
"Taklif bo‘lsa o‘ynayman, bo‘lmasa faoliyatimni tugatib qo‘yaveraman" - Jo‘raboev "Buxoro"dan nima uchun ketdi?
Birinchi davradan keyin “Buxoro” safini tark etayotgan futbolchilar davom etyapti. Bu safar himoyachi Obid Jo‘raboev jamoani tark etdi. Namanganda “Navbahor”ga qarshi uchrashuv uning “Buxoro”dagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoldi. Sports.uz muxbiri esa Jo‘raboev bilan suhbatlashdi.
- Birinchi davra tugaganini hisobga olsak, “Buxoro”ning ishtiroki haqida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- Jamoa bilan xayrlashgan bo‘lsam-da, birinchi davra o‘ynadim, deyarli barcha bahsda. Faqat “Andijon” bilan bellashuvda maydonga tushmadim va “Navbahor”ga qarshi o‘yinda Abbos Otaxonov jarohat olgach, majburiy o‘zgarish sifatida o‘rniga tushdim. O‘ynagan o‘yinlarimda qo‘limdan kelganicha jamoamga yordam berishga harakat qildim. Jamoa yomon tashkil topmagandi. Nimadir bo‘ldi, ko‘z tegdi. Orada bosh murabbiy ham o‘zgardi. G‘alabalar bo‘lmagach, futbolchilar ruhiy tushkunlikka tushib qolishdi. Hammaga rahmat aytaman. Murabbiy ham o‘z o‘yinchilarini o‘ynatadi va taktikasiga mos tushadigan futbolchilarni olib keladi. “Navbahor” bilan uchrashuvdan keyin do‘stona xayrlashdik.
- Ketishingizga nima sabab bo‘ldi? To‘satdan yuz berdimi yoki...
- Murabbiy bilan oldin gaplashganimda ikkinchi davrada seni jamoada ko‘rmayapman, lekin birinchi davra tugaguncha shu erda o‘ynab turgin dedi. Shuning uchun birinchi davraning oxirgi o‘yinida Namanganda jamoadoshlarim bilan xayrlashdim. Murabbiy oldinroq ikkinchi davrada seni hisobga olmayapman deb ogohlantirgandi.
- Bunday munosabatdan xafa bo‘lmadingizmi?
- Nega xafa bo‘laman? Bu – futbol. Qachondir shunday bo‘lishi kerak. Aytyapman-ku, hamma murabbiy ham taktikasiga mos tushadigan o‘yinchilarni o‘ynatgisi keladi. Balki men uning o‘yin uslubiga tushmagandirman. Lekin xafa bo‘lganim yo‘q. Do‘stona xayrlashib ketdim.
- “Buxoro”dan ko‘pchilik ketyapti. Ikkinchi davrada kuchaytirilishini eshityapmiz. Sizningcha, birinchi davradagi tarkib nisbatan kuchsizroqmidi?
- Boshida yaxshi jamoa edi. Sheriklarimga ishongandim. Bir-ikkita uchrashuvdan keyin yigitlar ruhan tushkunlikka tushib qolishdi. Shu bilan ushbu holatdan jamoa chiqib keta olmadi. Holbuki, bosh murabbiyni o‘zgartirishdi. Baqoev o‘z uslubiga ega bo‘lgan mutaxassis. O‘zini taktikasini qo‘lladi, baribir ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi. O‘ylaymanki, ikkinchi davrada yangi yigitlarni olib kelishsa, jamoa kuchayadi. Superligada qolishga harakat qilishadi.
- Ayni paytda rejangiz qanday?
- Hozir uyda, oilam davrasidaman. Agar yaxshi klublardan takliflar bo‘lsa davom ettiraman. Uzoqda yuraverib ham charchadim. Farzandlarimni diydoriga kam to‘yyapman. Bu peshona. Rizq Allohdan, taklif bo‘lsa o‘ynayman, bo‘lmasa faoliyatimni tugatib qo‘yaveraman. Balki ikkinchi davrada pro ligada “Navbahor-farm”da Rashid aka G‘ofurovga yordam berishim ham mumkin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar