"Sho‘rtan"ga qo‘yilgan ta’qiq, yaxshi futbolchi kelmaydigan maosh, saviyasi past pro-liga - Asror Aliqulov haqiqatni oshkor qildi

  • 15 sentabr, 2020, 06:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Sho‘rtan”ni bir paytlar qanday jamoa bo‘lganini bilasiz-a, sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan, raqobatni kuchaytiradigan darajada edi. OFK Kubogida ham qatnashgandi. Oxirgi yillarda esa klubning boshi muammolardan chiqmay qoldi. Qachon qarama qarzdorlik haqidagi gap-so‘zlarni eshitamiz. Bugungi “Sho‘rtan”da ham muammolar ko‘p. Klub bosh murabbiyi Asror Aliqulov yurtimizda taniqli futbolchilardan biri bo‘lgan. Endilikda o‘zi to‘p surgan klubni oyoqqa turg‘azish yo‘lida ishlayapti. Garchi qiyinchiliklarga qaramay, uning jamoasi pro-ligada peshqadamlik qilyapti. Ammo jamoada qanday muammolar va kamchiliklar borligini eshitsangiz hayron qolasiz. Bu borada Aliqulov spots.uz muxbiri bilan suhbatda ochiq-oydin aytdi.

-  Hozirgi vaziyatda “Sho‘rtan” pro-ligada birinchi o‘rinda va jamoa uchun barcha ishlar ko‘ngildagidek ketyapti, deb ayta olasizmi?

-  Qiyinchiliklar bor albatta, buni yashirishning keragi yo‘q. Bilasiz, “Sho‘rtan”ning oldingi yillardan qolgan qarzdorligi va kamchiliklari doim to‘g‘ri yo‘nalishda ishlashga xalaqit qilib keladi. Bu yil ham shunday muammolarimiz bor. Afsuski, mavsum boshida jamoaga yangi o‘yinchilarni ololmadik. O‘zimizning moliyaviy imkoniyatlarimizga mos keladigan futbolchilarni tanladik, lekin aksariyati biz beradigan oylik maoshga rozi bo‘lmadi. Oraliq tanaffusda yana yangi o‘yinchilarni olishimiz mumkin edi. Ammo oldingi qarzdorliklar sababli “Sho‘rtan”ga yangi ijrochilarni qabul qilish borasida ta’qiq qo‘yilgan. Mana shunday qiyinchiliklarimiz bor-da. E’tibor bergan bo‘lsangiz, transfer oynasi ochilgan mahalda birorta futbolchini taklif qila olganimiz yo‘q. Yangi o‘yinchi ololmaganimizdan so‘ng, o‘zimizdagi o‘yinchilarni qo‘yib yubormaymiz-ku, to‘g‘rimi? Endi yilning oxirigacha tarkibimizdagi bor yigitlar bilan chempionatni tugatamiz.

-  Transfer borasida klubga ta’qiq qo‘yilgani ayniqsa, murabbiyga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Buni bosh murabbiy sifatida o‘zingizda his qilib ko‘ryapsiz. Axir rejalar tuzgansiz va shunga qarab tarkibga yangi ijrochilarni qo‘shishni istagansiz. Ustiga-ustak, “Sho‘rtan” Superligaga qaytish uchun kurashyapti. Bu hol esa sizga ikki barobar bosim va qiyinchiliklarni tug‘dirmayaptimi?

-  “Sho‘rtan”dagi hozirgi holatdan kelib chiqib aytsak, Superligaga chiqish degan xayol uzoqroq. Superligaga chiqish uchun shunga munosib va daraja ham mos bo‘lishi kerak. Biz hozircha bu tomonlarini o‘ylamayapmiz. Iloji boricha ko‘proq g‘alabalar qozonish va klubning sha’nini himoya qilish uchun kurashyapmiz.

alikulov_1

-  Yaqinda Igor Kriushenko “Sho‘rtan”ning hali ham qarzi borligini aytgandi. Bu ish nima bo‘ldi? Yoki qarz yopildimi?

-  Yo‘q, hali. Lekin klub bosh menejeri Shamil aka Yarulin katta mas’uliyatni zimmasiga olgan. U jamoa uchun imkon darajasidan ham yuqori holatda qayg‘uryapti va “Sho‘rtan”ga jonini beryapti, desam ham adashmayman. Siz uning yoniga qandaydir muammolarni hal qilish uchun kirasiz, ammo uning uchun allaqachon o‘sha kamchiliklar kun tartibida turgan yoki siz aytguningizgacha hammasini hal qilib qo‘ygan bo‘ladi. Uning o‘zi klubning rahbari sifatida bir so‘m ham mukofot puli olmaydi. Vaholanki, boshqa lavozimdagi rahbarlar o‘ziga-o‘zi oylik maosh yoki mukofot pullarini yozib qo‘yishadi.

