SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliganing 8-tur ramziy terma jamoasi bilan tanishing

  • 13 may, 2019, 18:29
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor kecha Superligada 8-tur uchrashuvlariga yakun yasaldi. Bu tur ham muxlislar bir-biridan qiziqarli va kutilmagan o‘yinlarga guvoh bo‘lishdi.

Tecno

SPORTS.uz portali ham o‘z talqini bo‘yicha ushbu o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatgan va jamoasiga foyda keltirgan futbolchilardan iborat tur ramziy terma jamoasini tuzib chiqdi.

Darvozabon: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”).

“Navbahor” bu tur Toshkentda turnir peshqadami hisoblangan “Paxtakor”ga qarshi bahs olib bordi. Dramatik kechgan qarama-qarshilikda kuchlar teng keldi – 2:2. Shu kuni “lochinlar”ning poytaxtdan ochko olib qaytishiga darvozabon O‘tkir Yusupov ulkan hissa qo‘shdi. U “sherlar”ning ketma-ket yo‘llagan xavfli zarbalarini bartaraf etishga erishdi va o‘yin davomida bir qator ajoyib seyvlarni amalga oshirdi.

Himoyachilar: Stanislav Andreev (chap “Metallurg”), Vladimir Bubaniya (markaz “Surxon”), Jahongir Mehmonov (markaz “Navbahor”), Dilshod Ahmadaliev (o‘ng “Bunyodkor”).

“Metallurg” ushbu turda o‘z maydonida “Lokomotiv”ni qabul qildi va 0:0 hisobida durang qayd etdi. Shu kuni bekobodliklarning qanot himoyachisi Stanislav Andreev amaldagi chempionlarga qarshi bahsda ishonchli o‘yin namoyish etdi va jamoasining muhim bir ochkoni qo‘lga kiritishini ta’minladi.

"Surxon" nihoyat ushbu turda muxlislari kutgan g‘alabani qo‘lga kiritdi. So‘nggi ikki turdan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan Andrey Miklyaev shogirdlari 8-turda Termizda "Buxoro"ga qarshi bahs olib borishdi. Shu kuni “Surxon”ning legioner himoyachisi Vladimir Bubaniya ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, bo‘ydor futbolchi havodan kelayotgan to‘plarni deyarli o‘tkazmadi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek bu tur “Navbahor” poytaxtda “Paxtakor”ga qarshi juda qiyin uchrashuv o‘tkazdi. Bunday jiddiy raqibga qarshi o‘yinda namanganliklar sardori Jahongir Mehmonov jamoadoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘la oldi. Uning jamoasi esa yakunda “sherlar” maydonidan muhim ochko bilan qaytdi.

Yarim himoyachilar: Daniel Nasriddinov (chap “So‘g‘diyona”), Shoxruh Abdurahmonov (markaz “Dinamo”), Oston O‘runov (markazNavbahor”), Xurshid G‘iyosov (o‘ng Bunyodkor”).

Ulug‘bek Baqoev qo‘l ostidagi "So‘g‘diyona" bu tur o‘z maydonida “Andijon”ni qabul qildi. Jizzaxda kechgan shiddatli bahsda 2:1 hisobida mezbonlarning qo‘li baland keldi. Shu kuni “So‘g‘diyona” yarim himoyachisi Daniel Nasriddinov nafaqat faol o‘ynadi, balki, gol urib jamoasining muhim g‘alabasini ta’minladi.

“Dinamo” 8-turda Samarqandda mavsumda o‘ziga o‘xshamayotgan AGMKni qabul qildi. Davron Fayziev shogirdlari shu kuni minimal hisobda g‘alaba qozonishdi va navbatdagi uch ochkoni o‘z hisoblariga yozdirib qo‘yishdi. Ushbu bahsda olmaliqliklar darvozasiga kiritilgan yagona gol muallifi esa Shoxruh Abdurahmonov bo‘ldi. Shu bois biz uni ramziy terma jamoamizga kiritishga qaror qildik.

“Navbahor”ning yana bir futbolchisi ushbu turda juda faol o‘yin ko‘rsatdi va barchaning e’tiborini tortdi. Oston O‘runov “Paxtakor”ga qarshi bahsda maydonda istagan ishini qildi. “Sherlar”ning mahoratli himoyachilarini osonlik bilan ortda qoldirdi. Uning bir necha bor qanotdan uyushtirgan reydlari xavfli ko‘rinish oldi. Bir so‘z bilan aytganda u shu kuni “lochinlar” safida o‘ynagan eng zo‘r futbolchi bo‘ldi.

“Bunyodor” yana hammani hayron qoldirishda davom etmoqda. Moliyaviy qiyinchlikka duchor bo‘lgani ochiqchasiga oshkor etilayotgan “qaldirg‘ochlar” bu turda “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahs olib borishdi. Toshkentdagi TTYMI maydonida bo‘lib o‘tgan qiziqarli o‘yin 2:1 hisobida Vadim Abramov shogirdlarining g‘alabasi bilan yakun topdi. Shu kuni “Bunyodkor”ning har ikkala goliga ham Xurshid G‘iyosov mualliflik qildi. Dubl qayd etgan va jamoasiga g‘alaba keltirgan futbolchi har qanday olqishga loyiq..

Hujumchilar:  Dragan Cheran ("Paxtakor"), Humoyun Murtazoev ("Nasaf").

Ushbu turda "Paxtakor" muhim ochkolarni boy berdi. Biroq, raqib ham anoyilardan emasdi. “Navbahor”ga qarshi bahslar hamisha, har qanday jamoa uchun juda qiyin kechadi. Shu kuni “sherlar” gol urish mushkul bo‘lgan “lochinlar” darvozasiga ikki bor yo‘l topa olishdi. Ushbu gollarning har ikkalasiga ham Dragan Cheran mualliflik qildi. 31 yoshli serbiyalik futbolchi o‘tgan tur ham dubl qayd etganini e’tirof etish lozim.

Chempionatning eng yosh jamoasi - "Nasaf" bu turni o‘z maydonida “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazdi. Qiziqarli kechgan bahs 1:1 hisobida yakunlandi. Bir necha o‘yindan buyon raqiblari darvozasiga yo‘l topib kelayotgan “ajdarlar”ning yosh forvardi  Humoyun Murtazoev bu tur ham o‘zining golli seriyasini davom ettirdi. Uning bu safargi goli jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Bosh murabbiy: Davron Fayziev (“Dinamo”).

Turning eng yaxshi murabbiyi deb esa "Dinamo" ustozi Davron Fayzievni tanladik. Uning jamoasi o‘tgan tur Andijonda kechgan (2:2) dramatik uchrashuvdan so‘ng o‘z maydonida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi “ko‘zi qonga to‘lgan” AGMKga qarshi ajoyib o‘ynadi va g‘alaba qozondi.

Darvozabon: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”).

Himoyachilar: Stanislav Andreev (chap “Metallurg”), Vladimir Bubaniya (markaz “Surxon”), Jahongir Mehmonov (markaz “Navbahor”), Dilshod Ahmadaliev (o‘ng “Bunyodkor”).

Yarim himoyachilar: Daniel Nasriddinov (chap “So‘g‘diyona”), Shoxruh Abdurahmonov (markaz “Dinamo”), Oston O‘runov (markaz “Navbahor”), Xurshid G‘iyosov (o‘ng “Bunyodkor”).

Hujumchi: Dragan Cheran ("Paxtakor"), Humoyun Murtazoev ("Nasaf").

Bosh murabbiy: Davron Fayziev (“Dinamo”).

ramziy jamoa (2)

Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!