
"So‘g‘diyona" futbolchisi Baqoevning iste’fosidan so‘ng: "Biz ham tushunmay qoldik"
Endi “So‘g‘diyona”dagi murabbiy o‘zgarishidan xabardorsiz. Bir necha yil davomida klubni boshqargan Ulug‘bek Baqoev iste’foga chiqdi. Oxirgi paytlardagi omadsiz o‘yinlar baribir o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Jamoa a’zolari qo‘ldan kelganicha harakat qilyapti, biroq natijaga kelganda...
“So‘g‘diyona”ning iqtidorli ijrochilaridan biri Javohir Qahramonov klubdagi mavjud o‘zgarish hamda hozirgi vaziyat haqida Sports.uz jurnalistining savollariga javob qaytardi.
- Javohir, Ulug‘bek Baqoevning “So‘g‘diyona” klubini tark etishini jamoa a’zolari qanday qabul qilishdi? Sizlar uchun ham bosh murabbiyning ketishi kutilmagan holat bo‘ldimi?
- Hammasi kutilmagan holatda bo‘ldi. Rosti, biz ham tushunmay qoldik. Endi nima ham deya olardik? Bu – futbol. Futbolda hamma narsa bo‘ladi. Ulug‘bek Baqoev albatta yaxshi murabbiy. Nima deymiz? Shunaqa bo‘lishi kerak ekan-da. Murabbiyning keyingi faoliyatida omad tilab qolaman va minnatdorchilik bildiraman.
- Ulug‘bek Baqoevning o‘rniga vaqtincha Yorqin Nazarov bosh murabbiy sifatida ishni boshladi. Bunga jamoadagilarning munosabati qanday bo‘ldi?
- Bir narsa deya olmayman. Chunki ushbu murabbiy klubga endi keldi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Ammo men Nazarovni oldindan taniyman. Yaxshi murabbiy va yaxshi inson.
- Baqoevning klubdan ketishi futbolchilarga ruhiy tomondan og‘ir zarba bo‘ldimi? Jamoa tushkun kayfiyatdami yoki unchalik sezilmayaptimi?
- Albatta, tushkun kayfiyatga tushib qoldi. Boya aytganimdek, bu – futbol. Unda hamma narsa bo‘ladi. Shunga qaramay, oxirgi 2 ta o‘yin qoldi. Chempionatni yaxshi holatda tugatib qo‘yamiz, degan umiddaman.
- “So‘g‘diyona” OFK va O‘zbekiston Kubogining yarim finallarida penaltilar seriyasidagina alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradi. Jamoa uchun ushbu ikkita o‘yindagi malubiyat og‘ir zarba bo‘ldi-a? O‘sha o‘yinlarni eslaganda nimani aytgan bo‘lardingiz?
- Ha, OFK Kubogini boy berganimizdan keyin hammani kayfiyati tushib ketdi. Shundan so‘ng tiklanib ketish qiyin bo‘ldi. To‘g‘risi, hozirgi paytda biz “yama”ga tushib qolganmiz. Nasib qilsa, bu kunlar o‘tib ketadi, degan umiddaman.
- Klub bilan tuzgan shartnomangiz ham nihoyasiga etyapti. Baqoevdan keyin siz uchun ham bu “So‘g‘diyona”dagi joriy mavsum oxirgisi bo‘lib qoladimi?
- Oldinda 2 ta o‘yinimiz bor. Siz aytganingizdek, shartnomam tugayapti. U yog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Mavsum tugayversin-chi, biroz dam olib keyin bu savolingizga javob berishim mumkin. Lekin hozir oldindan bir nima ayta olmayman. Vaqt ko‘rsatadi.
- Sir bo‘lmasa, oldingizda qanday takliflar turibdi va xorijdan ham variantlar bormi?
- Ha, takliflar bor. Xorijdan ham, O‘zbekistondan ham. Ammo ayni chog‘da bu xususida sizga hech nima ayta olmayman.
- Agar Baqoev yangi mavsumda biror-bir klubda ish boshlab, sizni o‘z jamoasiga taklif qilsa, u bilan yana birga ishlash niyatingiz bormi?
- O‘ylab ko‘rardim, to‘g‘ri kelsa (kuladi).
- “So‘g‘diyona”ning joriy chempionatdagi maqsadi aniq edi: sovrinli o‘rinlar uchun kurashish. Buning ustiga yuqorida aytganimizdek, OFK va O‘zbekiston Kubogi yarim finallarida alamli tarzda yutqazdi. Xullas, jamoa hech bir vazifani uddalay olmadi. Shuni hisobga olganda, so‘nggi ikkita uchrashuv uchun futbolchilarda qanday motivatsiya qoldi?
- Nasib qilsa, oxirgi ikkita uchrashuvda g‘alaba qozonib, yorug‘ yuz bilan 5-o‘rinni olishga harakat qilamiz.
- Chempionlik qaysi klubga nasib qiladi, deb o‘ylaysiz?
- Unisini bilmadim-u, ammo 2 ta uchrashuvda “Nasaf” yutsa chempion bo‘ladi. Shuni bilaman (kuladi).
- “So‘g‘diyona” o‘tgan yili 2-o‘rinni egallagandi. Bu yil jamoaga nima etishmadi, deb o‘ylaysiz?
- Biz uchta frontda kurashdik. O‘zingiz ko‘rdingiz, ko‘pchilik toliqib qoldi. Jarohatlar ham ko‘p bo‘ldi. O‘yinchilar ham kam edi. Sabablari shu bilan bog‘liq deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar