
TDIUda yirik sport festivali o‘tkazildi
Bugun Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida yoshlar sport festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, TDIU bilan hamkorlikda tashkil etilib, yoshlarni sportga keng jalb etish va ommaviy sportni talabalar orasida targ‘ib qilish bosh g‘oya sifatida olib chiqildi. Bu haqida MOQ xabar bermoqda.
Ta’kidlash joiz, TDIUda turli yillarda Dmitriy Shokin, Rishod Sobirov, Abdullo Tangriev, Mirjalol Qosimov, Iroda To‘laganova, Svetlana Radzivil, Islom To‘xtaxo‘jaev kabi ko‘plab xalqaro musobaqalar, jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan atletlarimiz taxsil olishgan.
“Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘zbek sportida o‘z o‘rniga ega. Ushbu oliy o‘quv-yurtining talabalari sportsevar. Universitet rahbariyati yoshlar sport festivalini o‘tkazish borasida tashabbus bilan chiqishganida, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Muxtaram yurtboshimiz ham yoshlar orasida sportni rivojlantirish, ularni ommaviy tarzda jismoniy tarbiya va sportga jalb etish masalasida oldimizga aniq maqsad va vazifalarni belgilab berganlar. Shunday ekan, kelajakda bu sport tadbirini kengaytirib, uni o‘tkazishni an’anaviy tarzda yo‘lga qo‘yamiz”, – dedi Umid Ahmadjonov.
Mazkur festival mini-futbol, stol tennisi, boks va shaxmat sport turlari bo‘yicha tashkil etildi. Keskin va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, tadbirda futbol bo‘yicha ayollar olimpiya terma jamoasi, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Muhammadqodir Abdullaev, boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari sovrindori O‘tkirbek Haydarov, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bekzod Xidirov, professional boks bo‘yicha “WBS Silver” kamar sohibi Qudratillo Abduqahhorov, stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Saida Mahmudova kabi sportimiz yulduzlarining ishtiroki va ular ijrosida tashkil etilgan master-klass yig‘ilgan muxlislarda bir olam taassurot qoldirdi.
Qolaversa, futbol musobaqasining final bellashuvini jahonning eng yaxshi hakamlaridan biri Ravshan Ermatov boshqarib borgani ham mazkur yoshlar sporti festivali ne chog‘lik yuqori saviyada o‘tkazilganidan dalolatdir.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, argentinalik jahonga mashhur mutaxassis Ektor Kuper festival ishtirokchilarini qutlar ekan, bu kabi tadbirlar ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda beqiyos ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirning badiiy qismida festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun Tohir Sodiqov, Botir Qodirov, Farrux Komilov, Farhod va Shirin, VIA “Marokand” kabi estradamizning yorqin yulduzlari ishtirokida gala-kontsert tashkil etilib, sumalak va halim kabi bahorning an’anaviy taomlari tortiq etildi.
Fikrlar