
Tarixni eslaymiz. 24 yil kutilgan final yoxud "Navbahor" oldin O‘zbekiston kubogidagi finallarida qanday natija qayd etgan?
30 noyabr kuni Buxoroda O‘zbekiston kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning yakuniy bosqichiga Namanganning “Navbahor” va Qarshining “Nasaf” klublari yo‘l olgan.
“Ajdarlar” o‘z tarixida 8-marta final yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lsa, “lochinlar” 5-bora mazkur bosqich ishtirokchisiga aylandi. Yaqinda Qarshi klubining O‘zbekiston kubogidagi ishtiroklari haqida ma’lumot bergan edik. Bugun esa “Navbahor”ning musobaqada qanday natijalar qayd etgani borasida to‘xtalishga qaror qildik.
Xullas, “Navbahor” 2022 yilida turnirning final bosqichiga chiqdi. “Lochinlar” bunga qadar 4 marta O‘zbekiston kubogi yakuniy bosqichiga yo‘l olgan bo‘lsa, 3 bora bosh sovringa ega chiqishgan. Bitta bahsda esa mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rgan.
1992 yil.
Qiziq fakt shundaki, “Navbahor” O‘zbekiston kubogining ilk sohibi hisoblanadi. “Lochinlar” 1992 yilda musobaqa tashkil topgan mavsumdayoq sovringa ega chiqishgan. O‘sha yili namanganliklar turnirni 1/16 bosqichidan boshlagan. Ilk bellashuvda ular Qarshining “Paxtachi” (hozirgi “Nasaf”) klubini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:3 (4:0, 0:3) hisobida mag‘lubiyatga uchratib, nimchorak final yo‘llanmasiga ega chiqqan. 1/8 final bosqichida “Navbahor”ga Sirdaryoning “Yangier” klubi raqiblik qildi. Ushbu bellashuvning dastlabki o‘yini 0:0 ko‘rinishida yakunlangan bo‘lsa, javob bahsi 2:0 hisobida namanganliklar foydasiga hal bo‘lgan. Muxlislar chorak finalda vodiy derbisiga guvoh bo‘lishdi. “Navbahor” 1/4 bosqichda Andijonning “Navruz” klubiga qarshi bahs olib borib, har ikki o‘yinni ham o‘z foydasiga hal qila oldi – 1:0. 3:1.
“Lochinlar” yarim finalda Farg‘onaning “Neftchi” klubiga qarshi saf tortdi va ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozonib (2:1, 2:1), final yo‘llanmasiga ega chiqqan.
“Navbahor” finalda Qo‘qonning “Temiryo‘lchi” (hozirgi “Qo‘qon-1912”) bilan bosh sovrin uchun kurash olib bordi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bellashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqtlarida ham hisob ochilmadi. G‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi va unda omad namanganliklarga kulib boqdi – 6:5.
O‘zbekiston kubogi| Final
1992 yil
Samarqand, “Dinamo” stadioni, 7000 tomoshabin
“Navbahor” – “Temiryo‘lchi” 0:0 (penaltilar seriyasi - 6:5)
“Navbahor” - Dmitriy Bashkevich, Fevzi Davletov, Vyacheslav Klochkov, Ulugbek Ruzimov, Ravil Raximov, Vali Keldiev, Sergey Arslonov, Gennadiy Skripnik, Baxodir Raxmanov, Azamat Abduraimov, Rustam Zabirov.
“Temiryo‘lchi” - Nariman Osmanov, Alfred Ditrix, Igor Golovanov, Murod Kamchiev, Xayitbay Irisbekov, Zoxid Nurmatov, Damir Raxmatullin, Shuxrat Raxmonkulov, Stepan Atoyan, Rustam Abdullaev, Rustam Abdullaev.
1993 yil
“Navbahor” O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritganidan bir yil o‘tib, yana final bosqichiga yo‘l oladi.
