Superligadan taklif bo‘lmadi, har kim ham 32-33 yoshda legioner bo‘la olmasa kerak - Artyom Filiposyan yana sobiq klubiga qaytgani haqida

  • 21 dekabr, 2020, 16:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekistonlik futbolchilar orasida xorijda legioner sifatida to‘p surayotganlari talaygina. Ular turli mamlakatlarda faoliyat olib borishyapti. Bugun ana shunday o‘yinchilarimizdan biri haqida so‘z yuritamiz.

Tecno

Yodingizda bo‘lsa, yaqinda hamyurtimiz Artyom Filiposyanning Indoneziyadan qaytib kelgani haqida xabar bergandik va u “Lokomotiv” klubining mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgani borasida ham ma’lumot bergandik. Endilikda uning qaysi klubda to‘p surishi aniq bo‘ldi.

Sports.uz saytining aniqlashicha, Filiposyan Tailand chempionatida to‘p suradi. Bu albatta birinchisi emas. O‘tgan yili ham Artyom u erda faoliyat olib borgan. Qizig‘i shundaki, aynan o‘tgan mavsumdagi sobiq klubi - “Prachuap”ga qaytgan. Futbolchimiz o‘z klubiga ega bo‘lgach, dastlab sports.uz muxbiriga bu borada o‘z munosabatlarini bildirdi.  

-  Indoneziyadan qaytishdan avval klub rahbarlari men bilan shartnomani uzaytirishni xohlashgandi. Lekin hali u erda mavsumni davom ettirish yoki ettirmaslik aniq emasdi. Pandemiya tufayli to‘xtatib qo‘yilgandi. Biroq men ular taklif qilgan shartnomaga rozi bo‘lmadim. Chunki ular 25 foiz to‘layapti. Undan ko‘ra uyga qaytganim yaxshi edi. O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng, menga Adnan Oraxovatsdan xabar keldi. U menga shartnomam bor yoki yo‘qligini so‘radi. 31 dekabrda bitim o‘z kuchini yo‘qotishini aytdim. Shunda menga, bosh murabbiy senga yana qiziqyapti, kelishga rozimisan, deb so‘radi. Mayli, shartnoma masalalarini kelisha olsak borishimni aytdim. Faqat ular hozircha to‘rt oyga deb aytishdi. Shunday qilib, “Prachuap” bosh murabbiyi bilan aloqaga chiqdik va biz hammasini kelishib oldik. 2019 yili ham Tailandda to‘p surgandim va o‘shanda yaxshi taassurot qolgandi. Bu men uchun begona emas. Chempionatini yaxshi bilardim. Har o‘yinda stadion muxlislar bilan to‘ladi, VAR tizimi ishlaydi, o‘yinlar jiddiy kechadi. Xullas, Tailand futbolidagi muhit yoqqani uchun qaytishga rozi bo‘ldim. “Prachuap” hozir oxirgi o‘rinlardan birida ketyapti. Murabbiy esa yordam berishimni so‘radi. Uni ham hurmat qilaman. Bu erga 16 dekabrda etib keldim va 14 kunlik karantindaman. Nasib bo‘lsa, 31 dekabrda jamoamga qo‘shilib, mashg‘ulotlarni boshlayman. 9 yanvarda o‘z uyimizda ikkinchi davraning ikkinchi turini o‘tkazamiz, - deydi futbolchi.

filiposyan3_2

Shu o‘rinda Artyomdan yana nega xorijga ketgani haqida so‘radik. Indoneziyadan qaytganidan so‘ng, balki endi o‘zimizning chempionatda to‘p surishini kutgandik. Lekin ko‘rib turibsizki, yana legionerga aylandi. Yoki Filiposyanga Superliga klublaridan takliflar bo‘lmadimi?

-  To‘g‘risini aytsam, menga o‘zimizdan qiziqishlar bo‘lmadi. Sababi, qaytganimni ko‘pchilik bilmasdi. Faqat u erdan, bu erdan og‘zaki eshitib yurdim. Menga hech kimdan taklif bo‘lmadi. Asosan Indoneziyadagi klubim menga yangi shartnoma taklif qilgandi, lekin boya aytganimdek, ular bilan kelisha olmadik. Uyda oilam davrasida xordiq chiqarayotgan paytimda Tailand varianti paydo bo‘ldi. Ular bilan shartnoma tuzib bo‘lgach, endi boshqa bo‘ladigan takliflarni o‘ylashga hojat yo‘q.

Umuman aytganda, tajribali himoyachi uchinchi yildirki, chetda o‘z omadini sinashga qaror qildi. Ko‘rinishidan unga legioner bo‘lib to‘p surish ancha yoqib qolganga o‘xshaydi. Ammo unin yoshiga qaraydigan bo‘lsak, bu ancha yaxshi natija hisoblanadi.