-  Jamoaning jismoniy holati qanday? Futbolchilaringizning oxirigacha kurashishga bardoshi etyaptimi?

-  “Oqtepa”ga qarshi o‘yin arafasida olti nafar o‘yinchimiz imtihon topshirishdi. Agar “Oqtepa” bilan uchrashuvni hisobga olmasak, yigitlarimizning jismoniy holatidan ko‘nglim to‘q. Anchadan beri safarda o‘ynamayotgandik. Masalan, “Neftchi”ga qarshi o‘yin ham G‘uzorda o‘tkazildi. O‘z maydonimizdagi bellashuvlarning 80-daqiqalaridan keyin qator gollarni urdik. “Oqtepa”ga qarshi o‘yinda esa jismoniy holat ta’sir qildi, deyish mumkin. Ammo boya aytganimdek, olti nafar asosiy tarkib o‘yinchilarimizga imtihon sababli imkoniyat berdik. Ular esa o‘yin boshlanishiga yaqin jamoamizga qaytib kelishdi. To‘g‘ri, 1:0 hisobida yutdik, ammo bizga ko‘proq sovuqqonlik etishmadi. Agar ikkinchi golni urganimizda “Oqtepa”ning oxirigacha kurashish ishtiyoqini susaytirgan bo‘lardik.

alikulov2_1

-  Pro-liganing saviyasi haqida nima deysiz va klubning asosiy raqobatchisi kim, deb ayta olasiz?

-  Vodiyning uchala jamoasi ham kuchli. Bu yoqda esa “Oqtepa” bilan “Dinamo” ham bor. “Xorazm “ bilan “Zomin” esa imkoniyatlarini tushirishyapti. To‘g‘risini aytish kerak, pro-liganing saviyasi juda past. Birinchi navbatda, bu futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi bilan bog‘liq. Avvalo, o‘yinchilar o‘zini engishi kerak. Pro-ligada o‘ynayotgan futbolchilar kimlar, o‘zi? Superligada asosiy tarkibga kira olmagan va o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynagan o‘yinchilar bu erga kelib o‘ynayapti. Yoki yoshi kattaroq futbolchilar pro-ligada to‘p suryapti. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, o‘yinlarning asosi xatolarga tayanilgan. Ya’ni, taktik o‘yin yoki futbolchilarning mahorati orqali kamdan-kam gollar uriladi. Asosan yo‘l qo‘yilayotgan xatolardan so‘ng gollarni ko‘ryapmiz. Ming urinmaylik, baribir pro-ligada saviya ancha past. Superligaga xos bo‘lgan gollar bu erda kamroq uriladi.

-  Bunday saviyasi past chempionatda ishlash orqali murabbiylik mahoratingizni oshirish imkoniyatingiz qanchalik?

-  Jamoamizga taklif qilingan aksariyat o‘yinchilar mahalliy. Siz klubda ishlayapsiz va oldingizga qandaydir maqsad qo‘yasiz. Lekin o‘sha maqsadga yarasha etarli futbolchilar bo‘lmaganidan keyin baribir vazifani bajarish uchun boshqa imkoniyatlarni qidirasiz. Jiddiy vazifa qo‘yildimi, baribir iloji yo‘q, sizga yaxshi saviyadagi o‘yinchilar kerak bo‘laveradi. Sizga aytgandim, “Sho‘rtan”da ishlab turib Superliga haqida o‘ylayotganim yo‘q. Biz avvalo oxirigacha kurashamiz va klubning hurmatini qaytarishni istaymiz. To‘g‘ri, hozirgi tarkibdagi o‘yinchilarning imkoniyatlarini bilasiz-u, ammo ertaga Superligaga chiqqach, ularning aksariyatida o‘ynash imkoniyati yo‘qoladi, buni yashirishning keragi yo‘q. Baribir ularni ming tarbiya qilsangiz ham saviya degan tushuncha bor. Superliga esa ularning saviyasi qachon ko‘tarilarkin deb kutib turmaydi.

alikulov6

-  Oxirgi yillarda birinchi ligada kelishilgan o‘yinlar degan tushuncha ancha gap-so‘z bo‘lgandi. Bugungi pro-ligada bu boradagi vaziyat qanday?

-  Pro-ligadagi o‘yinlar ham endi televidenie orqali ko‘rsatilyapti. Kelishilgan o‘yinlar to‘g‘risida boshqa jamoalar haqida biror nima ayta olmayman. O‘zimning klubimga keladigan bo‘lsak, bizning xayolimizda bunday futbol o‘ynash umuman yo‘q. Yigitlarga, agar sizlar Superligada o‘ynashni chin dildan istayotgan bo‘lsanglar, bu borada yordam beradigan birinchi inson menman deb aytaman. Masalan, o‘tgan yili “Sho‘rtan” safarda o‘ziga teng jamoalar bilan bahslarda ochko yig‘a olmagan. Holbuki, o‘sha paytda tarkib kuchliroq bo‘lgan. Hozirgi yigitlarning imkoniyatlari o‘z qo‘llarida. Ularni iloji boricha yuqori saviyalarda o‘ynashini xohlaymiz.

-  “Sho‘rtan” Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmasa, bu sizning murabbiylik ishingizga ta’sir qilmaydimi?

-  To‘g‘ri, hamma holatda ham biz tepaga qarab intilamiz. Murabbiy bo‘lgach, g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham siz bilan yonma-yon yuradi. Demak, murabbiy sifatida hamma narsaga tayyor bo‘lishingiz lozim. Agar qo‘l ostingizdagi o‘yinchilar o‘z imkoniyati darajasidan yuqori holatda o‘ynashsa-yu, biroq jamoangiz mag‘lub bo‘lsa, bu murabbiy uchun katta fojea emas. Demoqchimanki, murabbiymiz, demak har narsaga tayyormiz. Lekin “Sho‘rtan” Superligaga chiqsa, bizning jamoa hech kimdan kam emas. Faqat o‘ziga ishonsin va doim g‘alaba uchun o‘ynashi shart.

alikulov5

-  “Sho‘rtan”da o‘rtacha oylik maosh qancha miqdorni tashkil qiladi?

-  2-3 million so‘m atrofida. Biz shunday oylik maoshlarga rozi bo‘lgan futbolchilar bilan shartnoma tuzganmiz. Vaholanki, beradigan maoshimiz kamligi uchun ko‘plab o‘yinchilar “Sho‘rtan”ga kelishni istashmagan. Ammo qo‘l ostimdagi futbolchilarni yomon demayman. Ularga ham pro-liganing saviyasi baland emasligini, hammasi o‘z qo‘limizda, deb ko‘p aytaman.

-  Mukofot puli qancha?

-  Mukofot puli ham ko‘p emas, taxminan 2 million so‘m atrofida. Balki oldin “Sho‘rtan”da beriladigan mukofot pullari ko‘p bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Superligaga chiqish uchun kurashayotgan jamoaga beriladigan mukofot pullari ham kamligini tushunib turibmiz. Ammo “Sho‘rtan” uchun jon kuydirayotgan bosh menejerimiz har qanday holatda ham futbolchilarga sharoit yaratishga harakat qilyapti. Yuqorida aytganimdek, uning o‘zi mukofot puli olmaydi.

alikulov3_1

-  Ancha-muncha murabbiy jamoasi haqidagi haqiqatlarni oshkor qilavermaydi. Siz esa klubdagi real holatlarni qo‘rqmasdan aytyapsiz. Keyinchalik bu sizning faoliyatingizga ta’sir qilishidan cho‘chimaysizmi?

-  Ertangi kun yoki jamoadagi taqdirim nima bo‘lishi haqida ko‘p ham o‘ylamayman. Shamil aka Yarulinni qanday ishlayotganini bilaman. U qiyinchiliklar bilan ishlayotganini futbolchilarga bildirmaslikka harakat qiladi. Axir menejerimizning qanday holatda ishlayotganini sezaman. To‘g‘ri, hamma ichki sirlarni ham aytmaslik kerak. Ammo hozir aytmasak iloji yo‘q-da. Klubdagi hozirgi sharoitda Yarulinning bajarayotgan ishlarida albatta unga yordam kerak. O‘zi yordam so‘ramaydi, ammo albatta qo‘llab-quvvatlov muhim.

-  Hozirda klubning murabbiy va futbolchilaridan qarzdorligi bormi?

-  Jamoadan qarzdorlik bor, masalan mukofot pullaridan. Ammo yaqinda Yarulin elib-yugurib futbolchilarning avgust oyidagi maoshlarini to‘lab berdi. Bizning yigitlar katta maosh olishmaydi. Shu bois homiylar bilan gaplashib vaziyatni hal qilishga harakat qilyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
+998996603848
15/09/2020 12:23
Qashqadaryo jamoalari haqiqiy hurmatga loyiq jamoalar.
Javlon Abdullaev
15/09/2020 07:25
qoyil pulsiz ham óynasa bolarkanu