Namangan klubi 1993 yilgi O‘zbekiston kubogini 1/8 finaldan boshlashdi. “Lochinlar” ilk bellashuvni Toshkent viloyatining “Politotdel” jamoasiga qarshi o‘tkazib, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5:4 hisobida g‘alaba qozondi. Namanganliklar 1/8 final bosqichida Andijonning “Navruz” jamoasi bilan yarim final uchun kurash olib bordi. Vodiy derbisi nomi ostida o‘tgan bahsda “Navbahor” birinchi o‘yinni 4:2 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘llashuvda imkoniyatni boy berdi – 0:1. Urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar farqiga ko‘ra, “lochinlar” yarim final yo‘llanmasiga ega chiqishdi.
Yarim finalda “Navbahor”ni yana bir vodiy jamoasi kutib turgan edi – “Neftchi”. Namangan klubi qiyin o‘tgan bellashuvda final yo‘llanmasiga ega chiqishdi. “Lochinlar” ilk o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonishdi, ammo ikkinchi o‘yin 1:2 hisobida mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rdi. Ammo safarda kiritilgan gol “lochinlar”ni final yo‘llanmasini taqdim etgan.
Finalda “Navbahor”ni Toshkentning “Paxtakor” jamoasiga qarshi bahs olib borishi kerak edi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bellashuv “sherlar” foydasiga hal bo‘ldi.
O‘zbekiston kubogi| Final
1993 yil
Toshkent, “Paxtakor” stadioni, 8000 tomoshabin
“Navbahor” – “Paxtakor” 0:3
Gollar: No‘mon Hasanov – 60, Mirjalol Qosimov – 79, Rifat Galeev – 90.
“Navbahor” - Oleg Syrokvashko, Mustafo Bayramov, Saydullo Tursunov, Ulug‘bek Ro‘zimov, Ravil Raximov, Vali Keldiev, Nikolay Romanchuk, Farid Xabibullin, Erpulat Eraliev, Qahramon Abduqodirov. Gennadiy Skripnik.
“Paxtakor” – Pavel Bugalo, Murod Aliev, Farhod Magomedov, Mirjalol Qosimov, Xikmat Ergashev, Ilxom Sharipov, No‘mon Hasanov, Yorkin Nazarov, Abdukaxxor Marufaliev, Rifat Galeev, Igor Volkov.
1995 yil
1995 yilda “Navbahor” yana O‘zbekiston kubogi final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. O‘sha mavsum Namangan klubi musobaqani 1/16 final bosqichidan boshlashadi. “Lochinlar” ilk uchrashuvda Namanganning boshqa bir jamoasi “Navruz”ga qarshi o‘ynaydi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 9:0 hisobida g‘alaba qozonadi (6:0, 3:0). Nimchorak finalda “lochinlar” Buxoroning “Sitora” klubiga qarshi saf tortadi va o‘ta yirik hisobida raqibini mag‘lub etdi – 7:1, 6:0. Chorak finalda “Navbahor”ga Qo‘qonning “Temiryo‘lchi” klubi raqiblik qildi.
“Navbahor” ushbu bosqichda qiyinchilikka duch keldi. Boisi, ular dastlabki bahsda 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi o‘yinda esa 2:0 ko‘rinishida namanganliklar foydasiga hal bo‘ldi va “lochinlar” qiyinchilik bilan yarim finalga yo‘llanma olishdi. 1/2 final bosqichida Namangan klubiga “Neftchi” raqiblik qildi. “Navbahor” mazkur bahsning dastlabki uchrashuvida 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, javob bellashuvida “lochinlar” yirik g‘alabani tantana qildi (5:0) va finalga yo‘l oldi.
Finalda “Navbahor” Toshkentning MHSK jamoasiga qarshi kubok uchun kurash olib boradigan bo‘ldi. “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tgan bellashuv 1:0 hisobida namanganliklar foydasiga hal bo‘ldi.
O‘zbekiston kubogi| Final
1995 yil
Toshkent, “Paxtakor” stadioni, 6000 tomoshabin
“Navbahor” – MHSK 1:0
Gol: Aleksey Vinnikov – 51.
