
Sovrin olgan Fayzullaev nimalar dedi?
Moskva shahrida “Winline Rossiya Premer-ligasi qahramonlari”, deb nomlangan turli yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
TsSKA hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev “Mavsus kashfiyoti” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib, deb e’tirof etildi va maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
“Mavsum kashfiyoti” nominatsiyasining yakuniy bosqichida uch nafar futbolchining nomi ko‘rsatilgan edi.
20 yoshli legionerimiz “Dinamo Moskva” legioneri Bitello va “Krilya Sovetov” futbolchisi Nikita Satikovni ortda qoldirdi.
Mavsumni chempionat qahramonlaridan biri sifatida yakunlagan legionerimiz sovrin borasida fikr bildirdi.
- Men uchun ovoz bergan hammaga rahmat. Bunday sovrinni qo‘lga kiritish juda yoqimli bo‘ldi. Barcha jamoadosh do‘stlarimga, murabbiylarga, rahbariyatga meni qo‘llab-quvvatlashayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Ota-onam, yaqinlarim, do‘stlarim va TsSKA muxlislariga alohida rahmat aytaman, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
Nominatsiya g‘olibi bo‘lgan futbolchimiz “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. TsSKA iste’dodli hujumkor futbolchini o‘tgan yilning avgustida transfer qilgan edi.
Abbosbek Fayzullaev qisqa fursatda TsSKA etakchisiga aylandi. “Armiyachilar” hujumini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan legionerimiz Rossiya Premer-ligasida 22 ta uchrashuvda to‘rtta to‘p kiritib, jamoadoshlarining 11 ta goliga hammuallif bo‘ldi.
Moskvaliklarning bu transferi 500 ming evroga tushgan edi. Abbosbek Fayzullaev debyut mavsumidayoq o‘zini ko‘rsata olgani uning transfer narxini oshirib yubordi.
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali bugungi kunda o‘zbek futbolchisini besh million evroga baholanmoqda.
Fikrlar