
"Surxon" va "Navbahor" jamoalari o‘rtasida qayd etilgan eng yirik hisob esingizdami? (prevyu)
Coca Cola Superligasining 23-turida "Navbahor" safarda "Surxon" mehmoni bo‘ladi.
Mazkur klublar shu kungacha milliy chempionatlarimiz tarixida o‘zaro 33 marta ro‘baro‘ kelgan. Ushbu o‘yinlarning 23 tasida “lochinlar”ning qo‘li baland kelgan (bitta o‘yinda “Navbahor”ga texnik g‘alaba yozilgan) bo‘lsa, 6 tasida termizliklar g‘alaba qozonishgan, 4 ta bahsda esa jamoalar murosa ko‘chasini tanlashgan. To‘plar nisbati – 82:23, “Navbahor” foydasiga.
O‘zaro uchrashuvlarda “Navbahor” 73 ochko, “Surxon” esa 22 ochkoni qo‘lga kiritgan.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlardagi eng yirik - 9:0 hisobi 1997 yili Namanganda qayd etilgan. Ta’kidlash joizki, namanganliklar o‘tkazilgan 33 ta bahsning 12 tasida termizliklar ustidan yirik hisobda zafar quchishgan.
“Surxon” hamda “Navbahor” klublari bungacha Termizda 16 marta kuch sinashishgan. Mazkur o‘yinlarning 6 tasida “uchar tulporlar” g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, yana 6 tasida “lochinlar” zafar quchishgan, 4 ta o‘yinda esa durang natija qayd etilgan.
“Surxon” o‘z maydonida o‘tkazilgan o‘zaro uchrashuvlarda “Navbahor” darvozasini 19 marta ishg‘ol etgan bo‘lsa, namanganliklar Termizda “uchar tulporlar” darvozasiga 28 ta to‘p kiritishgan.
Mazkur jamoalarning Coca Cola Superligasining 10-turidan o‘rin olgan, joriy yilning 14 may kuni Namangandagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsida Jasurbek Yaxshiboev uchrashuvning 42-daqiqasida penaltidan gol urib, namanganliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minlagandi.
Eslatib o‘tamiz, “Surxon” – “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 27 oktyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” markaziy stadionida soat 18:00 da start oladi.
Fikrlar