
Taqdirlash marosimida kimlar e’tibordan chetda qoldi?
Kecha eng yaxshilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Menimcha, ushbu tadbirni katta auditoriya tomosha qildi, shekilli. Chunki marosim “Sport” telekanali orqali jonli efirda uzatildi. Ommaviy axborot vositalari esa uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri matnli translyatsiya qilib bordilar.
Marosimdan avval O‘FAning 2020 yilgi hisoboti ham o‘qib eshittirildi. U erdagi voqealar haqida yana takrorlash shart emas, kim nima yutganini, qanday sovrinlarga ega chiqqanini endi hamma biladi. Superligada hammadan kuchli bo‘lgan Jaloliddin Masharipov kechagi tadbirning asosiy qahramonlaridan biri bo‘ldi. U chempionatning va O‘zbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, uning sovrinlarini O‘FA prezidentidan dadasi – Qadamboy aka qabul qilib oldi. Masharipov esa yangi klubi bilan shartnoma imzolash maqsadida safarga jo‘nab ketgan. Ammo marosimdan keyin futbolchi instagram sahifasida qo‘lga kiritgan sovrinlari uchun barchaga minnatdorchilik bildirdi.
Shunday qilib, barcha laureatlar o‘z egasini topdi. Hammasi o‘ziga mos va xos tarzda o‘tdi-a? Sizningcha, barchasi munosib ravishda taqdirlandimi? Katta ehtimol bilan shunday. Faqat bizni bir savol o‘ylantiryapti: nima uchun Belarus chempionatida chempion bo‘lgan va to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatgan Jasur Yaxshiboev e’tibordan chetda qoldi? Yoki uning muvaffaqiyati va natijalari eng yaxshilar qatoridan joy olishga etarli emasmidi? Bu bilan Masharipov munosib emasdi, deydigan fikrdan mutlaqo uzoqmiz. Unga eng munosib raqobatchi Shomurodov edi. Ammo Yaxshiboev eng yaxshisi bo‘la olmasa-da, nima uchun uning hech bo‘lmaganda nomzodlar qatoriga kiritilmagani, shaxsan men uchun biroz tushunarsiz bo‘ldi. Axir legioner sifatida chetda oltin medallarni qo‘lga kiritish oson ekanmi? Qolaversa, Yaxshiboev Belarus chempionatida ham eng yaxshi legioner bo‘lgani bizni quvontirgandi. Lekin o‘zimizda hech bo‘lmasa nomzodlar orasida yo‘qligi tufayli turli savollar kelib chiqmoqda. Bundan avval esa terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov uni yig‘inga chaqirdi va bitta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushirgach, keyingi yig‘inga jalb qilmadi. Buni murabbiydan so‘rasak, Yaxshiboevda ishtiyoq ko‘rinmagani bilan izohladi. Mana, endi u eng yaxshilarni taqdirlash marosimida ham e’tibordan chetda qoldi, o‘zi esa Toshkentda xordiq chiqaryapti.
2020 Oston O‘runov uchun faoliyatida tub burilish yili bo‘ldi. U Rossiya prem’er-ligasiga ko‘chib o‘tdi va avvaliga “Ufa”da to‘p surdi. U asosiy tarkib uchun raqobatda yutib chiqdi. 10 ta o‘yinda o‘z imkoniyatini ko‘rsata olgach, Ostonga qiziqishlar ortdi. Natijada “Spartak” uning yangi klubiga aylandi. O‘runov Rossiyaning mashhur jamoasiga ko‘chib o‘tishi nafaqat o‘zi, balki biz uchun ham muhim voqea bo‘ldi. To‘g‘ri, u erda asosiy tarkibdan joy olishi oson bo‘lmayapti. Lekin shu bilan birga “Spartak”da yo‘qolib ham qolmayapti. Buning ustiga uning atrofidagi turli mashmashalar, ayniqsa yoshi bilan bog‘liq asossiz gap-so‘zlar Ostonga ortiqcha muammo bo‘ldi. Bu borada o‘zbek futboli jamoatchiligi ham, O‘FA ham keskin bayonot bilan chiqdi. Aytmoqchimizki, O‘runovni mana shunday paytda yanada qo‘llab-quvvatlash uchun kechagi eng yaxshilarni taqdirlash marosimida qandaydir sovrin bilan mukofotlab, ruhini ko‘tarib qo‘ysa ham yaxshi bo‘lardi, deb o‘yladik. Bu uning kayfiyatiga ham, ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. To‘g‘ri, O‘runov Odil Ahmedov aytganidek ruhan kuchli futbolchi. Faqat yuz bergan ishlardan keyin unga bo‘lgan e’tibor yuqoriligini yana bir bor ko‘rsatish va doim qo‘llab-quvvatlayotganimizni ifoda etish uchun taqdirlansa ham maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Bundoq hisoblab chiqsak, Osiyoda va undan tashqari boshqa mamlakatlarda ko‘plab hamyurtlarimiz to‘p suryapti. Shulardan kelib chiqqan holda xorijda to‘p surayotgan eng yaxshi o‘zbekistonlik legioner nominatsiyasini ham tashkil qilsa qanday bo‘lardi? Har holda ko‘zga ko‘ringan legionerlarimizdan tashqari BAA, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Rossiya va yana boshqa mamlakatlarda ham hamyurtlarimiz to‘p surishyapti. Ularning oralarida ham olqishlarga sazovor bo‘lib, natija ko‘rsatayotganlari ham bor. Shunday ekan, ularni ham e’tibordan chetda qoldirmagan holda yuqorida aytganimizdek, eng yaxshi legioner nominatsiyasini ta’sis etib hech bo‘lmasa nomzodlar orasida o‘zlarini ko‘rsalar ham qilayotgan mehnatlari besamar ketmayotganini ko‘rib yanada ishtiyoqlari ortarmidi?!
Xullas, shunaqa gaplar. Bu shunchaki o‘zimizning fikrlar. Balki bunday munosabatga kimdir qo‘shilar, kimdir yo‘q, barchaning o‘z dunyoqarashi bor. Shunday qilib, joriy yilgi mavsumning ramziy yopilishi kechagi tadbir orqali yakuniga etdi. O‘FA prezidenti aytib o‘tganidek, yangi mavsum biz uchun ikki qadam oldinga tashlash yili bo‘ladi, deya umid qilamiz.
Fikrlar