filiposyan2_2

-  31 yoshimda legionerga aylangandim. Ikki yil chetda o‘ynadim va 6 yanvarda 33 ga to‘laman, - deya mavzuni davom ettirdi, Filiposyan. - Uchinchi yili ham yana legioner sifatida to‘p suraman. Oxirgi uch yil davomida o‘z ustimda jiddiy ishladim, mashg‘ulotlarda ham bor kuchimni berdim. Sport formamni yaxshi holatda ushlab turibman. Yoshingiz o‘tib borgani sari siz shunga yarasha yanada kuch to‘plashingiz kerak. Axir har kim ham 32-33 yoshda chetda to‘p sura olmasa kerak?! Ketma-ket uchinchi bor xorijda to‘p surishimdan xursandman. Bu har tomonlama yaxshi. Tabiiyki, O‘zbekiston chempionatidan chiqib ketganimga ham uch yil bo‘ladi. Shunchaki, menga Tailand chempionati yoqdi. Hozirgi kunda O‘zbekiston chempionatidan Tailand birinchiligi ustun, sharoitlar bo‘yicha ham. Bu oilam uchun ham yaxshi. Tailandning har bir klubida beshtadan legioner bor. Bizning klublarning hammasida ham legionerlar to‘liq emas. Agar xorijlik yaxshi o‘yinchilar ko‘paysa chempionatimiz yanada qiziqarli kechadi. Ammo doim o‘zimizning chempionatimizni qoldirmay kuzatib boraman. Ayniqsa, ilgari o‘zim to‘p surgan klublarning natijalariga befarq emasman. Baribir o‘zbekistonlik futbolchiman, shu bois chempionatimizni kuzatishga harakat qilaman.

Bu yilgi mavsum uning uchun ko‘pchilik qatori ko‘ngildagidek kechmadi. Ayniqsa, chempionatning katta qismini o‘yin amaliyotisiz o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Qiziq, hamyurtimiz qisqa vaqt davomida qanday qilib sport formasini tiklab olarkin?

filiposyan5

-  Indoneziyaga borganimda boshida hammasi joyida edi. Faoliyatimni u erda davom ettirish xato bo‘ldi, deb o‘ylamayman. Indoneziyada biz avvaliga uchta turda ishtirok etdik. Esimda, oxirgi turda ramziy terma jamoasiga ham kirgandim. Pandemiya sababli chempionat qoldirilgandi. 7-8 oy mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Masalan, Tailandda chempionat davom ettirildi. Agar Indoneziyada ham futbol to‘xtatilmaganida yaxshi natijalarga erishish mumkin bo‘lardi. Hayot davom etadi. Hammasi iziga tushyapti. To‘g‘ri, menda o‘yin amaliyoti bo‘lmadi. Ammo o‘z ustimda ishlashda davom etyapman. Uyga qaytganimdan keyin “Lokomotiv” jamoasi bilan mashg‘ulotlarda qatnashib turdim. Buning uchun klub murabbiylari va rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. Sababi, ular mening shug‘ullanishimga ruxsat berishdi. O‘yin amaliyotiga kelsak, bu borada u qadar qiynalmayman deb o‘ylayman. 33 yoshda har bir futbolchining tajribasi bo‘ladi. Faqat jismoniy tomondan biroz qiynalishim mumkin. Chunki yugurmaganmiz. Lekin 14 kunlik karantinda ham mehmonxonada har kuni kuniga bir soatdan o‘z ustimda ishlayapman. Trenajyor zalida shug‘ullanyapman. 31 dekabrda klubga qo‘shilsam oldimda yana 10 kun vaqt bo‘ladi. Hammasi o‘zimga bog‘liq. Yana sport formamga qaytishga va jamoamga yordam berishga harakat qilaman. O‘yindan-o‘yinga kuchayib boramiz. “Prachuap” jamoasi Tailand chempionatida ishtirok etyapti. O‘tgan yili Kubok finalida “Buriram Yunayted”ni yutgandik, bu ajoyib natija edi. O‘shanda yana bir maqsad 10 talikka kirish edi, biz 9-o‘rinni oldik. Bu kichkina jamoa bo‘lgani uchun yuqori maqsadlar qo‘yilmaydi. Chunki klub hali medallar uchun kurashishga tayyor emas. Hozir esa “Prachuap” biroz qiyin ahvolda va elitada qolish uchun kurashyapti. Bu jamoadan menga taklif tushganida rozi bo‘ldim. Nimaga? Chunki qanday natija ko‘rsata olishimni sinab ko‘rish qiziq tuyuladi. O‘zim ham mana shunday qiyinchiliklar bilan kurashishni yoqtiraman. Yoshligimdan yutqazishni yomon ko‘raman. Bu erga yaxshi niyatlar bilan kelganman. Jamoa bilan birgalikda “Prachuap”ni olib qolamiz va buning uddasidan chiqamiz. O‘zim ham har xil holat va sharoitlarga tayyor turaman. Menga shunday chaqiruv bo‘ldimi, bu men uchun sinov va bundan muvaffaqiyatli o‘tishim kerak. 26 dekabrda ikkinchi davra boshlanadi. 20 mart kuni esa chempionat tugaydi. Rahbariyat va murabbiylarning ma’lum qilishicha, agar klub elitada jon saqlab qolsa, menga yana yangi shartnoma beradi. Ular bilan shunday shart asosida kelishuvga erishdik. Avvalo klubni saqlab qolishga harakat qilamiz. O‘zimga ham Tailand chempionati yoqadi. Adnan Oraxovats orqali eshitib turibmanki, fan-klub mening kelganimdan xursand bo‘lgan. O‘z o‘yinim bilan muxlislarning mehrini qozonishga yana harakat qilaman. Feysbuk va instagramda mening kelganim haqida yozishibdi. Mahalliy ishqibozlarning meni qadrlab, hurmat qilishganidan xursand bo‘ldim, - dedi Artyom.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!