Superliga. 7-turning 7 ta o‘ziga xos juftliklari haqida

  • 11.05.2024 09:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superliganing 7-turiga start beriladi. 11 mayda boshlanadigan uchrashuv 14 may kuni nihoyasiga etadi. Bu turda ham siz bilan bizni bir qancha muhim va qiziqarli bahslar kutmoqda. Ayniqsa, vodiy derbisi hammaning e’tibor markazida.

Tecno

11 may

19:00. “Olimpik” – “Paxtakor”

7-tur Toshkent derbisi bilan boshlanadi. Yaqinda Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston U23 terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze endi e’tiborini “Olimpik”dagi ishiga qaratgan. “Paxtakor”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda “Olimpik” endi to‘liq tarkibda o‘ynay oladi. Chunki terma jamoadagi o‘yinchilari ham klub ixtiyoriga qaytishgan. Tarkibi ancha yoshargan “Paxtakor”ga hozircha barqarorlik etishmayotganini ko‘rib turibsiz. “Sherlar” bu raqibini chempionatda faqat bir marta yutgan xolos. Derbida istalgan natija sodir bo‘lishi mumkin.

19:00. “Metallurg” – “Qizilqum”

11 mayga belgilangan yana bir uchrashuv Olmaliq shahrida o‘tkaziladi. U erda nominal mezbon hisoblangan “Metallurg” “Qizilqum”ni qabul qiladi. O‘tgan turda ikkala klub og‘ir o‘yinlarini o‘tkazdilar. “Metallurg” Toshkentda “Paxtakor”ga 4:3 hisobida yutqazdi. “Qizilqum” esa Qarshida “Neftchi”ni qabul qilib 90+3-daqiqada mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. “Metallurg” va “Qizilqum” bir-biriga mos raqiblar. Balki kuchlar teng kelar, yana kim bilsin?!

12 may

19:00. “Neftchi” – “Andijon”

Turning markaziy o‘yini Farg‘onada bo‘lib o‘tadi. Unda vodiy derbisi doirasida “Neftchi” yon qo‘shnisi “Andijon”ni qabul qiladi. Bilasizmi, “Andijon” mazkur derbiga musobaqa peshqadami sifatida kelmoqda. “Neftchi” bir o‘yin kam o‘tkazgan va 10 ochko bilan 4-pog‘onada joylashib turibdi. “Andijon”da esa 6 ta o‘yindan so‘ng 11 ochko mavjud. O‘tgan turda “Burgutlar” o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ga yutqazib qo‘ygach, bu mag‘lubiyat tasodifligini “Neftchi” bilan uchrashuvda isbotlash ishtiyoqidalar. Farg‘onaliklar esa Qarshida “Qizilqum” bilan o‘yinda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordi. “Neftchi” -  “Andijon” qarama-qarshiligi haqida ortiqcha ta’rifga hojat yo‘q. Maydonda qattiq jang kechadi, natijasini esa hakamning so‘nggi xushtagidan keyin bilib olamiz.

19:00. “So‘g‘diyona” – “Navbahor”

Har ikkala jamoa o‘tgan turda o‘zlari uchun juda yoqimli g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi. Rosti, Jizzaxda bo‘ladigan “So‘g‘diyona” – “Navbahor” o‘rtasidagi uchrashuvga ham qiziqish juda yuqori. Ivan Boshkovich va Samvel Babayan o‘rtasidagi duelda kim g‘olib chiqishi qiziq. Boshkovich “So‘g‘diyona” misolida iqtidorli yoshlardan ajoyib jamoa tuzmoqda va ular oxirgi uchta turdan beri yutib kelmoqda. So‘nggi marta ilk turda “Neftchi”ga yutqazgan. Shundan keyin ikkita durang va uchta g‘alaba qayd etdi (Kubokdagi natijalari inobatga olinmagan). Xullas, “So‘g‘diyona” yaxshi formada. Xo‘sh, bu ularning “Navbahor”ni engishiga sabab bo‘larmikin?

13 may

19:00. “Nasaf” – “Bunyodkor”

Bu juftlikda ko‘pchilik “Nasaf”ning g‘alabasiga shubha qilmayotgandir. Ayniqsa, “Bunyodkor”ning hozirgi murakkab ahvolga tushib qolgani fonida ularga balki achinish hissi ham muxlislarda paydo bo‘layotgandir. Chempionat yaqinda boshlandiyu, ammo “Bunyodkor”da uchinchi marta bosh murabbiy o‘zgardi. Shuning uchun klubda hali ham g‘alaba yo‘q. “Bunyodkor”ning o‘z nomi va o‘z o‘rni bor. Tabiiyki, jadvalda oxirgi o‘rindaligi yarashmayapti. Vaziyat shunday tus oldiki, agar “Nasaf”ni yutadigan bo‘lsa, bu endi sensatsiya sifatida qabul qilinadigan ahvolga etib keldi. “Nasaf” hozir har jihatdan “Bunyodkor”dan kuchli. Navbatdagi yangi bosh murabbiy Zeytullaev debyutida “Surxon”ga yutqazdi. Ko‘ramiz, u jamoasini “Nasaf”ga qarshi qanday tayyorlayapti ekan?

19:00. “Surxon” – “Dinamo”

Yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Surxon” uchta turdan beri yutqazmayapti. 1 durang va 2 g‘alabaga erishdi. Vadim Abramov boshchiligidagi “Dinamo” o‘tgan turda majburiy dam oldi. “Olimpik” bilan bahsi qoldirildi. Shuning uchun ular bor e’tiborini “Surxon” bilan bahsga qaratganlar va raqibdan ko‘ra ko‘proq dam olish imkoni ham bo‘lgan. Ammo “Surxon” “Andijon”ga yutqazganidan keyin o‘ziga keldi va o‘yinini yaxshi tomonga o‘zgartira oldi. “Dinamo” Kubok bahslarida garchi guruhda qolgan bo‘lsa-da, o‘z o‘yini bilan ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi. “Surxon”ga qarshi samarqandliklar hujumkor futbol ko‘rsatishadi. Abramov shuni yoqtiradi. Demak, gollarga boy o‘yin ko‘rsak ajab emas.

14 may

19:00. “Lokomotiv” – OKMK

O‘tgan turda ikkala klub 4 tadan gol o‘tkazib yubordi. Umuman olganda, “Lokomotiv” ham, OKMK ham so‘nggi ikkita turdan beri mag‘lubiyatga uchrab kelishmoqda. Bu ham derbi maqomidagi bellashuv. “Lokomotiv”ni boshqarayotgan Aleksandr Stoymirovich o‘tgan yili OKMKda Mirjalol Qosimovning murabbiylar shtabida jismoniy murabbiy sifatida ishlayotgandi. Endi u sobiq klubiga qarshi jamoasini g‘alaba ishtiyoqida tayyorlayapti. “Lokomotiv”ga ham, OKMKga ham uch ochko juda zarur. Lekin har ikki klubning mudofaa chizig‘ida zaifliklar ko‘zga tashlanib turibdi. Bo‘lajak uchrashuvda ham ko‘p narsa himoyachilarning qanchalik ishonchli o‘yin ko‘rsatishiga bog‘liq.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!