
Srechko Katanets: "Nomlarga bog‘lanib qolmagan holda, yaxlit jamoani shakllantirish kerak"
O‘zbekiston Milliy terma jamoasini boshqarayotgan Srechko Katanets termamizning Gruziyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib o‘tdi.
- Oldinda Gruziyaga qarshi bahs bor. Bu o‘yinlar uchun tarkibni shakllantirish ishlari qanday ketmoqda?
- Biz doim tarkibni futbol assotsiatsiyasi bilan kelishgan holda tanlaymiz. O‘ylaymanki, Gruziya ajoyib raqib. Bu biz uchun yaxshi sinov bo‘ladi. Hali o‘yingacha ancha bor va yaxshiroq tayyorlanishga ulguramiz. Tarkib haqida gapiradigan bo‘lsak, bizda himoyada ko‘p muammolar mavjud. Jumladan, Rustam Ashurmatov viza muammosi sabab etib kela olmadi. Shuningdek, Shahzod Umarov koronavirus tufayli jamoamizga yordam bera olmaydi.
- Siz bir necha uchrashuvlarni bevosita kuzatib, o‘zingiz uchun yangi nomlarni kashf qilganingizni ta’kidladingiz. Kimlarni alohida e’tirof etgan bo‘lardingiz, yangilardan?
- Deyarli barcha yosh futbolchilar haqida gapirish mumkin. Kelishimdan oldin Shomurodov va Masharipov haqida bilardim. Qolgan yosh futbolchilarning barchasi men uchun yangilik bo‘ldi. Ularga vaqt beramiz va xato qilsa ham imkoniyat berishda davom etamiz. Ular keyinroq bu loyihaga moslashib ketib, termamizga yordam berishi mumkin.
- Hozirgi kunda terma jamoamizning hujum chizig‘ida raqobat kuchayib bormoqda. Umuman, shu humujchilarimizning ko‘rsatayotgan o‘yiniga qanday baho berasiz?
- To‘g‘ri, ayni paytda hujum chizig‘ida ishlar yaxshi. Lekin biz qaysidir futbolchilarga tayanmasdan, butun jamoani shakllantirishimiz lozim. Hozir bizning himoyamizda muammolar bor. Mening asosiy maqsadim - orqa chiziqni ham kuchaytirgan holda, yaxlit bir jamoa tuzish.
Fikrlar