Shuhrat Maqsudov o‘yin paytida kim bilan telefonda gaplashgandi? Penalti talashib qolgan o‘yinchilarga qanday chora ko‘radi? Bosh murabbiy suhbatda nimalar dedi?

  • 1 aprel, 2022, 01:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 4-turida “Bunyodkor” klubi o‘z maydonida Samarqandning “Dinamo”sini qabul qildi. Juda qiyin kechgan bellashuvda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Avvaliga mehmonlar hisobni ochishgandi. Ammo ikkinchi bo‘limda voqealar rivoji o‘zgardi. “Dinamo”dan bir futbolchi chetlatildi. Mezbonlar g‘alaba uchun oxirigacha kurashishdi va buning natijasida maqsadiga erishgan holda g‘alabani raqibdan tortib oldi.

“Bunyodkor” bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov ikkita o‘yinga diskvalifikatsiya qilingani uchun o‘yinni tribunadan kuzatishga majbur bo‘ldi. Shu bois matbuot anjumanida uning yordamchisi Viktor Karpenko qatnashdi. O‘yindan keyin Sports.uz muxbiri Maqsudov bilan suhbatlashdi.

- G‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinni chetdan kuzatib bordingiz. Bunday paytda boshqacha hayajon bo‘lgan bo‘lsa kerak-a?

- Tabrik uchun katta rahmat. Ko‘pchilik g‘alabamizga ishonmagandi. Ayniqsa, 0:1 hisobida yutqazib turganimizdan keyin yutolmaydi, deganlar ko‘p bo‘ldi. Futbolchilarimga oxirigacha kurashishgani uchun katta rahmat. Tanaffus chog‘ida yigitlar bilan shu haqda yaxshilab gaplashib olgandik. Uchrashuvgacha ham futbolchilarimizga “Dinamo” pro ligadan chiqqan deb bo‘shashmanglar, deya rosa tayinlab kelgandik. Lekin bu ruhiyat bilan bog‘liq. Xohlaymizmi-yo‘qmi, fikrimcha baribir yigitlar biroz bo‘shashishgan. Birinchi taymda o‘yinimiz umuman o‘xshamadi, o‘zimiz kutgandek harakat qila olmadik. Aksiga olib penaltidan ham gol ura olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa jamoamiz mahoratini ko‘rsatdi. Ayniqsa, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va xohish katta bo‘ldi. G‘alabamizga oxirigacha ishongan muxlislarimiz uchun o‘ynab uch ochkoni qo‘lga kiritganimiz bois o‘yinchilarimizga rahmat.

shuxrat_2

- Siz uchun o‘yinni qaerdan kuzatish qiyin: zaxira o‘rindig‘idanmi yoki tribunadanmi?

- Albatta, chetdan kuzatish juda ham qiyin. Baribir vujudim bilan maydonda, futbolchilarim bilan birga edim. Yordamchim orqali suhbatlashib turdik. Ayniqsa, raqib bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin hujumni yanada kuchaytirish maqsadida himoyachi o‘rniga hujumchi va hujumkor yarim himoyachini maydonga tushirdik. O‘ylaymanki, ushbu qilgan qarorimiz ham o‘zini oqladi. Hakamlar yana bir golimizni hisobga olishmadi. Menimcha, toza gol urgandik. Mayli, buni muhokama qilgim kelmayapti. Eng muhimi, uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Yana bir bor futbolchilarimga va bizni oxirigacha qo‘llab-quvvatlab turgan ishqibozlarimizga katta rahmat.

shuxrat3

- Birinchi bo‘limda Tomiva penaltidan gol ura olmadi. Ammo 11 metrli jarima zarbasi tepilishidan avval u Dilshod Jo‘raev bilan talashib qoldi. Aslida penalti tepishni kimga buyurgandingiz?

- Biz bu masalada buyurmagandik. Mashg‘ulotlarda buning ustida ishlayapmiz. Ammo o‘zimiz ko‘zlagan o‘yinchi mashg‘ulotda urolmayapti, o‘yinda esa aksincha. Oldingi uchrashuvda penaltidan gol urgandi, bugun esa urolmadi. bu – futbol. Yiqilishingni bilsang ko‘rpacha solib qo‘yasan, degan maqol bor. O‘sha vaziyatda jurnalistlarga ham, muxlislarga ham noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘rab qolgan bo‘lardim. Beayb Parvardigor! Chetdan turib gapirish eng oson yo‘li. Biroq bu bilan futbolchilarimizning qilgan ishini oqlamoqchi emasman. Tanaffus paytida birinchi qilgan ishim o‘sha ikkala o‘yinchini zaxiraga oldim. Baribir birinchi navbatda intizomni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Futbol muxlislar uchun, buni unutmasligimiz kerak. O‘yinchilarimiz qizishib ketganligini inobatga olish kerak. Baribir maydonda bunday qilish yarashmaydi. Hozir issiq xissiyotlar paytida bir nima deya olmayman, bir-ikki kundan keyin albatta muhokama qilamiz. Shunday qolib ketmaydi, albatta jarimaga tortamiz va qattiq nazoratga olamiz.

shuxrat1_1

- Sir bo‘lmasa, qancha miqdorda jarimaga solinadi?

- Bu faqat bizning ichki sirimiz. Tashqariga olib chiqqim kelmayapti.

- O‘yindan avval tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga ko‘ra siz ikkita uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindingiz. Uchrashuvga tayyorgarlik chog‘ida bu sizga qanchalik ta’sir qildi?

- Albatta, noqulay bo‘ldi. Maydon chetida futbolchilarga tezkorlik bilan ko‘rsatma berish mumkin. Tribunadan esa to yordamchini chaqirib aytguncha vaqt ketadi. Peshonamizda shu ham bor ekan, mayli, zarari yo‘q. Baribir Alloh bizga madadkor bo‘ldi.

shuxrat2_1

- Diskvalifikatsiyaga sabab sifatida sizni o‘yin chog‘ida mobil telefondan foydalanganingiz ko‘rsatilgan. Qiziq, o‘sha paytda kim bilan gaplashdingiz?

- Hech qanday siri yo‘q. O‘sha paytda rahbariyat tomonidan telefon bo‘lib qolgani uchun joyimda o‘tirib gaplashmadim, ichkariga kirib qo‘ng‘iroqqa javob berdim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
01/04/2022 15:21
Shu murabbiy bergan fikrini uzi uqirganki yuqmi. Omadimiz keldi de hech bulmasa. chunki. maydonga. 10kishiga qarshi. VAR dakilarni ham qushsa. 17 kishi bulib uynadizla. ozgena bulsa ham. erkak. bulaylik. Hamma hamma muhlisladan tortib. Murabbiylargacha mard kelsa. ana ushanga fudbol kuchayadi.