Sinmas iroda va maqsad sari intilish! Bu ikkisini o‘zida jam qilgan murabbiy hikoyasi

  • 28 fevral, 2021, 16:16
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Bolg‘achilar» APLning so‘nggi turida «Manchester Siti»ga mag‘lub bo‘ldi, ammo 4-pog‘onadan tushib ketgani yo‘q. London klubi so‘nggi 12 tur davomida atigi ikki bor mag‘lub bo‘ldi xolos. «Shaharliklar»dan avvalroq, «Liverpul» «bolg‘achilar»ni mehmonda ranjitgan edi.

Tecno

Shunga qaramay, hozir jamoa fantastik formada. Bu g‘alabalar ortida uzoq yillik sinovlarga bardosh bergan Devid Moyesning xizmatlari ulkan. Omadsiz emasligini isbotlash maqsadida ko‘plab muammolarni engib o‘tgan murabbiy bugun SPORTS.uz nishonida!

2013 yilning 9 may sanasida murabbiy «qizil iblislar» bilan 6 yillik shartnomaga imzo chekdi. Bundan avval, «Everton»ni 11 yil boshqargan shotlandni shaxsan ser Aleks rahbariyatga tavsiya qilgan edi. «Irislar» safida ortiqcha transferlarsiz ham kuchli jamoani tuzgan murabbiy vatandoshining o‘rnini egallashi taxmin qilingan edi, ammo hammasi o‘zgacha ko‘rinish oldi.

Qahramonimiz superyulduz maqomidagi qariya futbolchilardan tashkil topgan jamoani qabul qilib oldi. Futbol olamidagi eng nufuzli musobaqalarda g‘alaba qozongan yigitlar kamtarin Devidning mashg‘ulotlariga avval boshidan jiddiy e’tibor bermadi. Keyinroq buni jamoa sardori Rio Ferdinandning o‘zi ham tan oldi.

«Moyes o‘z qarashlariga asoslanib, bizni o‘zgartirishga urindi. Bizga bu narsa yoqmadi. Jamoadagi yigitlarga uning qo‘l ostida to‘p surish malol kelishni boshlagach, vaziyat keskinlashib ketdi. Yodimda bor,  bir o‘yin oldidan bizga mag‘lub bo‘lmaslik vazifasini yuklatdi. Vaholanki, yigitlar maydonga faqat g‘alaba qozonish uchun tushishga o‘rganib qolgan.

Keyinroq, u bizga chips tanovul qilishni ma’n qildi. Bu qaror yakunda barchani g‘azabini qo‘zg‘atdi. U iste’foga chiqarilganini eshitgach, 20 daqiqadan so‘ng, sevimli eguligimizni iste’mol qilishni boshladik.»

Tan olish lozim, Moyes yulduzli jamoani boshqarish borasida hech qanday tajribaga ega emas edi. Transferlar bobida ham uning omadi kelmadi. Yozda Maruan Fellayni xarid qilingan bo‘lsa, qishda Xuan Mata tarkibga qo‘shib olindi. Yosh va g‘alabaga chanqoq yigitlarning yo‘qligi, Moyesga pand berib qo‘ydi.

10 oy faoliyat olib borgan murabbiy o‘rnini Rayn Giggz egalladi. Mavsum so‘nggida jamoa musobaqani 7-pog‘onada yakunladi. Devid omadsizlikka uchragach, unga klub kompensatsiya sifatida 5 million funt to‘ladi. Afsuski, bu pullar ruhiy tushkunlikka tushib qolgan mutaxassisning kayfiyatini ko‘targani yo‘q. 2019 yilga kelib, shotlandiyalik murabbiy jamoadan ketish qay darajada og‘ir bo‘lganini ma’lum qildi:

“Oxirgi marotaba qachon yig‘ladim? Menimcha, «MYu»dan ketgan kunim. Men hammasini o‘zgartirishim uchun vaqt kerak ekanligini bilardim, biroq ular menga oxirigacha ishonishmadi.”

2014 yilning 11 noyabr sanasida, u kutilmaganda, «Real Sosedad» jamoasi bosh murabbiy etib e’lon qilindi. Ispaniyada o‘z mavqeyiga ega klub evrokuboklarda muntazam ishtirok etib kelayotgan edi. Afsuski, yangi iqlim va yangi chempionatga moslashib ketish jarayoni jamoaning natijalariga salbiy ta’sir o‘tkazdi. Oqibatda, 2015 yilning noyabr oyida qahramonimiz yana ishsiz qolib ketdi.

Ko‘p jihatdan, bunga murabbiyning o‘zi ham aybdor. U ispan tilini o‘rganmadi, hakamlar bilan tortishdi va muxlislarning stadionga kam kelishini tanqid qildi. Ingliz futbol mentalitetiga xos so‘zlarni Ispaniyada iliq qabul qilishgani yo‘q.

