SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliganing 7-tur ramziy terma jamoasi bilan tanishing
Xabaringiz bor kecha Superligada 7-tur uchrashuvlariga yakun yasaldi. Bu tur ham muxlislar bir-biridan qiziqarli va kutilmagan o‘yinlarga guvoh bo‘lishdi.
SPORTS.uz portali ham o‘z talqini bo‘yicha ushbu o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatgan va jamoasiga foyda keltirgan futbolchilardan iborat tur ramziy terma jamoasini tuzib chiqdi.
Darvozabon: Nizomiddin Ziyovuddinov (AGMK).
AGMK ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng nihoyat o‘z muxlislarini xushnud etdi. “Konchilar” o‘z maydonlarida Andrey Miklyaev boshchiligidagi "Surxon" klubini 2:0 hisobida taslim etishdi. Ushbu ishonchli g‘alabada shubhasiz olmaliqliklar posboni Nizomiddin Ziyovuddinovning ham mehnatlari beqiyos bo‘ldi. Mirjalol Qosimov yosh darvozabonga ishonch bildirdi. U esa tajribali raqiblarining zarbalarini bartaraf etib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi.
Himoyachilar: Salim Mustafoev (chap “Qizilqum”), Slavko Lukich (markaz “Navbahor”), Mirkomil Lokaev (o‘ng “Dinamo”).
“Qizilqum” ushbu turda o‘z maydonida “Bunyodkor”ni qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shu kuni navoiyliklarning qanot himoyachisi Salim Mustafoev ishonchli o‘yin namoyish etdi va jamoasining muhim g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shdi.
"Navbahor" nihoyat ushbu turdan boshlab o‘z maydonida to‘p surishni boshladi. "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘tkazilgan ochilish o‘yinida "lochinlar"ning serbiyalik himoyachisi Slavko Lukich birinchi bo‘lib raqib darvazasini ishg‘ol etdi. Ta’kidlash kerakki, Lukich o‘tgan tur Samarqandda "Dinamo"ga ham gol urgan edi va o‘tgan tur ham ramziy terma jamoamizdan joy olgandi.
Ushbu turda Samarqandda “Dinamo” klubi safarda “Andijon” mehmoni bo‘ldi va 2:2 hisobida jangovor durang qayd etdi. Ushbu uchrashuvda samarqandliklar himoyachisi Mirkomil Lokaev nafaqat o‘yin davomida ishonchli harakat qildi, balki, so‘nggi daqiqalarda super gol urib jamoasining safardan muhim ochko bilan qaytishini ta’minladi.
Yarim himoyachilar: Ivan Solovyov (chap “Navbahor”), Quvondik Ro‘ziev (markaz “Qo‘qon-1912”), Dilshod Jo‘raev (markaz AGMK), Farhod Bekmurodov (o‘ng “Andijon”).
Mavsum boshida "Navbahor" safiga kelib qo‘shilgan rossiyalik yarim himoyachi Ivan Solovyov bu turda "So‘g‘diyona"ning mag‘lub etilishida asosiy vazifalardan birini bajardi. Garchi u shu kuni gol urishga muvaffaq bo‘lmagan bo‘lsada, "lochinlar" safidagi eng faol futbolchilardan biri bo‘ldi. Maydon markazida etakchilikni qo‘lga oldi. Bir so‘z bilan aytganda Solovyov shu kuni o‘ziga yuklatilgan va muxlislar kutgan o‘yinni namoyish etib bera oldi.
Ramziy terma jamoamizga bu safar “Qo‘qon-1912” etakchilaridan biri Quvondiq Ro‘zievni kiritishga qaror qildik. Boisi, u safarda amaldagi chempion hisoblangan "Lokomotiv"ga qarshi bahsda jamoasining muhim ochkoni qo‘lga kiritishida asosiy vazifalardan birini bajardi. Uning harakatlari raqib futbolchilariga ancha muammo tug‘dirdi, uzatmalari esa xavfli hujumlarga olib keldi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek AGMK ushbu turda uzoq kutilgan g‘alani tantana qildi. Olmaliqdagi bahsda mezbonlar yarim himoyachisi Dilshod Jo‘raev har tomonlama o‘zini ko‘rsatdi va Mirjalol Qosimovning ko‘rsatmalarini to‘liq ado etdi. Uning "Surxon" darvozasiga urgan goli esa AGMKning muhim g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.
“Andijon” bu tur o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qildi. Andijonda kechgan bu bahs 2:2 hisobida jangovor durang bilan yakunlandi. Shu kuni “burgutlar” safida maydon markazida Farhod Bekmurodov juda faol o‘ynadi, har bir to‘p uchun bor kuchi bilan kurashdi. U ushbu o‘yinda jamoasi etakchilardan biri bo‘ldi.
Hujumchilar: Humoyun Murtazoev (“Nasaf”), Dragan Cheran ("Paxtakor"), Aleksandr Kasyan ("Navbahor").
Bu turda "Nasaf" safarda "Buxoro" mehmoni bo‘ldi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. "Ajdarlar"ga g‘alaba keltirgan yagona golga esa Humoyun Murtazoev mualliflik qildi. Shu bois uni ramziy terma jamoaga kiritishga loyiq ko‘rdik.
"Paxtakor" ushbu turda "Metallurg"ni qabul qildi. Poytaxtda kechgan o‘yin 2:1 hisobida "sherlar"ning g‘alabasi bilan tugadi. E’tiborlisi, shu kuni mezbonlarning har ikkala goliga ham Dragan Cheran mualliflik qildi. Aynan uning dubli toshkentliklarning g‘alabali seriyasini davom ettirdi.
Ushbu tur Namanganda ochilish uchrashuvi bo‘lgani haqida gapirib o‘tdik. Shu kuni "Navbahor" o‘z maydonida "So‘g‘diyona"ni 3:1 hisobida engdi. "Lochinlar" safida harakat qilgan rossiyalik hujumchi Aleksandr Kasyan esa o‘z nomiga dubl rasmiylashtirib qo‘ydi va haqli ravishda ramziy terma jamoamizdan joy oldi.
Bosh murabbiy: Andrey Kanchelskis (“Navbahor”).
Turning eng yaxshi murabbiyi deb esa "Navbahor" ustozi Andrey Kanchelskisni tanladik. Uning jamoasi mavsum boshidagi muvaffaqiyatsizliklardan to‘g‘ri xulosa chiqardi hamda ancha mazmunli va chiroyli o‘yin ko‘rsata boshladi
Darvozabon: Nizomiddin Ziyovuddinov (AGMK).
Himoyachilar: Salim Mustafoev (chap “Qizilqum”), Slavko Lukich (markaz “Navbahor”), Mirkomil Lokaev (o‘ng “Dinamo”).
Yarim himoyachilar: Ivan Solovyov (chap “Navbahor”), Quvondik Ro‘ziev (markaz “Qo‘qon-1912”), Dilshod Jo‘raev (markaz AGMK), Farhod Bekmurodov (o‘ng “Andijon”).
Hujumchi: Humoyun Murtazoev (“Nasaf”), Dragan Cheran ("Paxtakor"), Aleksandr Kasyan ("Navbahor").
Bosh murabbiy: Andrey Kanchelskis (“Navbahor”).
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar