Superliga-2020. "Nasaf"ga gol urish qiyin, "Buxoro"ning darvozasi ojiz... Qiziqarli statistikalar bilan tanishing
Pandemiya davridagi og‘ir sharoit butun insoniyat boshiga solgan qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston Coca Cola Superligasi 10 kun avval yuqori notada finishga etib keldi. Ushbu mavsumda qayd etilgan bir qator qiziqarli raqamlarga e’tiboringizni qaratamiz.

Chempionlikka erishgan "Paxtakor" klubi, tabiiyki, mavsumda eng ko‘p g‘alaba qozongan va eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘ldi. 76 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etgan "sherlar" 21 ta bellashuvda zafar quchdi.

"Buxoro" hisobida esa bor-yo‘g‘i bittagina g‘alaba bo‘lsa, "Andijon" 14 klub orasida eng kam gol urgan (16 ta) jamoa bo‘ldi.
.jpg?1607887503572)
Turnir jadvalini 12-pog‘onada yakunlagan "Surxon" hammadan ko‘proq ranjidi, ya’ni o‘tkazilgan 26 ta bahsning 17 tasida mag‘lubiyat alamini totdi.
.jpg?1607887689124)
Arveladze shogirdlari yana bir yo‘nalishda etakchilik qildi. Toshkent klubi o‘z darvozasidan 18 marta to‘p olib chiqdi, xolos. Bu borada, 13 ta klub umumiy hisobda 50 marotaba "Buxoro" darvozasini ishg‘ol etgani ushbu jamoa himoyasi milliy chempionatimizdagi eng ojizi ekanini ko‘rsatadi.

24 avgust kuni 12-turdan o‘rin olgan Toshkent derbisida "Paxtakor" "Lokomotiv"ni 7:0 hisobida taslim qilgani mavsumda qayd etilgan eng yirik hisobdagi g‘alaba bo‘ldi.
.jpg?1607887998328)
22 oktyabr kuni 19-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi va shu kuni, "Bunyodkor" hamda "Andijon" jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda Vadim Abramov shogirdlari 6:2 hisobida zafar quchdi. Ushbu uchrashuv joriy mavsumdagi eng gollarga boy bo‘lgan bahs sifatida tarixga kirdi.

Nursiz durang! "Nasaf", "Navbahor" va "Andijon" mavsum davomida eng ko‘p 0:0 hisobini qayd etgan jamoa bo‘ldi. Har uchala klub ham 5 martadan golsiz o‘yin o‘tkazgani e’tiborimizdan chetda qolmadi. Shu qatorda, "Paxtakor" va "Qo‘qon-1912" umuman nursiz durangga imzo chekmaganligini qo‘shimcha qilish mumkin.

Yana bir statistikaga qarasak, "sherlar"ning etakchiligiga guvoh bo‘lamiz. Chempionlikni nishonlagan jamoa bir martagina raqib darvozasiga yo‘l topa olmagani e’tiborga molik. Qolgan barcha o‘yinlarda gol urdi. "Andijon" esa aksincha, naqd 14 ta bahsda darvozabonlarni ranjitishni uddasidan chiqolmadi.

Ro‘ziqul Berdievning yosh jamoasi 16 uchrashuvda o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qola oldi va bu mavsumdagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Bu borada, vohaning yana bir jamoasi "Surxon"ning darvozasi 4 tagina bellashuvda ishg‘ol qilinmadi, xolos.

Fikrlar