Qahramonimiz 2016 yilning yoziga qadar ishsiz qolib ketdi. O‘sha yilning yozida Moyesga «Sanderlend» taklif bilan chiqdi. Barcha «tumanli albion»ga qaytish omadli chiqishini taxmin qilgani aniq, biroq hammasi boshqacha ko‘rinish oldi. Shotlandiyalik mutaxassis qo‘l ostida klub 20-pog‘onani hech kimga bermadi va chempionshipga ravona bo‘ldi. Bundan tashqari, ruhiy tushkunlikka tushib qolgan Moyes BBC jurnalisti va APL rahbarlari bilan mojarolarga o‘ralashib qoldi. 2017 yilning may oyida Devid o‘z talabi bilan ishdan bo‘shadi.

Aslida, murabbiy targ‘ib etayotgan futbol zamonaviy, biroq «qizil iblislar» bilan omadsizlik uni psixologik “sindirib” qo‘ygani har safar yaqqol ko‘zga tashlanib qolaverdi. Achinarlisi shundaki, deyarli barcha jurnalistlar uning «MYu»dagi omadsizligi haqida savol berishga urinar, murabbiy har safar asabiylashgan tarzda bir so‘zni takrorlayverar edi.

«Menga 6 yillik shartnoma taklif etishdi. Shu bois, ishni bir boshidan boshladim. Oradan 10 oy o‘tib, iste’foga chiqarib yuborishdi. Bu nohaqlik!»

2017/18 yilgi mavsumda Moyesga «Vest Xem» ishonch bildirdi. Bu katta ehtimol bilan Devidning faoliyatini tiklash uchun eng so‘nggi berilgan imkoniyat edi. Qahramonimiz mavsum so‘nggiga qadar ish olib bormadi. Turnir jadvalidagi 13-o‘rin klub prezidenti Devid Sallivanga yoqmadi. Moyesning o‘rnini egallagan Manuel Pellegrini ham «mo‘’jiza» ko‘rsatishni uddalay olmadi. 10-o‘rin va unga ham chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborildi. Bo‘shab qolgan kursiga sinovdan o‘tgan shotlandiyalikni qaytarishdi. Bu safar u o‘zini ko‘rsatish uchun to‘liq imkoniyat yaratib berildi.

Devid APLdagi faoliyati davomida 3 bor LMA tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi, deb tan olingan. Uning bu yutuqlari haqida LMA rahbari Govard Uilkinson 2009 yilda quyidagi so‘zlarni aytgan edi:

«Kichik byudjet bilan ham katta maqsadlarga erishish mumkinligini Moyes isbotlab kelmoqda. Tartib-intizom ustiga qurilgan jamoa yildan-yilga kuchli bo‘lib boradi.»

Aynan shu so‘zlar o‘z isbotini endi topmoqda. Murabbiy o‘z jamoaviy o‘yiniga suyangan holda, yangi nomlarni kashf etishni boshlab yuborgan. Misol uchun: chexiyalik Tomash Souchek hozir liganing eng kuchli tayanch yarim himoyachisi. U har bir o‘yinda o‘rtacha 3.3 bor to‘p uchun kurashda g‘olib chiqmoqda. Kiritgan gollari soni 8 ta! Yoki «Manchester Yunayted» uchun keraksizga aylangan Jessi Lingard ham APLni «yondirmoqda». Avvalgi jamoasida tanqidlar yomg‘iri ostida qolib ketgan yigit «bolg‘achilar» safida so‘nggi 5 ta o‘yinda 3 bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bu uning «Manchester Yunayted» safidagi so‘nggi 36 o‘yinda ko‘rsatgan sermahsulligidan yaxshiroq ko‘rsatkich.

Voqealarni chetdan kuzatib turgan jamoa sardori Mark Nobl ham kamtarin murabbiy haqida iliq fikrlar bildirib o‘tdi.

“Hozir bizda ichki muhit a’lo darajada. Bizni elitani tark etishdan saqlab qolgan murabbiy hozir ulkan maqsadlar sari intilmoqda. U yangi iqtidorlarni izlab topish va jamoa o‘yinini rivojlantirish bilan band. Umid qilamanki, tez orada muxlislar stabil «Vest Xem»ni ko‘rishadi.”

Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, ayni damda Moyes Angliyada yil murabbiyi bo‘lishi mumkin. Buning uchun jamoa chempionatni kuchli to‘rtlikda yakunlashi talab etiladi. Agar Moyes shu tempni saqlab qolsa, «bolg‘achilar» kelasi mavsumda EChLda ko‘rinish berishi ham hech gap emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!