- Bolalikdagi kumiringiz kim edi?
- Dide Drogba va Fernando Torres. Men ularni yoqtirardim va har doim o‘yinlarini tomosha qilardim.
- “Chelsi”ga muxlislik qilasizmi?
- Shunday bo‘lgan. Hozir “Roma” fanatiman.
Fikrlar