“Navbahor” – Dmitriy Bashkevich, Anvar Asadullaev, Saydullo Tursunov, Farxod Magometov, Gennadiy Denisov, Vali Keldiev, Sergey Arslonov, Vinnikov Aleksey, Yurpo Yuraliev, Zafar Musaboev, Oleg Shatskix.
MHSK - Oleg Belyakov, Fevzi Davletov, Baxtiyor Namozov, Anatoliy Xutin, Nizomiddin Nasriddinov, Alisher Otajonov, Numon Xasanov, Alisher Bozorov, Shuxrat Raxmonqulov, Oybek Usmonxo‘jaev, Muxtor Qurbonov.
1998 yil
“Navbahor” 1998 yilda yana O‘zbekiston kubogi finaliga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. “Lochinlar” o‘sha mavsum musobaqani 1/16 final bosqichida Toshkentning “Chilonzor” klubiga qarshi bahs olib boradi va yirik 7:1 hisobida g‘alaba qozongan holda nimchorak finalga yo‘l oladi. Mazkur bosqchida “lochinlar” Nukusning “Aral”i bilan chorak final uchun kurashadi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bellashuvda “lochinlar” 5:0 hisobida g‘olib bo‘lib, chorak finalga chiqishadi.
Chorak finaldan boshlab bahslar yana uy va safar ko‘rinishiga qaytadi. Ushbu bosqichda namanganliklarga Toshkent viloyatining “Do‘stlik” jamoasi raqiblik qiladi va bellashuvning dastlabki o‘yinida “lochinlar” 5:0 hisobida g‘alaba qozonga bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda 0:2 ko‘rinishida imkoniyatni boy beradi. Ammo o‘tkazib yuborilgan va kiritilgan gollardagi farq evaziga “Navbahor” keyingi bosqichga chiqadi. Yarim finalda “lochinlar”ga “Paxtakor” raqiblik qildi. Namangan klubi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:1 hisobida g‘olib bo‘lib (1:1, 3:1), finalga chiqishdi.
O‘z tarixida 4-marta final yo‘llanmasiga ega chiqqan “Navbahor”ga Farg‘onaning “Neftchi” klubi raqiblik qiladi. Toshkentdagi “Paxtakor” stadioni mezbonlik qilgan uchrashuvda “lochinlar” 2:0 hisobida g‘alaba qozonadi va 3-bora O‘zbekiston kubogi sovrini qo‘lga kiritishadi.
O‘zbekiston kubogi| Final
1998 yil
Toshkent, “Paxtakor” stadioni, 2500 tomoshabin
“Navbahor” – “Neftchi” 2:0
Gollar: Shuhrat Rahmonqulov – 38, Anvar Soliev – 51
“Navbahor” – Oleg Belyakov, Rashid G‘ofurov, Leonid Koshelev, Aleksey Semyonov, Konstantin Galchenko, Ilxom Sharipov, Toxir Madraximov, Shavkat Abduraxmonov, Shuxrat Raxmonqulov, Anvar Soliev, Muxtor Qurbonov.
“Neftchi” – Georgiy Zabirov, Temur Xamidov, Valentin Chuxnov, Sergey Lebedev, Vladimir Radkevich, Shuhrat Shamsiev, Zokir Berdiqulov, Ravshan Mataliev, Abdusamad Durmanov, Shuxrat Maqsudov, Ne’matulla Quttiboev.
“Navbahor” 24 yil deganda yana O‘zbekiston kubogi final bosqichiga chiqdi. Bu safargi raqib ham turnirda katta tajribaga ega bo‘lgan “Nasaf” hisoblanadi. Ushbu o‘yin 30 noyabr kuni Buxorodagi “Buxoro SM”da o‘tkaziladi. Qiziqarli o‘yin 17:00da boshladi.
Sizningcha, O‘zbekiston kubogida qaysi jamoa g‘alaba qozonadi?
Jamshidbek Mahmudov
Fikrlar